“Vaqf” xayriya jamoat fondi Click kompaniyasi bilan hamkorlikda musulmonlar uchun farz bo‘lgan va boshqa xayriya to‘lovlarni onlayn tarzda amalga oshirish imkonini taqdim qiladi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi bilan hamkorlik qisqa vaqt ichida Islom dinida musulmonlar uchun farz bo‘lgan va boshqa to‘lovlarni amalga oshirish kabi unikal imkoniyatni mamlakatimizda joriy qilishga yo‘l ochib berdi. Ushbu to‘lovlar tizim foydalanuvchilari tomonidan istalgan paytda va istalgan joydan turib amalga oshirilishi mumkin.
“Vaqf” xayriya fondining taklifiga binoan, to‘lovlar tizimda 3 kategoriyaga ajratilgan:
1.Xayriya
2.Vaqf
3.Zakot, Fitr, Ushr, Fidya
Ushbu kategoriyalar bo‘yicha qabul qilingan pul mablag‘lar “Vaqf” xayriya jamoat fondining maxsus hisob-raqamlariga 3 kategoriya bo‘yicha alohida-alohida joylashtiriladi.
To‘lovlar istalgan paytda mobil telefondan turli interfeyslar orqali amalga oshirilishi mumkin: USSD, “CLICK Uzbekistan” mobil ilovasi yoki Telegram mesenjeri orqali.
1. USSD orqali to‘lash uchun *880*1100# so‘rovi terilishi va yuzaga kelgan menyuda kerakli kategoriya tanlanishi lozim. Shu bilan birga to‘lov bosh USSD-menyudagi (*880#) “To‘lov” bo‘limida “Xayriya” punkti orqali ham amalga oshirilishi mumkin.
2. “CLICK Uzbekistan” mobil ilovasi orqali to‘lash uchun “Oplata na mestax” (“Joylarda to‘lovlar”) bo‘limida “Xayriya” punktini tanlash kerak.
3. @clickuz Telegram-botida ushbu to‘lovlar “To‘lovlar” bo‘limidagi “Xayr-ehson” punktida joriy qilingan.
Qayd etish kerak, fondga kelib tushgan mablag‘lar masjidlar va diniy ta’lim muassasalarining binolarini qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash kabi bir qator ishlar uchun sarflanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Vaqf” xayriya jamoat fondiga “Payme” to‘lov tizimi orqali pul o‘tkazish imkoni taqdim qilingani haqida xabar bergan edik.