VAQF

 

“Vaqf” so‘zi lug‘atlarda “tutib turish”, “to‘xtatish” ma’nolarida keladi. Vaqfning shar’iy ta’rifi borasida turli fikrlar bildirilgan. “Vaqf - narsani Alloh mulki hisobida saqlashdir”. Ya’ni, vaqf qilingan narsa vaqf qiluvchining mulkidan chiqadi va Alloh mulkiga aylanadi. Vaqf qilingan narsadan keladigan foyda vaqf qiluvchi uni vaqf etishda tayinlagan jihatga (masalan, talabalar, musofirlar, kambag‘allar kabi) sarf qilinadi va savobi vaqf qiluvchiga abadiy bo‘ladi. Vaqf qilingan narsa sotilmaydi, hadya qilinmaydi, meros bo‘lmaydi.

O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasida vaqf haqida quyidagi ma’lumotlar keltirilgan:

“Vaqf” so‘zi arabchadan olingan bo‘lib — musulmon mamlakatlarida davlat yoki ayrim shaxslar tomonidan diniy ehtiyoj yoki xayriya ishlari uchun ajratilgan mol-mulk. Vaqfnoma orqali rasmiylashtiriladi. Yer-suv, uy-joy, maktab, masjid, shifoxona va boshqalar vaqf mulki bo‘lishi mumkin. O‘z mulkini vaqfga topshirgan shaxs mazkur mulkka nisbatan egalik huquqini yo‘qotadi. Lekin uning o‘zi yoki oila a’zolari yoxud uchinchi bir shaxs vaqf mulkidan vaqfnomada qayd etilgan maqsadlarda foydalanilayotganligini aniqlash uchun vaqf mulkini boshqarish huquqini saqlab qolishi mumkin. O‘z mulkini vaqf mulki sifatida topshirgan shaxsning farzandlari yoki boshha avlodlari mazkur vaqf mulkidan keladigan daromadlardan nafaqa olib turishi mumkin. Vaqf mulkini shariat qonuni bo‘yicha davlat boshlig‘i yoki qozi nazorat qiladi. Bu tartib Sharqning ba’zi mamlakatlarida hozir ham amalda. 

Vaqfga doir ahkomlar haqidagi bob

Vaqf – aslni ushlab qolib, foydani ko‘pchilik foydalanishi uchun chiqarib qo‘yishdir. Asldan murod – tag-tugi qolishi bilan foydalanish mumkin bo‘lgan narsadir. Hovli-joylar, do‘konlar, mevali bog‘lar va hokazolar kabi. Foydadan murod – o‘sha asldan kelib chiqqan foyda-daromaddir. Meva-cheva, ijara haqi, uy-joyda yashash va shu kabilar.

Vaqfning hukmi – u Islomda mustahab bo‘lgan qurbat, ya’ni ibodatdir. Bunga dalil sahih sunnatdir:

- “Sahihayn”da rivoyat qilinishicha, Umar roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh, Menga Xaybardan bir yer tegdi, men hech qachon undan ko‘ra yaxshiroq molga ega bo‘lgan emasman. Buyuring, uni nima qilay?”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Agar istasangiz, aslini saqlab qolib, (foydasini) sadaqa qiling”, dedilar. Shundan so‘ng Umar uni: sotilmaydi, hadya qilinmaydi, meros qoldirilmaydi, deb sadaqa qildilar. Umar uni faqirlarga, qarindoshlariga, qullarni ozod qilishga, Alloh yo‘lidagilarga, musofirlarga, mehmonlarga deb sadaqa qildilar (Buxoriy (2737) va Muslim (1632) rivoyatlari).

- Imom Muslim “Sahih”ida rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Inson vafot etgach, barcha amallari undan uziladi: faqat uchta amali(dan savob kelib turadi): sadaqai joriyadan, foydalanib turiladigan ilmdan va haqqiga duo qilib turadigan solih farzanddan (Muslim (1631) Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyati).

- Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam as’hoblaridan qay bir kishi qurbi yetgan bo‘lsa, albatta vaqf qilgandi” (Al-mug‘niy: 5/348).

- Qurtubiy rahimahulloh aytadi: “Imomlar o‘rtasida ko‘priklar va masjidlarni (vaqf qilib) ushlash to‘g‘risida xilof yo‘qdir, bundan boshqa narsalarda ixtilof qilganlar” (Kashful-qino’: 4/240).

Vaqf qiluvchi kishi tasarruf qilishga layoqatli, ya’ni, oqil, bolig‘, ozod odam bo‘lishi shart qilinadi, yosh bola, aqlsiz kishi va qulning vaqfi yaroqli bo‘lmaydi.

 

Vaqf quyidagi ikki ishning biri bilan hosil bo‘ladi:

 

  • “Shu joyni vaqf qildim yo uni masjid qildim” deganga o‘xshash vaqfga dalolat qiluvchi so‘z bilan.
  • Odamlarning urfida vaqfga dalolat qiluvchi ish-fe’l bilan. Masalan, hovlisini masjid qilib qo‘yib, unda hammaga namoz o‘qishga izn berganga o‘xshash yoki yer-mulkini qabriston qilib, unga hammaning dafn qilinishiga izn berganga o‘xshash.

 

Vaqf qilish haqidagi lafzlar ikki qismga bo‘linadi:

 

Birinchi qism: Ochiq lafzlar. Vaqf qildim, vaqfga ushladim, foydasini hammaga qildim, (vaqf deb) atadim kabi. Bular ochiq lafzlar bo‘lib, odatda vaqfdan boshqa ma’noga dalolat qilmaydi. Shu lafzlardan birini aytgan bo‘lsa, shu bilan vaqf bo‘lib qolaveradi va yana qo‘shimcha boshqa ishga hojat qolmaydi.

Ikkinchi qism: Kinoya (ya’ni, vaqf ma’nosi tushuniladigan) lafzlar. Masalan, sadaqa qildim, (o‘zimga) harom qildim, abadiylikka qoldirdim deganga o‘xshash so‘zlar. Bu kabi so‘zlarni kinoya deb ataladi. Chunki, ulardan vaqf ma’nosi ham, boshqa ma’no ham tushunilishi mumkin. Ushbu lafzlardan birontasini aytsa, u bilan vaqfni niyat qilgan bo‘lishi ham shart qilinadi. Yoki u bilan birga ochiq vaqfni ifoda etuvchi lafzlardan birontasini qo‘shib aytishi yoki kinoya lafzlaridan yana birontasini qo‘shishi shart qilinadi. Masalan: “Shuncha narsani vaqf qilingan sadaqa qildim yo (o‘zimga) harom qilingan sadaqa qildim yo abadiylikka qoluvchi sadaqa qildim”, deganga o‘xshash yoki “Shuncha narsani sotilmaydigan va meros qo‘yilmaydigan sadaqa qildim” deganga o‘xshash.

 

Vaqf sahih bo‘lishi uchun bir necha shartlar mavjud. Ular quyidagilar:

 

  • Vaqf qo‘yuvchi kishi yuqorida aytilganidek, tasarrufga layoqatli kishi bo‘lishi.
  • Vaqf qo‘yilayotgan narsa asli saqlanib qolgani holda foydasi davomiy bo‘lib turadigan narsa bo‘lishi. Foydalanish bilan tamom bo‘lib qoladigan narsani, masalan, taomni vaqf qilish durust bo‘lmaydi.
  • Vaqf qo‘yilayotgan narsa muayyan narsa bo‘lishi lozim. Muayyan bo‘lmagan (noaniq) narsani vaqf qilish durust bo‘lmaydi. Ya’ni, masalan: “Qullarimdan birini yoki uylarimdan birini vaqf qildim” desa, durust bo‘lmaydi.
  • Vaqf yaxshilik ishlari uchun bo‘lishi. Chunki, undan murod – Alloh taologa qurbat (yaqinlik) hosil qilishdir. Masjidlar, ko‘priklar qilish, ichishga suv chiqarib qo‘yish, ilmiy kitoblar, miskinlar, qarindoshlarga sarflash kabi. Yaxshilik bo‘lmagan ishlarga vaqf qilish durust bo‘lmaydi. Butxonalar, kufr kitoblari, mozorlarga chiroq va shamlar yoqishga yoki shu ishlarni qiluvchi xizmatchilariga (shayxlariga) vaqf qilish kabi. Chunki, bu ishlar ma’siyat, shirk va kufrga yordam berish bo‘ladi.
  • Muayyan kishiga vaqfning yaroqli bo‘lishi uchun o‘sha muayyan shaxs biron mulkka egadorlikka layoqatli shaxs bo‘lishi shart qilinadi. Chunki, vaqf degani mulk qilib berishdir. Mulkka ega bo‘lishga yaroqsiz bo‘lgan mayyitga yoki hayvonga vaqf qilish durust bo‘lmaydi.
  • Vaqf yaroqli bo‘lishi uchun u nihoiy narsa bo‘lishi shartdir. Vaqtinchalik yoki muallaq narsani vaqf qilish joiz emas. Faqat o‘limiga bog‘liq qilsa va: “Men o‘lganimdan so‘ng uyim kambag‘allarga vaqf bo‘lsin”, desa, durust bo‘ladi. Chunki, Umar roziyallohu anhu agar o‘ziga biron kori-hol bo‘lsa, Samg‘ (ya’ni, unga qarashli bir yer) sadaqa bo‘lishiga vasiyat qilganlar (Abu Dovud (2879) rivoyati). Uning shu ishni qilgani mashhur bo‘lgan va hech kim tarafidan inkor qilinmagan. Demak, bu ijmo’ bo‘ldi. O‘limga bog‘liq qilingan vaqf molning uchdan biriga cheklangan bo‘ladi. Chunki, bu vasiyat hukmida bo‘ladi.

Vaqfga doir hukmlardan yana biri shuki, vaqf qo‘yuvchining shartiga – agar shariatga xilof bo‘lmasa – amal qilinishi lozim bo‘ladi. Chunki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Musulmonlar qilgan shartlari ustidadir, haromni halol qilgan, halolni harom qilgan shart bundan mustasno”, deganlar (Abu Dovud (3594) Abu Hurayra roziyallohu anhudan, Termiziy (1352) Amr ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilganlar). Chunki, Umar roziyallohu anhu vaqf qilganlar va bunda shart qo‘yganlar, agar shartiga rioya qilish farz bo‘lmasa edi, shart qo‘yishining foydasi bo‘lmas edi. Agar sharti vaqfining bir miqdoriga cheklangan bo‘lsa yoki ba’zi haqdorlarni boshqa ba’zilaridan muqaddam qilishni shart qilgan bo‘lsa yoki haqdor bo‘luvchida bir sifatning bo‘lishini shart qilgan bo‘lsa yoki aksincha, bir sifatning bo‘lmasligini shart qilgan bo‘lsa, yoki vaqfga nazoratchilikni shart qilgan bo‘lsa va hokazo shartlarni qilgan bo‘lsa, modomiki, Kitobu Sunnatga xilof shart bo‘lmasa, unga amal qilish lozim bo‘ladi.

Agar hech narsani shart qilmagan bo‘lsa, unga haqdor bo‘lishda boy ham, kambag‘al ham, erkak ham, ayol ham barobar bo‘ladi.

Agar vaqfga bir nozirni (qarab turuvchi, nazoratchi) tayin qilmagan bo‘lsa, yoki biron kishini tayin qilgan bo‘lsa-yu, u vafot etib ketsa, vaqfga haqli kishi muayyan shaxs bo‘lsa, nazoratchilik uning zimmasida bo‘ladi. Bordi-yu, vaqf masjidlar kabi biron jihatga bo‘lgan bo‘lsa yoki muayyan sanoqda bo‘lmagan miskinlarga bo‘lgan bo‘lsa, vaqfga nazoratchilik hokimning zimmasida bo‘ladi yoki hokim tarafidan biron kishi unga noib bo‘ladi.

Nozir Allohdan taqvo qilishi va vaqfni chiroyli boshqarishi lozim. Chunki, bu uning zimmasiga yuklangan omonatdir.

Agar bolalariga vaqf qilgan bo‘lsa, unga o‘g‘il-qizlar barchasi birdek haqli bo‘ladilar. Chunki, ularni unga sherik qilib qoldirdi. Mutlaq sheriklik esa unda barcha barobar haqli bo‘lishni taqozo qiladi. Shuningdek, biron narsani bolalariga, ulardan so‘ng o‘zining keyingi pushtlariga deb vaqf qilsa, vaqf o‘g‘illarining farzandlariga o‘tadi, qizlarining farzandlariga emas. Chunki, ular boshqa bir erkakning pushtlaridir va o‘z otalariga nisbatlanadilar, ular Alloh taoloning: «Alloh farzandlaringizga (tegishli me­ros) haqida... amr qilur (Niso: 11) oyati ostiga kirmaydilar. Ba’zi ulamolar ular ham farzandlar qatoriga kirishini aytganlar, chunki qizlar ham uning avlodlari, qizlarining bolalari ham uning avlodlari bo‘ladi, deganlar. Vallohu a’lam.

Agar: “Bolalarimga – yoki falonchining bolalariga – vaqf” degan bo‘lsa, vaqf o‘g‘il farzandlarga xos bo‘ladi. Chunki, bolalar (بنين) deganda o‘g‘il bolalar tushuniladi. Alloh taolo aytganidek: «(Ey mushrik­lar), balki qizlar (البنات) U zotniki-yu, o‘g‘illar (البنون) sizlarnikidir?!»(Vat-tur: 39). Ammo, agar vaqfga ega bo‘luvchilar bir qabila bo‘lsa, Banu Hoshim (Hoshim bolalari), Banu Tamim (Tamim bolalari) kabi, ayollar ham ular ichiga kiradi. Chunki, qabila ismi uning ichidagi erkaklaru ayollarni o‘z ichiga oladi.

Lekin, agar sanog‘i chekli bir jamoatga vaqf qilgan bo‘lsa, ularning hammasini unga barobar sherik qilish lozim bo‘ladi. Agar sanog‘i chekli bo‘lmasa, Banu Hoshim, Banu Tamim kabi, ularning barchasini barobar haqli qilish farz bo‘lmaydi, balki uni ba’zilariga cheklash va ba’zilarini ba’zilaridan loyiqroq qilish joiz bo‘ladi.

Vaqf lafzning o‘zi bilanoq lozim bo‘luvchi aqddir, uni buzish joiz bo‘lmaydi. Chunki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Uning asli sotilmaydi, hadya qilinmaydi, meros qoldirilmaydi”, deganlar (Buxoriy (2764) va Muslim (1632) Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilganlar). Imom Termiziy so‘zlariga ko‘ra, ahli ilmlar nazdida, amal mana shu hadisgadir, uni buzish joiz emas, chunki u abadiy vaqfdir.

Sotilmaydi, o‘rnidan ko‘chirilmaydi, faqat butkul foydalanib bo‘lmas darajaga yetgan bo‘lsa, ya’ni, masalan, hovli-joy vayron bo‘lib, vaqfning foydasidan uni tuzatish imkoni bo‘lmasa, yoki ekin maydoni qurib, o‘lik holga kelib qolgan bo‘lsa va vaqfning foydasidan uni obod qilish imkoni bo‘lmasa, u holda vaqfni sotiladi va pulini uning misliga (ya’ni, ayni o‘ziga o‘xshagan bir narsani sotib olishga) ishlatiladi. Chunki, shu narsa vaqf qo‘yuvchining maqsadiga yaqin ish bo‘ladi. Agar to‘laligicha o‘ziga o‘xshash narsa bo‘lishi imkonsiz bo‘lsa, mislining bir qismiga ishlatish ham joiz. U holda o‘sha o‘rniga sotib olingan narsa sotib olinganidan boshlab vaqf bo‘lib qoladi.

Agar vaqf masjid bo‘lsa-yu, ishlamayotgan va o‘z o‘rnida foydalanilmayotgan bo‘lsa, ya’ni, masalan, masjid joylashgan mahalla buzilgan bo‘lsa, uni sotilib, pulini boshqa masjidga ishlatiladi. Agar bir masjidning vaqfidan tushgan foydasi o‘z hojatlaridan ortiqcha bo‘lsa, ortiqchasini boshqa masjidga ishlatish joizdir. Chunki, bu uni vaqf qo‘yilgan maqsadda ishlatish bo‘ladi. Bir masjidning vaqfidan kelgan foydaning ortiqchasini miskinlarga sadaqa qilish ham joiz bo‘ladi.

Agar bir muayyan shaxsga vaqf qo‘ygan bo‘lsa, masalan: “Bu Zaydga vaqfdir, undan Zaydga har yili yuzta (...) berib turiladi”, degan bo‘lsa, vaqfning foydasidan yuztadan ortganini saqlab qo‘yiladi. Shayxulislom Ibn Taymiya rahimahulloh so‘zlariga ko‘ra, foydasi doim ortiqcha bo‘lishi aniq bo‘lsa, uni sarf qilinadi (Al-fataval-kubro: 4/514).

Agar masjidga vaqf qilgan bo‘lsa-yu, masjid buzilib ketib, unga vaqfdan sarflash mumkin bo‘lmay qolsa, uni o‘ziga o‘xshagan boshqa masjidlarga ishlatiladi.