RAMAZONDA HAMKORLIK DAVOM ETMOQDA

Mehr va muruvvat oyi boʻlgan Ramazonda yurtimizning koʻplab saxovatli tadbirkorlari qatori bir qator musulmon davlatlari, Xalqaro tashkilotlari ham mamlakatimizda umrguzaronlik qilayotgan kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalarga xayr-ehsonlar ajratib, koʻpchilikning duosini olmoqda.

Xususan, 26-mart – Ramazon oyining 16-kunida Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) tomonidan “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 1000 dona oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat boʻlgan qutilar topshirildi. Bu jarayonda Turkiyaning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar, TIKAning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Ali Riza Tezchan, “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruv rahbari Isoxon Abdullayev va fondning xalqaro aloqalarni rivojlantirish boʻyicha mutaxassisi Mirjalol Qosimov ishtirok etdi.

– Agentligimiz Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi bilan koʻp yillardan buyon hamkorlik qilib keladi, – deydi Ali Riza Tezchan. – Ramazon oyida amalga oshirayotgan bu ishlarimizdan maqsad esa yordamga muhtoj, ehtiyojmand koʻplab oilalarga xursandchilik ulashish, ularga bayram nafasini berishdan iboratdir.

Shu kuniyoq xayr-ehson qutilari respublika boʻylab tarqatilib, oʻz egalariga yetib borishi yoʻlidagi saʼy-harakatlar boshlandi.

RAMAZONDA HAMKORLIK DAVOM ETMOQDA
28 Mart, 2024 yil | 165