ISTIQLOL BAYRAMI ARAFASIDA KOʻPLAB OILALARGA XURSANDCHILIK KIRIB BORMOQDA

Avgust oyi yakuniga yetayotgan shu kunlarda joylarda davlatimiz mustaqilligining 33 yilligini keng nishonlash va yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik koʻrish ishlari davom etmoqda. Hududlarda obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilyapti.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi va uning filiallarida istiqlol bayramini keng nishonlash, xalqimizga koʻtarinki bayram kayfiyati ulashish maqsadida ziyoratgohlarda obodonlashtirish ishlari koʻlami kengaytirildi. Kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilalar farzandlariga maktab formalari, oʻquv qurollari va sumkalari olib berilyapti.

Xususan, “Vaqf” hayriya jamoat fondining Qoraqalpogʻiston Respublikasi filiali tomonidan homiylarni jalb qilgan holda yaqinlashib kelayotgan mustaqillik bayrami va yangi oʻquv yili boshlanishi arafasida 250 nafar kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlariga maktab formalari, oʻquv qurollari va sumkalar xayriya tariqasida tarqatildi.

Bunday tadbirlar fondning Toshkent viloyati filiali tomonidan ham tashkil etilib, Zangiota tumani “Eski qala” MFYda 130 nafar kam taʼminlangan, boquvchisini yuqotgan oilalar farzandlariga maktab formasi, sumka va oʻquv qurollari topshirildi.

Xorazm viloyatida boquvchisi yoʻq, mehrga muhtoj 57 ta oilaning 164 nafar farzandi ham istiqlol ayyomini koʻtarinki kayfiyatda, shodu hurramlikni kutib oladigan boʻlishdi. Ularga homiylar tomonidan kiyim-kechak, oʻquv qurollari hadya qilinib, bayram dasturxoni yozildi.

Fondning Sirdaryo viloyati filiali va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi bilan hamkorlikda, homiylarni jalb qilgan holda tashkil etilgan xayriya tadbirida ham 100 nafar kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlariga maktab formalari va oʻquv qurollari bilan toʻldirilgan sumkalar tarqatildi.

Ana shunday tadbir fondning Jizzax viloyat filiali tomonidan ham oʻtkazilib, mustaqillik bayrami hamda yangi oʻquv yili boshlanishi arafasida 150 nafar ehtiyojmand oilalar farzandlariga oʻquv qurollari va sumkalar xayriya qilindi.

Fondning Navoiy viloyati filiali tomonidan boquvchisini yoʻqotgan oila farzandlarining 120 nafariga oʻquv qurollari, sumkalar, maktab formalari hamda oyoq kiyimlari topshirilgan boʻlsa, Andijon va Namangan viloyatlari filialining xayrli amallari tufayli 200 dan oshiq ehtiyojmand oilalarning farzandlari maktab sumkasi, oʻquv qurollari va formali boʻlishdi.

Bunday tadbirlar “Vaqf” xayriya jamoat fondi jamoasining viloyatlarga qilgan xayriya karvonlari safarida ham hamjihatlikda amalga oshirilib, boquvchisini yoʻqotgan, kam taʼminlangan, nogironligi bor oilalarda voyaga yetayotgan 15 mingdan ortiq bolalarga maktab formalari va oʻquv qurollari ehson qilindi.

ISTIQLOL BAYRAMI ARAFASIDA KOʻPLAB OILALARGA XURSANDCHILIK KIRIB BORMOQDA
30 Avgust, 2024 yil | 113