“VAQF” FONDINING KЕLGUSI FAOLIYATIGA DOIR MUHIM VAZIFALAR BЕLGILANDI

Shu yil 22 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisligida “Vaqf” xayriya jamoat fondi Vasiylik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda fondning o‘tgan yildagi ish faoliyati hisoboti, xayriya ishlari ko‘lami va kelgusidagi istiqbolli dasturlari ko‘rib chiqildi.

 

So‘zga chiqqan notiqlar fond tomonidan kam ta’minlanganlarni qo‘llab-quvvatlash, xususan, kambag‘al oilalar farzandlarini kasb-hunarga o‘rgatish, bemorlarni davolash, nogironlarni reabilitatsiya qilish, o‘quv yurtlarida o‘qiyotganlarning to‘lovlarini qoplash va yordamga muhtoj insonlarga oziq-ovqat, kiyim-kechak, maishiy texnikalar ulashish borasida qilingan salmoqli ishlarni yuqori baholadilar.

 

Ayniqsa, turar joyga ehtiyoji bo‘lgan fuqarolarga to‘liq jihozlangan uylar qurib berilgani, hududlarda ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan oilalar uchun bolalar bog‘chasi, tikuv, qandolat sexlari, sartaroshxona, nonvoyxona va o‘quv markazlari foydalanishga topshirilgani, bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgani, yordamga muhtoj oila farzandlariga o‘quv qurollari tarqatilgani va chekka hududlarda quduq qazib, suv chiqarish ishlari amalga oshirilgani hamda o‘quv markazlari, tibbiyot muassasalari va xorijiy hamkorlar bilan aloqalar ham e’tirof etildi.

 

Shuningdek, fond oldida turgan muhim vazifalar, 2025 yil uchun daromad va xarajatlar smetasi, ishlar rejasi va istiqbolli dasturlar loyihalari yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan muhokama qilindi.

 

 Muftiy hazratlari fondning kelgusi faoliyatida ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish, mehr-muruvvat tadbirlari salmog‘ini oshirish va Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda xayriya loyihalarini rivojlantirish kabilarni ta’kidladilar. 

 

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov fond faoliyatini ommalashtirish, ko‘chmas mol-mulklardan samarali foydalanish, xorijiy ilg‘or tajribalarni o‘rganish va mablag‘lar aylanmasida shaffoflikni ta’minlash kabilarga urg‘u qaratdi.

 Yig‘ilishda tegishli qarorlar qabul qilindi.

“VAQF” FONDINING KЕLGUSI FAOLIYATIGA DOIR MUHIM VAZIFALAR BЕLGILANDI
23 Yanvar, 2025 yil | 16