Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan homiylarni jalb qilgan holda bir qancha xayriya ishlari amalga oshirildi. 2024-yil davomida fond va homiylik mablagʻlari hisobidan oʻtgan yilga solishtirganda 138 foizga koʻproq xayriyalar amalga oshirildi.
Jumladan, fondning “Yetim, miskin va boquvchisini yoʻqotgan oilalarga oziq-ovqat, moddiy yordam” yoʻnalishida 2024-yil davomida respublikamizning chekka hududlarida istiqomat qiluvchi jami 11230 ta oilaga oziq-ovqat, kiyim-kechak, maishiy texnika, koʻmir va boshqa natura koʻrinishdagi mahsulotlari xayriya qilindi. 292 ta oilaga 292 dona tikuv mashinasi xayriya qilindi.
Fondning “Uysiz yetim va miskinlarga uy olib berish, taʼmirlash” yoʻnalishida uyga muhtoj, yetim-miskin 65 ta oilaga homiylar koʻmagida toʻliq jihozlangan uy olib berildi.
Fondning “Qoʻlingizni bering yaxshilar” – yetim va miskinlarga uylar qurib berish yoʻnalishida Toshkent viloyati Boʻka tumanida ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan oilalar farzandlari uchun bogʻcha, 50 oʻrinli tikuv sexi, qandolat sexi, sartaroshxona, nonvoyxona va oʻquv markazlari tantanali ravishda topshirildi. 150 dan ortiq ish oʻrni tashkil etildi.
Fondning “Bemorlarga moddiy yordam va davolash. (Miskin va yetimlar)” yoʻnalishida jami 1200 ta voyaga yetmagan bolalar bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Tibbiy koʻrik va davolash ishlarini olib borish uchun 50 dan ortiq klinikalar bilan hamkorlik oʻrnatildi. Jarrohlik amaliyotini oʻtkazish va davolanishi, nogironligi boʻlgan shaxslarga sogʻliklarini tiklashi, tibbiy jihozlar uchun jami 1621 nafar fuqaroga moddiy yordam koʻrsatildi.
Toshkent shahar onkologiya markazining bolalar onkologiyasi boʻlimida, Toshkent shahridagi 4 ta maxsus maktab internati va muruvvat uylarida 480 nafar bemor bolalar uchun bayram dasturxoni yozildi, shirinliklar, kiyim kechaklar, kitoblar va boshqa sovgʻalar tarqatildi.
Fondning “Kambagʻal va yetimlarni kasb-hunarga oʻrgatish va asbob-uskunalar olib berish” yoʻnalishida respublikamizning 12 ta viloyatida 70 ta oʻquv markazi bilan anglashuv memorandumi, hamkorlik shartnomalari tuzilib, boquvchisini yoʻqotgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 1500 nafarga yaqin farzandlari bepul oʻquv kurslariga jalb qilindi. 370 nafardan oshiq beva ayollar kasb-hunarga oʻrgatilib, ish bilan taʼminlandi.
Shu davrda kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilalarning 20 ming nafardan ortiq farzandiga maktab formalari, oʻquv qurollari va sumkalar, oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Yetim, miskin, boquvchisini yoʻqotgan oila farzandlariga 617 mln soʻmlik kitob olib berildi.
Fondning “Quduq qazib chiqarish va yoʻllarni taʼmirlash” yoʻnalishida hisobot davrida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand, Qashqadaryo, Jizzax, Xorazm va Toshkent viloyatida quduq qazib suv chiqarildi.
“Talaba va oʻquvchilarga moddiy yordam” yoʻnalishida homiylarni jalb qilgan holda, Xorazm viloyati Imom Faxriddin Ar-roziy oʻrta maxsus islom bilim yurti talabalarining kontrakt toʻlovi hamda xarajatlari uchun 40 mln., Xadichai Kubro ayol-qizlar oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi oʻquvchilari uchun 33 mln. 248 ming soʻm pul mablagʻi hisob raqamiga va plastik kartalariga oʻtkazildi. Diniy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari professor-oʻqituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari, oʻquvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash uchun 754 mln. soʻm ajratildi.
Diniy taʼlim muassasalari talabalari uchun “Fiqh va aqidaga oid ixtilofli masalalar yechimi” nomli kitobini 2500 dona nashr ettirish uchun 65 mln soʻm mablagʻ sarflandi.
Fondning “Masjidlarga yordam, ilm ahliga koʻmak” yoʻnalishida masjidlar va diniy taʼlim muassasalarining binolarini qurish, taʼmirlash, rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun 455 mln. soʻm ajratildi. Imom-xatiblar, imom noiblari, mutavallilar, muazzinlarni moddiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash uchun 515 mln. soʻm moddiy yordam sifatida berildi.
Hisobot yilida Saudiya Arabistoni podshohligi, Turkiya, Qatar, BAA, Quvayt davlatlari bilan hamkorlik ishlari yaxshi yoʻlga qoʻyilib, amaliy ishlar bajarildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan 2024-yil davomida koʻplab xayriya tadbirlari va ezgu ishlari respublika va viloyat televideniyelarida, fondning oʻz sayti va boshqa saytlar hamda ijtimoiy tarmoqlarida, radio va bosma nashrlarda yoritib borildi. Jumladan, fondning vaqf.uz sayti va boshqa saytlarda 244 ta material joylashtirildi. Facebook sahifasida 65 ta post joylandi. Shuningdek, fondning instagram sahifasida 408 ta publikatsiya, telegaram tarmogʻida 333 ta post, videorolik va xabarlar joylandi. Respublika va viloyat televideniyelarida fond faoliyatiga oid 31 ta material namoyish etildi.
2024-yil Ramazon oyi munosabati bilan fondning hududiy filiallari tomonidan viloyat va tuman hokimliklari, Oʻzbekiston musulmonlari idorasining joylardagi vakilliklari hamkorligida respublikamizning turli hududlarida istiqomat qilib kelayotgan ijtimoiy koʻmakka muhtoj 72 ming nafardan ortiq roʻzadorlarga iftorlik dasturxonlari yozildi. Oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Qurbon hayiti kunlari fond va uning hududlardagi filiallari tomonidan jami 195 ta qoʻy, 16 ta qoramol, 3 ta tuya qurbonlik qilindi. Qurbonlik goʻshtlari kam taʼminlagan, boquvchisi yoʻq oilalar, yolgʻiz keksalar, nogironi bor xonadonlar, diniy taʼlim muassasalari, “Mehribonlik”, “Muruvvat” va “Saxovat” uylariga tarqatildi.