Ijtimoiy tarmoqlardagi noto'g'ri xabarlarga munosabat

Bugun O'zbekistonda ro'y berayotgan o'zgarishlar, yangilanishlar nafaqat yurtimiz odamlarini, balki uzoqlardagi barcha do'stu yorlarimizni xursand qilmoqda.

Davlatimiz Rahbarining 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmonlari asosida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etildi. O'tgan vaqt mobaynida Fond tomonidan juda ko'p xayriya tadbirlari o'tkazildi, yordamga muhtoj oilalarga moddiy ko'maklar berildi, nogironligi bor shaxslarga aravachalar tarqatildi va talabalarning o'quv kontraktlari to'lab berildi. Bunday xayriya ishlari jadal davom ettirilmoqda.

Shu kunlarda ba'zi bir ijtimoiy tarmoqlarda “Vaqf” xayriya jamoat fondi haqida asossiz gaplar tarqaldi. 

Fond faoliyati bilan tanish bo'lmagan va uning shaffoflik mexanizmlaridan xabari yo'q ba'zi insonlarning uning faoliyatiga nisbatan o'rinsiz ayblovlarni bildirishi mumkin.


Fond faoliyati vaqf.uz saytida yaratilgan elektron hisoblash tizimi orqali jamoatchilikka yaqqol ko'rinib turadi. Unda bir kun, bir hafta hattoki bir oy mobaynida kelib tushgan mablag'lar haqida hisobot onlayn rejimda namoyon bo'ladi. Shuningdek, Fond faoliyatini mustaqil kuzatuvchilardan iborat maxsus hay'at tomonidan nazorat qilib boriladi.


Fond faoliyatining doimiy ravishda yoritilishi orqali qancha mablag' qaysi yo'nalishda sarflangani, kimlarga qancha miqdorda moddiy ko'mak ko'rsatilgani haqida ma'lumotlar sayt va telegram kanallari orqali berib borilmoqda.

Fond rahbari tomonidan har chorakda matbuot anjumani uyushtirilgan holda jamoatchilik va OAV vakillariga hisobot berib borish tizimi esa faoliyatni tahlil qilishda qo'l kelmoqda. Hatto Fond faoliyati hisoboti Saudiya Arabistoni shaharlarida ham amalga oshirildi.

Fond tomonidan ziyoratgohlardan kelib tushadigan mablag'lar inkassatsiya xizmatlari xodimlari tomonidan qabul qilinib bankka topshiriladi, so'ng o'rnatilgan tartibga asosan taqsimlangan holda ehtiyojlar uchun yo'naltiriladi.

Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda biryoqlama, assosiz yondashuvlarni tarqatishdan ko'zlangan maqsad odamlarni haqiqiy holatdan chalg'itish, ularda ishonchsizlik uyg'otish, yuz yildan keyin qayta tiklangan buyuk islomiy qadriyatni yana yo'q qilishdan iboratdir.
Boshqa qator ishlarda bo'lgani kabi din sohasidagi ishlarning bosh tashabbuskori muhtaram Prezidentimiz ekani bunday kimsalarni qattiq sarosimaga solmoqda. Ayniqsa, avvallari nomini ham aytishga kishi cho'chiydigan, islomiy qadriyat bo'lgan “Vaqf” xayriya jamoat fondinini Davlatimiz rahbari tomonidan tashkil etilishi, kutilmagan tashabbuslar qilinishi, islohotlar amalda o'z ifodasini topayotgani bunday kimsalarni esankiratib qo'ydi. 

Inson dunyoga mukkasidan ketib, oxiratini unutib, har ishga qo'l urmasligi kerak. Alloh taolo Qur'oni karimda: “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko'ringiz, bilmay bir qavmga musibat yetkazib qo'yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo'lmangiz”, deb ogohlantirgan (Hujurot, 6). Ibn Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Yolg'on guvohlik beruvchining ikki oyog'i qo'zg'almay turib, Alloh unga do'zaxni vojib qiladi”, deganlarini bayon etdi.
Aziz yurtdoshlar, har bir mo'min-musulmon kishi bunday yolg'on-yashiqlarga, mish-mish gaplarga uchmasligi, fitnalardan ogoh bo'lishi darkor. Nabiy alayhissalom muborak hadislarida: “Kishining yolg'onchiligiga har bir eshitganini gapiraverishi kifoya qiladi”, deb aytganlar.

Xulosa o'rnida aytish joizki, ushbu yolg'on xabar nafaqat jurnalistik odob-axloq me'yorlari, balki insoniylik tamoyillariga ham umuman to'g'ri kelmaydi. Aniq axborot olish, uni to'g'ri yetkaza bilish bugungi kun jurnalistining shiori bo'lishi kerak. Aks holda, uni o'quvchining o'zi elakdan o'tkazib qo'yishi turgan gap. 

Alloh taolo hammamizga insofi tavfiq bersin.

 

 “Vaqf” xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati
vaqf.uz

25 Mart, 2019 yil | 532