Fitr

Fitr sadaqasi (sadaqai fitr) Ramazondan fitrga (og‘iz ochiqligiga) chiqish munosabati bilan berilgani uchun ham shunday nom olgan. Sadaqai fitr ikkinchi hijriy sanada joriy qilingan. Boshqa sadaqalar moldan qilinsa, bu sadaqa kishi boshidan qilinadi. “Fitr sadaqasi” va “fitr zakoti” hamda “sadaqa” va “zakot” so‘zlari bir-birining o‘rniga ishlatilaveradi. Hanafiy mazhabida sadaqai fitr vojib hisoblanadi.

Fitr sadaqasining shariatga kiritilishiga quyidagi hadislar dalildir:

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fitr zakotini ro‘zador uchun behuda gap-so‘z va harakatlardan poklanish hamda miskinlar uchun taomlanish bo‘lishi uchun farz qildilar. Kim uni namozdan oldin ado qilsa, u maqbul zakot bo‘lur. Kim uni namozdan keyin ado qilsa, sadaqalardan biri bo‘lur”. Abu Dovud, Ibn Moja va Hokim rivoyat qilishgan va Hokim sahih degan.

Ushbu rivoyatdagi “namoz”dan murod iyd namozidir. Sadaqai fitrni iyd namozidan oldin berish lozim ekanini shu hadisdan bilib olamiz.

Ushbu sadaqa nima uchun shariatimizda joriy qilinganining sababi, hikmati ushbu rivoyatdan ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Sadaqai fitr ro‘zador uchun behuda gap-so‘z va harakatlardan poklanish, miskinlar uchun esa taomlanish bo‘lishi uchun joriy qilingan.

Ro‘zador odam Ramazon oyida ro‘za tutar ekan, gohida og‘zidan bilib-bilmay turli gap-so‘zlar chiqib ketgan bo‘lishi, shuningdek, ba’zi nojoiz amallarni qilib qo‘yib, shu sababdan ko‘ngli g‘ash bo‘lib yurishi mumkin. Ana shunday g‘ashliklarni yuvib yuborish uchun sadaqai fitr joriy qilingan.

Sadaqai fitr bug‘doy va undan olinadigan narsalardan hamda mayizdan yarim so’ beriladi. Xurmo yoki arpadan bir so’ beriladi. Bug‘doydan ikki mun bersa ham bo‘ladi.

Bu hukmlar quyidagi rivoyatlardan olingan:

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fitr zakotini xurmodan bir so’, arpadan bir so’ miqdorida musulmonlardan qulga ham, hurga ham, erga ham, ayolga ham, kichikka ham, kattaga ham farz qildilar. Uni odamlar namozga chiqishidan oldin ado etishga amr qildilar”. Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy rivoyat qilishgan.

Bir so’ qancha bo‘ladi? Aslida so’ idish bo‘lib, g‘alla va shunga o‘xshagan narsalar shu idish bilan o‘lchangan. Keyin og‘irlik o‘lchovlari chiqqanda unga solishtirilgan. Imom Shofe’iy va Hijoz faqihlari nazdida bir so’ 2751 gramm, Abu Hanifa va Iroq faqihlari e’tiborida esa 3800 grammga teng.

Fitr sadaqasini xurmo va arpadan bir so’dan berishga hamma mazhab va ulamolar ittifoq qilishgan.

Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zamonlarida uni (fitr sadaqasini) yegulikdan bir so’ yoki xurmodan bir so’ yoki arpadan bir so’ yoki mayizdan bir so’ yoki qurutdan bir so’ berar edik. Muoviya kelib, bug‘doyga o‘tilganda: «Menimcha, manavining bir muddi ikki muddga teng keladi”, dedi». Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy rivoyat qilishgan.

Boshqa bir rivoyatda bunday deyilgan: “Muoviya haj yoki umra qilib kelganda va odamlarga minbarda turib gapirganda: «Menimcha, Shomning ikki mudd bug‘doyi bir so’ xurmoga teng keladi”, dedi. Odamlar shu gapni ushlashdi. Abu Sa’id: “Ammo men oldinlari qanday bo‘lsa, shunday chiqarishda davom etmoqdaman”, dedi».

Abu Sa’id roziyallohu anhu avval sadaqai fitr taomdan bir so’ bo‘lishini aytib turib, keyin uning turlarini – xurmo, arpa, mayiz va qurut, deb batafsil aytganlar.

O‘sha vaqtda Hijozda bug‘doy kam iste’mol qilingan, deyarli bo‘lmagan. Shuning uchun u yerda keng tarqalgan to‘rt xil taomning zikri kelgan. Keyinchalik bug‘doy o‘sadigan joylar ham musulmon yurtlarga aylanganidan keyin u Hijoz diyorida ham tarqalgan. Bug‘doyning qiymati ustun bo‘lgani, unga talab kuchli ekani uchun uning yarim so’i boshqa yeguliklarning bir so’iga teng qilingan.

“Mudd” ham og‘irlik o‘lchovi bo‘lib, to‘rt mudd bir so’ bo‘ladi. Bu gapni xalifa Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu Shomdan Hijozga haj yoki umra qilib kelganda eslatgan ekan. Shunda odamlar uning gapini olib, bug‘doydan yarim so’ miqdorida sadaqai fitr berishga o‘tishgan ekan. Ammo Abu Sa’id roziyallohu anhuning bunga ko‘ngillari bo‘lmay, bir so’ berishda davom etishni ma’qul ko‘rgan ekanlar.

Hasan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ibn Abbos Ramazonning oxirida Basraning minbarida xutba qilib: «Ro‘zaning sadaqasini chiqaringlar”, dedi. Odamlar hech narsa bilmagandek turaverishdi. Shunda u: “Bu yerda Madina ahlidan kim bor? Turinglar, birodarlaringizga o‘rgatinglar, ular bilishmas ekan! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu sadaqani xurmo va arpadan bir so’dan, bug‘doydan yarim so’dan har bir huru qulga, eru ayolga, kichigu kattaga farz qilganlar”, dedi. Aliy kelganda narxning arzonligini ko‘rib, “Alloh sizlarga (rizqni) keng qilib qo‘yibdi. Har narsadan bir so’ (sadaqa) qilsangiz, yaxshi bo‘lardi”, dedi». Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilishgan.