"Silai rahmning foydalari"

 Silai rahm Alloh taolo bandalariga farz qilgan eng ulug' amallardan biri hisoblanadi. Avvalo ushbu so'zni kelib chiqishiga nazar soladigan bo'lsak, "sila" so'zi bog'lash-ulash ma'nosini anglatadi, "rahm" esa bachadon so'zining arabcha ko'rinishidir. Ushbi ikki so'zning jamlanishidan silai rahm so'zi kelib chiqqan. Bu esa qarindoshlar bilan aloqalarni bog'lash degan iboraga aylangan.

Insonlarga ota-onasi hamda farzandlaridan keyin yaxshilik qilishlari va aloqa o'rnatishlari vojib bo'lganlar bu qarindoshlar hisoblanadi.

Bu borasida ko'plab hadis va oyatlar vorid bo'lgan.

Alloh taolo marhamat qiladi:

وَآتِ ذَا الْقُرْبَىٰ حَقَّهُ وَالْمِسْكِينَ وَابْنَ السَّبِيلِ وَلَا تُبَذِّرْ تَبْذِيرًا

"Qarindoshga haqqini ber! Miskinga va ko'chada qolganga ham. Isrofgarchilikka mutlaqo yo'l qo'yma".

(Isro surasi 26-oyat)

Alloh taolo Nahl surasining 90-oyatida:

إِنَّ اللَّهَ يَأْمُرُ بِالْعَدْلِ وَالْإِحْسَانِ وَإِيتَاءِ ذِي الْقُرْبَىٰ وَيَنْهَىٰ عَنِ الْفَحْشَاءِ وَالْمُنكَرِ وَالْبَغْيِ ۚ يَعِظُكُمْ لَعَلَّكُمْ تَذَكَّرُونَ

"Albatta, Alloh adolatga, ehsonga, qarindoshlarga yaxshilik qilishga amr etadir va fahshu munkar hamda zulmkorlikdan qaytarur. U sizlarga va'z qilur. Shoyadki, eslasangiz", degan.


Oyati karimalarning ma'nolaridan ko'rinib turibtiki silayi rahm vojib amaldir. Uni bog'lagan insonlarga ulug' ajr savoblar, hamda silai rahmni uzuvchisiga ulkan gunoh va malomatlar bordir. Silai rahm ham boshqa farz ibodatlari kabi insonga har tomonlama foydalar olib keladi. Masalan, ro'zamiz ham Allohni rozi qiladi va tanamiz uchun ham juda ko'p foydalar keltiradi. Silai rahm ham insonga ham ma'nan, ham jismonan foydalidir. Zero, Alloh taolo hech bir amrni bandalarga behikmat buyurmaydi.

Silai rahmning foydalari:

  1. Insonning rizqini ko'paytiradi

عن أنس - رضي الله عنه - قال: قال رسول الله - صلى الله عليه وسلم -:((مَن أحبَّ أن يُبسط له في رزقه، ويُنسأ له في أثره، فليَصل رحِمه))؛ متفق عليه

 Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim rizqining keng qilib berilishini yoki ajalining kechga surilishini xohlasa, silai rahm qilsin", dedilar".

(Muttafaqun alayhi rivoyati)

 Duynodagi foydasi: rizqi ko'p, hamma narsasi to'kin sochin bo'lgan insonda hotirjamlik deb ataluvchi ne'mat bo'ladi.

 

  1. Atrofdagi insonlarning adovatini daf qiladi

 

Chunki silai rahm orqali insonlar o'zaro mehr-muhabbatli bo'ladilar.insonlar orasidan mehr va oqibat kabi go'zal hislar o'zaro munosabatlarni ham yaxshilaydi va natijada insonlar bir-birlariga adovat ko'zi bilan emas, balki shafqat ko'zi ila qaray boshlaydilar.

 

  1. Umrni uzun va barakali qiladi

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim rizqining keng qilib berilishini yoki ajalining kechga surilishini xohlasa, silai rahm qilsin", dedilar".

(Muttafaqun alayhi rivoyati)

Ushbu hadisi sharifda Payg'ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam  ajalining kechga surilishini xohlasa, silai rahm qilsin, deb marhamat qildilar, ushbu hadisni sharhida silai rahm umrning ma'nan ziyoda bo'lishiga sabab bo'lishi aytilgan. Ya'ni silayi rahm qilgan odamning umri barakali bo'ladi, oz muddat ichida ko'plab xayrli amallar bajarishga qodir bo'ladi, deb aytilgan. Zero haqiqiy ixlosli musulmon uchun umrning yaxshi va savobli amallari uzun bo'lishidan ko'ra, ibodat va taqvoga to'la barakotli bo'lishi muhimdir.

 

  1. Alloh taoloni rozi qiladi

 

قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: إن الرحم شجنة من الرحمن ، فقال الله : من وصلك وصلته ، ومن قطعك قطعتله. رواه البخاري

"Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Rahm Rohmandan olingandir. Bas, Alloh "seni kim uzsa, Men ham uni uzaman. Kim seni bog'lasa, Men ham bog'layman", dedi", dedilar".

(Imom Buxoriy rivoyati)

 

  1. Silayi rahm sohibini Alloh taolo va boshqa insonlar yaxshi ko'radi.

 

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim Robbisidan taqvo qilsa, silai rahm qilsa, ajali kechga suriladi, moli ko'payadi va ahli uni yaxshi ko'radi", dedilar".

(Buxoriy rivoyati)

Silai rahmning foydalari va unga beriladigan ulug' savoblarni zikr qilgach, ushbu ulug' amallarni tar etgan, uni pisand qilmaganlarning oqibati haqida ham biroz so'z yuritishni lozim deb bildik.

 Silai rahm Alloh taoloni rozi qiluvchi, umrni uzun rizqni barakali qilishi bilan birgalikda uni uzgan insonlarga yomon oqibatni ham olib keladi. Hadisi shariflarda silayi rahmni uzgan inson haqida juda ham og'ir so'zlar aytilgan, hattoki bir qavm bo'lsayu, ichida bittagina silayi rahmni uzgan inson bo'lsa, butun qavm yaxshilikdan mosuvo bo'lishi aytilgan.

 

Silayi rahmni uzuvchi kimsa haqida Rosulloh sollallohu alayhi vasallamdan quyidagi hadis void bo'lgan

 

عن جُبير بن مطعم قال قال النبي صلى الله عليه وسلم: لا يدخل الجنَّةَ قاطع رحمٍ

Jubayr ibn Mut'im roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

"Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Qarindoshlik aloqasini uzuvchi jannatga kirmaydi", dedilar".

 (Buxoriy rivoyati)

Abdulloh ibn Abu Avfodan rivoyat qilinadi: "Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Albatta, ichida silai rahmni uzuvchi kimsa bor qavmga rahmat tushmaydi", dedilar".

(Buxoriy rivoyati)

Ma'lumki, insonga bu dunyoda biror sinov berilsa, ushbu sinovga chiroyli sabr qilsa ma'lum bir gunohlari kafforot o'laroq yuvib yuboriladi, oxiratda yan qaytadan ushbu gunohlariga jazo olmaydi. Ammo silayi rahmni uzish shunchalik katta va uqubati og'ir gunohki, uni uzgan inson bu dunyoda yaxshiliklardan mahrum qilinib, Alloh taoloning g'azabiga duchor bo'lishi bilan bir qatorda dunyoda ham sinovga duchor bo'ladi, ushbu sinovlari gunohlarini o'chirmaydi, balki oxiratda ham yana azobga giriftor bo'ladi.

عن أبي بكرة - رضي الله عنه - قال : قال رسول الله - صلى الله عليه وسلم : " ما من ذنب أحرى أن يعجل الله لصاحبه العقوبة في الدنيا ، مع ما يدخر له في الآخرة ، من البغي وقطيعة الرحم "

. رواه الترمذي وأبو داود 

Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: "Alloh taolo bu dunyoda uqubatini tezlatib, oxiratga ham olib qo'yishiga loyiq gunohbog'iylik va qarindoshlik aloqasini uzishdir", dedilar".

(Termiziy va Abu Dovud rivoyati)

Silai rahmning foydalari va dunyoi oxiratdayi zararlarini zikr qilgach, silai rahm qanday holatlarda amalga oshirilishiga ham to'xtalib o'tmoqchimiz.  

 

Silai rahming ko'rinishlari:

  1. Qarindoshlarni ziyorat qilish
  2. Da'vat qilsa, ijobat qilish. Ya'ni, mehmonga yoki biror yig'inga chaqirsa borishlik
  3. Imkoniyati yetsa moddiy jihatdan yordam qilishlik
  4. Imkoniyati bo'lmasa, hech bo'lmaganda shirin so'z bilan ko'nglini olishlik
  5. Biror bir musibat yetganda yonida bo'lioshlik, xususan janoza va shu kabi ishlarga qatnashiklik
  6. Kasal bo'lganda holidan xabar olish
  7. Salom berishlik

Zero Nabiy sollallohu alayhi vasallam hadisi sharifda hech bo'lmasa salom bilan bo'lsa ham silai rahm qilinglar, deb marhamat qilganlar.

 

عبد الله بن عمرو بن العاص -رضي الله تعالى عنهما- أن النبي ﷺ قال: ليس الواصل بالمكافِئ، ولكن الواصل الذي إذا قُطعت رحمه وصلها. رواه البخاري

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Silai rahm qiluvchi berganga yarasha qaytargan emas. Lekin silai rahm qiluvchi o'zining silai rahmi kesilganda uni bog'lovchidir", dedilar".

(Imom Buxoriy rivoyati)

Xulosa o'rnida ushbu hadisga qisqacha qo'shimcha sifatida ma'lumot keltirmoqchiman. Insonlar silai rahmni bir qarz sifatida qabul qilib qolmasliklari kerak. Sizni ko'rishga kelsa yoki yordam qilsa, endi meh ham unga shunday qilib qaytarishim kerak deb emas, balki hadisda keliganidek, ya'ni, yaqingiz sizdan uzoqlashib, qarindoshlik aloqalarini uzgan paytda uni yoniga borib, qarindoshlik aloqalarini bog'lashlik, mana shu eng ulug' ibodat hisoblanadi.

Robiya Mannobjonova, Toshkent islom instituti talabasi 

24 Апрель, 2021 йил | 10857