Yurtimizga hijriy-qamariy oy – Robi’u-l-avval oyi kirib kelishi bilan shodiyonalik kayfiyati tarqaladi. Bu oyni butun dunyo musulmonlari alohida e’tibor bilan kutib oladilar. Chunki, bu oyning Dushanba, 12-kunida to qiyomatgacha bashariyatni zulmatdan nurga, zalolatdan hidoyatga eltuvchi zot, nomi dillarda ardoqlangan, ismi tillarda mudom takror, insoniyatga axloq borasida buyuk namunani taqdim etgan zot – oxir zamon payg‘ambari Muhammad mustafo sallollohu alayhi va sallam tavallud topganlar. Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sallollohu alayhi va sallam Fil yilidan bir yil o‘tib, 571-melodiy sananing Robi’u-l-avval oyini 12-kunida Makka shahrida, Abdulmutallib xonadonida tug‘ildilar.
Shu sababli, yurtimiz musulmonlari ham bu oyning istiqboli uchun o‘zgacha tayyorgarlik ko‘radilar, bayramona dasturxonlar yozib, elga taom tarqatib mavlid marosimlarini o‘tkazadilar. Darhaqiqat, diyorimizda o‘tkazilayotgan mavlid marosimlari shariatimiz ko‘rsatmalariga mos ravishda o‘tkazilib kelinmoqda. Ammo, muqaddas dinimizda bajariladigan har bir ibodat va marosimlarni maqsadlari, o‘z tartib-qoidalari bo‘lganidek o‘tkazilayotgan mavlid marosimlarini ham o‘z tartib-qoidalari va maqsadlari hamda shartlari mavjud. Zero, bularsiz bajarilgan amallardan ko‘zlangan savoblarga erishib bo‘lmaydi. Biz ushbu qoidalar va shartlarni qanchalik bilamiz? Ularga amal qilish darajamiz qanday? Mavlid marosimlari nima uchun o‘tkaziladi, yoki bu marosimlarga nima uchun boriladi? Quyida ushbu savolllarga oid ma’lumotlarni xotiringizga keltirishga harakat qilamiz.
Avvalo, bunday marosimlarni o‘tkazishda isrof va ortiqcha dabdabalardan saqlanmoq lozim. Shuningdek;
1. Mavlid marosimi Alloh taolodan savob umidida o‘tkaziladi yoki unga boriladi. Ma’raka-marosimlarni o‘tkazishda riyo va kibrdan saqlanmog‘imiz, bu marosimni o‘tkazishda harom va shubhalardan saqlanmog‘i kerak;
“Albatta amallar niyatga qarab e’tiborga olinadi.....”
“Qiyomatda bir insonni keltirilar ekan. Nima qilding, – deb so‘ralganda “Falon, falon ehsonlarni qilganman” der ekan. Yolg‘on aytding, sen buni odamlar ko‘rsin uchun qilgansan”, deb uning amali qabul qilinmas ekan.
2. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallamga nisbatan qalblarimizda muhabbat borligi uchun yoki u muhabbatni hosil qilish uchun mavlid marosimi o‘tkaziladi yoki ushbu niyatda bu marosimga boriladi.
“Jonim uni qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, Men sizlardan biringizga otasi va farzandidan ko‘ra sevimliroq bo‘lmagunimcha, u odam haqiqiy mo‘min bo‘la olmaydi”. Imom Muslim rivoyati.
3. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallamning hayotlari, siyratlari bilan yaqinroq tanishish hamda boshqalarga so‘zlab berish uchun mavlid marosimi o‘tkaziladi yoki ushbu niyatda bu marosimga boriladi. Shu sababli, mavlidni o‘qiyotgan imom Payg‘ambar sallollohu alayhi va sallamning siyratlari va axloqlaridan hamda tarixidan marosim ishtirokchilariga so‘zlab bermog‘i lozim. Zero, Alloh taolo PAyg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallamni “Albatta siz Ulug‘ xulq uzradirsiz” (Qalam, 4), deb maqtaydi hamda “ (Ey mo‘minlar), sizlar uchun — Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambari (iymon-e’tiqodi va xulqi atvori)da go‘zal ibrat bordir.” (Ahzob, 21), deb biz ummatlarni u zotni xulqu siyratlaridan o‘rnak olishga chaqiradi.
4. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallamga durudu salovotlar va salomlar aytmoq uchun mavlid marosimi o‘tkaziladi yoki ushbu niyatda bu marosimga boriladi. Chunki, Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallam: “Kim menga bir marta salovot aytsa Alloh taoloning farishtalari unga o‘n marta salovot aytadi”, “Kim menga juma kuni bir marta salovot aytsa, Alloh taolo unga yetmish marta salovot aytadi.” – deb bizlarni salovot aytishga undaganlar.
Salovot – Alloh taolo farishtalari va butun maxluqotlari oldida payg‘ambari Muhammad sallollohu alayhi va sallamni go‘zal ismlari, maqtovli sifatlari bilan yodga olishini so‘rab, iltijo qilib aytiladigan duo-munojotdir. Ya’ni, agar biz Rasuli akramga salovot aytadigan bo‘lsak, go‘yoki Alloh taolodan u zotni yaxshi so‘zlar bilan zikr qilmog‘ini so‘ragan bo‘lamiz va albatta bu duomiz sababli Rasulullohning sha’nlari oliy qilib, bizga savoblarni bisyor qiladi. Chunki, Payg‘ambaroimiz sallollohu alayhi va sallam: “Qiyomat kuni menga eng yaqin bo‘lganingiz – menga ko‘proq salovot aytganingizdir,” – deganlar. Albatta, qiyomatda Rasulullohga yaqin maqomda turmoqdan oliy saodat bo‘lmasa kerak. Shu sababli nafaqat mazkur oyda, balki boshqa oylarda ham salovotni ko‘p aytmoqligimiz bizni saodatga eltuvchi omillardan biri hisoblanadi.
Rasululloh sallollohu alayhi va sallamga aytiladigan salovotning ko‘rinishlari ko‘p bo‘lib, ulardan eng ko‘p tarqalgani;
“Sallollohu alayhi va sallam”, “Allohumma solli va sallim va barik alayh”, “Allohumma solli ala sayyidina Muhammad va ala olihi va as’hobihi ajma’iyn”.
Shuningdek, mavlid marosimlarini o‘tirish va o‘tkazishning o‘ziga xos talablari mavjud;
1. O‘tirish tartibi, ya’ni yoshi ulug‘lar yuqorida kichiklar pastda. Chunki, Payg‘ambarimiz sallollohu alayi va sallam: “Mu’oz ibn Jabal, badriylar, bay’at ahli kabi qavmning ulug‘lari kelsa yuqoriga-to‘rga o‘tqazinglar”, “Odamlarni o‘z joylariga o‘tqazinglar”, – deb yoshi ulug‘ kishilarga alohida hurmat ko‘rsatishga va ularni davrani to‘riga o‘tqazishga buyuradi.
Shuningdek, Alloh taolo: “Ey mo‘minlar, qachon sizlarga (majlis-suhbatlarda do‘st-birodarlaringiz kelib: “Bizlarga ham shu majlisdan joy beringlar”, deyilsa, darhol joy beringlar, Alloh sizlarga ham (O‘z jannatidan) joy berur. Va qachon “(o‘rinlaringizdan) turinglar”, deyilsa, darhol turinglar, Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja-martabalarga ko‘tarur. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir. (Mujodala, 11.), deb ahli ilm bo‘lganlarni hurmat qilishga buyuradi.
2. Mavlid marosimida o‘qilayotgan Qur’on tilovatlari hamda mavlid iboralarini, shuningdek Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallam siyratlariga oid ma’ruzalarni jim turib tinglash va salovot aytiladigan joylarda bilsa qo‘shilib salovot aytish;
“Qur’on o‘qilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad (shunda) rahm qilingaysiz!” A’rof -204.
Hadis aytilganda jim turib tinglamoq lozim. Zero, Alixon to‘ra Sog‘uniy aytganlaridek:
So‘zi so‘zlarning gavharidur,
O‘zlari nabiylarning sarvaridur,
bo‘lgan zotning so‘zlari, siyratlari aytilmoqda.
Imom G‘azzoliy: “Eng katta musibat johil o‘zining johilligini bilmasligidir”, – deb aytadilar. Ba’zi mavlid marosimlarida bir tomonda mavlid o‘qilsa, xonadonning boshqa tomonlarida ayollar bozor qiladi. Shu sababli mavlidni o‘tkazayotgan sohibi xonadon marosimni to‘g‘ri va tartibli tashkillashtirishi, har xil baqir-chaqirlarga yo‘l qo‘ymasligi lozim.
Alloh taolo har bir qilayotgan amallarimiz va marosimlarimizni o‘zining roziligiga muvaffaq qilsin! Payg‘ambarimiz, u zotning oilalariga va sahobalariga salovotu salomlar yo‘llasin!
Manba