Zakot haqdorlarga qanday taqsimlanadi?

 

Zakot to‘plash ishiga kimlar haqdor ekanini batafsil o‘rgandik. Zakot to‘plandi, haqdorlar aniqlandi. Endi uni bo‘lish, taqsimlash masalasi qanday hal bo‘ladi?

Bugungi kunimiz e’tibori bilan oladigan bo‘lsak, hozir qullar yo‘q. Ammo ularning o‘rniga musulmon asirlar qo‘yilishi mumkin. Ko‘pgina joylarda zakot yig‘uvchilar ham yo‘q. Zakotni mol egasining o‘zi yoki uning vakili beradi. U holda zakot yig‘uvchining ulushi ham tushib qoladi.

Ulamolarimiz zakotni taqsimlash masalasida “Bir toifaga bersa bo‘ladimi?” yoki “Hamma toifalarga berish shartmi?” yoki taqsimlanganda “Hammasiga teng taqsimlanadimi?” kabi savollarga turlicha javob berishgan. Bu tabiiy hol. Bu masala har zamonning va makonning sharoitiga qarab yechilishi lozim bo‘lgani uchun Qur’on va Sunnatda asosiy yo‘nalishlari ko‘rsatib qo‘yilib, tafsilotlari musulmon ulamolarning ijtihodiga qoldirilgan. Ular juz’iy masalalar bo‘yicha o‘z zamon va makonlari sharoitidan kelib chiqib, asosiy qoidalarga suyangan holda hukm chiqarishgan.

Zakot barcha toifalarga yoki ularning ba’zilariga mulk qilib beriladi. “Mulk qilib berish” deganda o‘sha berilayotgan mol oluvchiga mulk bo‘lmaguncha zakot bo‘lmaydi, degan ma’no tushuniladi. Demak, zakot to‘g‘ri bo‘lishi uchun u zakot beruvchi tomonidan haqdorlarga mulk qilib berilishi kerak. Foydalanib turish sharti bilan yoki taomlantirish bilan berilgan narsa zakot bo‘lmaydi. Hanafiy mazhabi bo‘yicha, aqli zaifga yoki yosh bolaga zakot berib bo‘lmaydi.

Alloh taolo Qur’oni Karimda:

“...Va zakotni beringlar...” degan. Bu esa mulk qilib berish bilan sobit bo‘ladi.

Yana Alloh taolo: “Sadaqalar faqirlargadir”, degan. “Sadaqa qilindi” degani “birovga bir narsani mulk qilib berildi” deganidir. “Faqirlargadir” degani ham arab tili qoidasiga ko‘ra mulk qilib berish ma’nosini bildiradi.

Ulamolarimiz ushbu masala yuzasidan quyidagilarni aytishgan:

1. Agar zakotga tushgan mol ko‘p bo‘lsa, barcha toifadagi haqdorlarga berish kerak. Mavjud haqdor toifalardan birortasini mahrum qilishga hech kimning haqqi yo‘q.

2. Hamma toifalarga teng taqsimlash ham vojib emas. Bunda holatga qaraladi. Misol uchun, bir yurtda mingta faqir, yuzta qarzdor va o‘nta ibn sabil bo‘lishi mumkin. Tushgan zakotni teng uchga bo‘lib, uch toifaga berilmaydi, ehtiyojga qarab taqsimlanadi.

3. Zakotni ba’zi toifalargagina berish ham joiz. Bu ham sharoitga qarab bo‘ladi. Shuningdek, bir toifaga oid haqdorlarning hammasiga bir xil miqdorda mol berish ham shart emas. Holat va ehtiyojga qarab turlicha bo‘lishi mumkin. Bu xilda taqsimlashda havoyi nafs amri emas, shariat amri, adolat yuzasidan qarash yo‘li ustun turadi.

4. Miskin va faqirlar toifasi hammadan oldin turadi, chunki ular zakotning birinchi navbatdagi haqdorlaridir. Faqir va miskinlarni qo‘yib, zakotdan tushgan mablag‘ni boshqa xarajatlarga ishlatishga hech kimning haqqi yo‘q.

5. Agar jamiyatda zakot idorasi va zakot yig‘uvchilar bo‘lsa, ular uchun sakkizdan bir ulushdan ortiq molni olib bo‘lmaydi.

6. Zakot oz miqdorda bo‘lsa, uni bir toifaga, bir shaxsga bergan ma’qul. Chunki oz narsani ko‘pchilikka tarqatilganda zakotdan ko‘zlangan maqsad hosil bo‘lmaydi. Ozchilikka tarqatilganda esa, qisman bo‘lsa ham, maqsad hosil bo‘ladi.

Agar bir kishini haqdor deb o‘ylab, unga zakot bersa, lekin keyin o‘sha odam o‘zining quli ekani ayon bo‘lsa, zakotni qaytadan beradi, chunki o‘z quliga berilgan zakot unga mulk bo‘lmaydi. Bundan boshqa moneliklar paydo bo‘lsa, zakot qaytadan berilmaydi.

Aytaylik, bir kishi zakotni berishdan oldin yaxshilab surishtirib, zakotini berayotgan odamini zakot olishga haqiqatan haqli deb bilgandan so‘ng bersa-yu, lekin o‘sha odamning zakotga haqli emasligi ma’lum bo‘lib qoldi. Bunda zakot bergan odam javobgar bo‘lmaydi, chunki u o‘z imkonidagi ishni qildi. Imkonidan tashqari ishga esa mas’ul emas. Shuning uchun zakotni qaytadan bermaydi. Ammo zakot so‘rab-surishtirmay bir kishiga berib yuborilsa, keyin u odamning zakotga haqdor emasligi ma’lum bo‘lib qolsa, zakotni boshqatdan berish lozim bo‘ladi.

Ikki holda ham zakot oluvchi o‘zi insof qilib, olgan zakotini qaytarib berishi kerak. Agar qaytarib bermasa, miskin va faqirning haqini yegan bo‘ladi, qorniga do‘zaxning olovini yegan bo‘ladi.

Haqdorni bir kun davomida tilanchilik qilishdan behojat qiladigan miqdorda zakot berish mandubdir.

Qarzdor bo‘lmagan faqirga nisob miqdorida zakotdan berish, shuningdek, zakotni boshqa yurtga olib borib berish makruhdir. Yaqin kishisiga yoki o‘z yurtining ahlidan ko‘ra muhtojroq qavmga olib borib bersa, makruh emas. Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallamning “Boylaridan olib, kambag‘allariga qaytariladi” degan so‘zlaridan ulamolarimiz “Har bir yurtning boylaridan olingan zakot o‘sha yurtning kambag‘allariga tarqatiladi”, degan hukmni olishgan.

Umar ibn Abdulaziz rahmatullohi alayh Xurosondan to‘plab, Shomga olib kelingan zakotni yana Xurosonga qaytarib yuborgan, chunki o‘z yurtida ehtiyoj bo‘la turib, u yerning zakotini boshqa tomonga olib ketish turli gap-so‘zlarga, noroziliklarga, hatto yurt rahbarlariga qarshi fitna gaplar, harakatlar uyushtirilishiga sabab bo‘lishi ham mumkin. Zotan, bu ish adolat yuzasidan ham to‘g‘ri kelmaydi. Zakot to‘plangan yurtda unga hojat bo‘lmasagina, boshqa yurtga olib borib tarqatiladi.

Abu Ubayd rivoyat qiladi:

“...Umar kunduz kuni bir daraxt ostida uxlab yotar edi. Bir a’robiya kelib, odamlarga alanglab qaradi-da, (Umarning) oldiga keldi va: «Men bir miskinman. Bolalarim ko‘p. Mo‘minlarning amiri Umar ibn Xattob bizga Muhammad ibn Maslamani zakot yig‘uvchi qilib yuborgan edi, u bizga hech narsa bermadi. Alloh xayringni bersin, sen bizga bir shafoatchilik qilsang”, dedi. “Yarfo’! – dedi hazrati Umar xodimiga. – Menga Muhammad ibn Maslamani chaqirib kel!” Ayol: “Meni uning oldiga olib borsang, hojatim chiqarmidi”, dedi. Hazrati Umar: “Inshaalloh, u hojatingni chiqaradi”, dedi. Yarfo’ Muhammadni chaqirib keldi. U kelib: “Assalomu alaykum, ey mo‘minlarning amiri”, dedi. Ayol uyalib ketdi. Hazrati Umar: “Allohga qasamki, men yaxshilaringizni tanlashda kamchilikka yo‘l qo‘ymagan edim. Agar Alloh azza va jalla bu ayol haqida so‘rasa, nima deb javob berasan?” dedi. Muhammadning ikki ko‘zidan yosh oqdi. So‘ngra hazrati Umar shunday dedi: “Alloh taolo bizga Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni yubordi. Biz u zotga iymon keltirdik va ergashdik. U zot Alloh taolo nimaga amr qilsa, shunga amal qildilar. To Alloh taolo u zotni qabz qilgunicha sadaqani miskinlarga berib turdilar. So‘ngra Alloh taolo Abu Bakrni xalifa qildi. Alloh taolo uni qabz qilgunicha u ham u zotning sunnatlariga amal qildi. So‘ngra meni xalifa qildi. Men yaxshilaringizni tanlashda kamchilikka yo‘l qo‘ymadim. Agar yana seni yuboradigan bo‘lsam, bu ayolga bu yilning va o‘tgan yilning sadaqasini bergin. Bilmadim, ehtimol, seni yubormasman”. Keyin ayolni chaqirib, bitta tuya, un va yog‘ berdi va: “Buni olgin-da, bizga Xaybarda yana uchragin, biz o‘sha yerga bormoqchimiz”, dedi. Ayol Xaybarda uning oldiga keldi. U unga ikkita tuya berdi va: “Buni ol, Muhammad ibn Maslama kelguncha senga yetib turadi. Men unga bu yilgi va o‘tgan yilgi haqingni berishni buyurdim”, dedi».

Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Kim bir uvqiya qiymatida moli bo‘la turib tilansa, xiralik qilgan bo‘ladi” (boshqa bir rivoyatda: “xiralik bilan so‘rabdi”). Men: “Yoquta (nomli) tuyam uvqiyadan yaxshiroq”, dedim».

Abu Dovud, Nasoiy va Ahmad rivoyat qilgan.

Bir uvqiya qirq dirhamga teng. Bundan o‘ziga yetarli puli va moli bor odamning zakot olishi durust emasligi kelib chiqadi. Hanafiy mazhabidan boshqa mazhab ulamolari ushbu hadisni va shu ma’nodagi boshqa hadislarni hujjat qilib, “Nisobdan oz bo‘lsa ham, o‘ziga yarasha molga ega bo‘lgan odam zakot olishi mumkin emas”, deyishgan.

Sahl ibn Hanzoliyya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «O‘zining hojatiga yetarli narsasi bo‘la turib, tilangan odam do‘zaxdan ko‘proq so‘ragan bo‘ladi” (boshqa rivoyatda “jahannamning cho‘g‘idan”) dedilar. “Ey Allohning Rasuli, hojatiga yetarli narsa nima?” deyishdi. “Tushlik va kechki taomiga yetarlisi”, dedilar».

Boshqa bir rivoyatda: “Bir kecha-kunduz to‘yishiga yetarli narsasi borligi” deyilgan.

Abu Dovud va Ibn Hibbon rivoyat qilgan, Ibn Hibbon sahih, degan.

 

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

(Mo‘minning najoti kitobidan)

13 Iyun