Jizzax viloyatining chekka hududlarida yashaydigan ikkita ehtiyojmand oilaning farzandlari poytaxtimizda joylashgan Cambridge oʻquv markazida ingliz tilini oʻrganmoqda. “Vaqf” xayriya jamoat fondining yangi loyihasi asosida yoʻlga qoʻyilgan mazkur amaliyotga koʻra, ikki oʻsmir endilikda markazda bepul taʼlim olishadi.
Maʼlumki, “Vaqf” xayriya jamoat fondi ayni paytda nafaqat ehtiyojmand oilalarga moddiy tomondan yordam berish, balki ularning farzandlarini turli kasb-hunarga oʻrgatish, xorijiy tillarga oʻqitish dasturiga ham qoʻl urdi. Shunga koʻra, bugun poytaxtimizda faoliyat koʻrsatayotgan, xorijiy tillarni oʻrgatishga ixtisoslashgan Cambridge oʻquv markazida Jizzax viloyatining Zomin tumanida yashaydigan ikki oʻsmir taʼlim olishni boshladi. Shu munosabat bilan fond va taʼlim markazi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
– Bugun barcha xorijiy davlatlarda boʻlgani kabi mamlakatimizda ham chet tillarini oʻrganishga boʻlgan talab oshib bormoqda, – deydi oʻquv markazi direktori Jahongir Poʻlatov. – Negaki, biror chet tilini, ayniqsa ingliz tilini bilmasdan turib muvaffaqiyatga erishish, ilm sirlarini oʻrganish amrimahol. Bilimli, xorijiy tillarni bilgan yurt farzandi esa davlati rivojiga katta hissa qoʻshishga qodir. Shuning uchun ehtiyojmand oilalarning farzandlarini oʻqitish, xorijiy tillarni oʻrgatish borasidagi “Vaqf” xayriya jamoat fondining xayrli tashabbusiga xayrirohlik bildirib, savobli ishga bosh qoʻshishni niyat qildik.
Taʼkidlash kerakki, endilikda mazkur oʻquv markazida yuzlab ana shunday oilalarning farzandlari bepul taʼlim olishadi. Bu fond tomonidan amalga oshirilayotgan taʼlim dasturining birinchi yutugʻi. Hali bu xayrli ishlar yanada kengayishiga, qanot yozishiga ishonamiz.
Qadrli yurtdoshim! Farzandlarimizni ilmli va maʼrifatli qilishdek bu savobli ishga Siz ham oʻz hissangizni qoʻshing.