Poyoniga yetib borayotgan Mehr va muruvvat oyi boʻlgan Ramazonning soʻnggi kunlarida bir qator musulmon davlatlari mamlakatimizda umrguzaronlik qilayotgan kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalar uchun oziq-ovqat mahsulotlari, kitoblardan iborat xayr-ehsonlarni ajratib kelmoqda.
Xususan, yaqinda Saudiya Arabistonining mamlakatimizdagi elchixonasi tomonidan “Vaqf” xayriya jamoat fondiga hurmo mahsulotlari topshirildi. Bu jarayonda Saudiya Arabistoni podshohligining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi oʻrinbosari Humud Turkiy al Mutayriy, mazkur davlatning islom ishlari vazirligi xodimi Muborak Hamad Ol Hanaya, elchixona xodimi Badr Tarohib al Utaybiy, “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruv rahbari Isoxon Abdullayev va fondning xalqaro aloqalarni rivojlantirish boʻyicha mutaxassisi Mirjalol Qosimov ishtirok etdi.
Saudiya Arabistoni vakillari Ramazon oyida amalga oshirilayotgan bu ishlardan koʻzlangan maqsad, yordamga muhtoj, ehtiyojmand oilalarga xursandchilik ulashish, ularga bayram nafasini berishdan iborat ekanligini bildirdi.
Ayni paytda mazkur xayr-ehson qutilari respublika boʻylab tarqatilib, oʻz egalariga yetkazilmoqda.