Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi xayriya, kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida koʻplab xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, fond Fors koʻrfazida oʻz oʻrniga ega, iqtisodiy jihatdan ancha rivojlangan Kuvayt davlati bilan ham doʻstona aloqalarni yaxshi yoʻlga qoʻygan. Bugun mazkur davlatning mamlakatimizdagi elchixonasida Kuvayt davlatining favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Xolid al-Jiyron janoblari va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari Isoxon Abdullayev ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuv davomida hamkorlikni yanada rivojlantirish, xayriya ishlarini koʻpaytirish masalalari muhokama qilindi.
Isoxon Abdullayev qabul uchun elchi janoblariga minnadorchilik bildirib, fondning vazifalari, bugungi kunda amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, xususan kam taʼminlanganlarga qurib berilayotgan uylar, suv tanqis hududlarda suv chiqarish ishlarining qay tartibda olib borilayotgani haqida maʼlumot berib oʻtdi.
Oʻz navbatida Ahmad Xolid al-Jiyron Kuvayt davlatida ham bir qator xayriya fondlari, xalqaro tashkilotlar faoliyat koʻrsatayotganini, “Vaqf” fondi bilan hamkorlikda xayrli ishlarga hissa qoʻshishga, ehtiyojmandlar, kam taʼminlanganlarga yordam koʻrsatishga tayyor ekanligini bildirdi. Shuningdek, Kuvayt Xalqaro Islom xayriya tashkiloti shu kungacha koʻplab davlatlarda bir qator xayriya loyihalarida muvaffaqiyatli qatnashib kelayotganligini aytdi. Elchi janoblari mazkur fondlar ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam berish, ularni kasb-hunarga oʻqitish, asbob-uskunalar bilan taʼminlash, sogʻligi sababli koʻmakka muhtoj insonlarning jarrohlik amaliyotini oʻtkazishda yaxshi tajribaga ega ekanligini qayd etib, bu kabi xayriya tashkilotlarini Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan xayr-sahovat ishlariga taklif qilishda xayrixoh ekanligini aytib oʻtdi.
Uchrashuvda Kuvayt davlati ishbilarmonlarini “Vaqf” bilan hamkorlik qilib kelayotgan oʻzbek tadbirkorlari bilan birga ishlashga taklif etish borasida fikrlar bildirildi. Bu borada ikki tomonlama oʻzaro uchrashuv tashkil qilish va tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish hamda investitsiyalar jalb qilishga kelishib olindi.
Tadbir soʻngida ikki tomon bir-biriga esdalik sovgʻalarini topshirishdi.