Saudiya Arabistoni Podshohi, Ikki Muqaddas masjid xodimi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud tashabbusi bilan Islom olamidagi vaqflar va islom ishlari boʻyicha vazirlarning IX xalqaro konferensiyasi joriy yilning 3-5-avgust kunlari Makka shahrida boʻlib oʻtdi. “Moʻtadillik tamoyillari va qadriyatlarini targʻib qilish hamda mustahkamlashda Islom ishlari va vaqf vazirliklarining oʻrni” mavzusida tashkil etilgan konferensiyada 62 davlatdan taniqli muftiylar, Vaqf ishlari vazirlari ishtirok etdi.
Konferensiyada Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi raisi Isoxon Abdullayev ham qatnashdi.
Konferensiyaning ochilishida Saudiya islom ishlari vaziri Abdullatif bin Abdulaziz Ol Shayx barchani samimiy qutlab, bu saʼy-harakatlar ortida islomiy ishlarni oʻzaro rivojlantirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash, dunyo boʻylab islomni toʻgʻri tushunishni targʻib qilish, Qurʼon va sunnatni hurmat qilish va terrorizmga qarshi kurashish maqsad qilinganini aytib oʻtdi.