SAXIYLAR KOʻMAGIDA EHTIYOJMAND OILALAR UYLI, ISHLI VA BOGʻCHALI BOʻLDI

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi koʻplab xayrli ishlarga bosh boʻlib kelmoqda. Bu jarayonda kam taʼminlangan, boquvchisi yoʻq oilalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularga moddiy-maʼnaviy koʻmak koʻrsatishga ustuvor ahamiyat qaratilyapti.

 

Toshkent viloyati Boʻka tumani Bunyodkor mahallisi hududida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish loyihalari ana shu ezgu amallarning mantiqiy davomi boʻldi, deyish mumkin. Bir qancha muddat oldin ushbu hududda homiylar hisobidan 30 ta uy qurilib, koʻp yillardan buyon uysiz yashab kelayotgan ehtiyojmand oilalarga hadya qilingan edi. Yaqin vaqtlar ichida mazkur aholi yashash hududida yana koʻplab qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.  Kecha ushbu hududda “Vaqf” xayriya jamoat fondi va homiylar tomonidan ehtiyojmand oilalar uchun barpo etilgan ijtimoiy muassasalar – tikuv korxonasi, qandolat sexi, novvoyxona, oʻquv markazi hamda ularning farzandlari uchun bogʻcha foydalanishga topshirildi.

 

Mazkur majmualarning ochilish marosimida Diniy idora raisining birinchi oʻrinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, “Vaqf” xayriya jamoat fondi raisi Isaxon Abdullayev, fond rahbari oʻrinbosari, xayriya ishlari boʻyicha direktor Sardor Rahimxon, hokimlik mutasaddilari, mahalla faollari va aholi vakillari ishtirok etdi.

 

Marosim Qurʼoni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi.

Shundan soʻng majmua faxriy mehmonlar va nuroniy otaxonlar ishtirokida ochib berildi. Taʼkidlash joizki, 50 kishini ish bilan taʼminlagan tikuv korxonasi, toza ichimlik suvi va qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi sex, novvoyxona, shuningdek 100 oʻrinli zamonaviy bogʻcha, ingliz tili va mental arifmetikani oʻrgatishga moʻljallangan oʻquv markazi va ularning hordiq chiqarishi uchun oʻyingohlar bu yerda istiqomat qilib kelayotgan ehtiyojmand oilalar uchun ajoyib sovgʻa boʻldi.

 

Kelgusida bu kabi majmualarni mamlakatimizning boshqa hududlarida ham bundyod etish koʻzda tutilgan.

 

Bu kabi ezgu amallarga esh boʻlayotgan, dillarga xursandchilik ulashayotgan himmatli va joʻmard homiylarni Alloh ulkan ajr-savoblar bilan mukofotlasin.

Foziljon Mamasharipov,

fond media va matbuot xizmati bosh mutaxassisi.

SAXIYLAR KOʻMAGIDA EHTIYOJMAND OILALAR UYLI, ISHLI VA BOGʻCHALI BOʻLDI
12 Avgust, 2024 yil | 76