“Oyi, bu yil menga yangi sumka olib berasizmi?”
“Men maktabga nima kiyib boraman?”
“Dadam boʻlganida maktab bozoridan koʻp narsalar olib bergan boʻlardi”...
Har yili yangi oʻquv yili boshlanishi arafasida oʻziga toʻq, topish-tutishi yaxshi oilalarda farzandlar tomonidan balki bunday savollar berilmas. Lekin boquvchisi yoʻq, ishsiz, ehtiyojmand oilalarda voyaga yetayotgan farzandlarning bu kabi savollari yaqinlarini chuqur oʻyga toldirishi bor haqiqat. Qoʻli kaltaligidan jigargoʻshasining savoliga qanday javob berishni bilmay chorasiz qolishi tayin. Negaki, baʼzida uyida yeyishga noni boʻlmay qoladigan, yotishga uyi yoʻq bunday oilalarda farzandlari maktab formasi, oʻquv quroliga xarajat qilishga ota yoki onalarning har doim ham imkoni boʻlavermaydi.
Taʼkidlash joizki, saxovatpesha insonlarning xayriya mablagʻlari tufayli ayni paytda ehtiyojmand oilalarda voyaga yetayotgan koʻplab bolalar bu tashvishdan xalos boʻlishmoqda. Xususan, yaqinda “Vaqf” xayriya jamoat fondining Fargʻona viloyati filiali tomonidan saxovatli homiylar hadya qilgan oʻquv qurollari va maktab sumkalari oʻz egalariga topshirildi. Shu kuni 100 nafardan ziyod ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalar farzandlariga oʻquv qurollari va maktab sumkalari xayriya qilindi. Eng muhimi, bugun bu oilalarda shodlik hukumron, farzandlar yaqinlariga “Oyi, bu yil menga yangi sumka olib berasizmi”, deya savol berishmaydi.
Muruvvatli homiylarimiz va himmatli duogoʻylarimizdan Alloh taolo rozi boʻlsin! Ehtiyojmand oilalarning moddiy ehtiyojini qondirgan joʻmard homiylarni Oʻzi ulkan ajr-savoblar bilan mukofotlasin.
Imkon borida ehson qilishga shoshiling. Boquvchisi yoʻq, nochor oilalarga qoʻlingizdan kelgan yordamni ayamang. Telefoningizdan osongina ehson qiling.