Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil topganidan buyon xayriya masalalarida koʻplab xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi elchixonalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
Jumladan, shu vaqtgacha TIKA xalqaro tashkiloti, Turkiya, Qatar, BAA, Saudiya Arabistoni kabi davlatlarning mamlakatimizdagi elchixonalari bilan uzviy aloqalar yoʻlga qoʻyilib, kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ularga moddiy va maʼnaviy yordam berish borasida bir qator loyihalar amalga oshirib kelinmoqda. Albatta, yuqorida sanab oʻtilgan xayriya ishlarida Saudiya Arabistoni Podshohligining ham hissasi bor. Xususan, Saudiya Arabistonining mamlakatimizdagi elichixonasi har yili yurtimiz fuqarolari uchun fondga 25 tonna xurmo mevasi hadya qilib keladi.
Bu kabi aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida yaqinda “Vaqf” xayriya jamoat fondi vakillari Saudiya Arabistonining yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi janob Yusuf ibn Solih al-Gahra al-Utaybiy janoblari bilan uchrashdi. Fond boshqaruvi raisining oʻrinbosari Jahongir Salamov va xalqaro aloqlarni rivojlantirish boʻyicha mutaxassis Mirjalol Qosimov ishtirok etgan uchrashuvda vaqf va xayriya ishlari boʻyicha ilmiy va amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, xodimlar malakasini oshirish va Saudiya Arabistoni Podshohligi tajribasini oʻrganish yuzasidan takliflar bildirildi. Shuningdek, Podshoh Salmon koʻmak va xayriya ishlar markazi kabi xayriya tashkilotlari bilan oʻzaro aloqalarni oʻrnatish, imkoniyati cheklangan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash, ularga bilim berish, kasb va hunarga oʻrgatish kurslarini tashkil etish hamda zaruriy jihoz va uskunalar bilan taʼminlashda yordam berish borasidagi takliflarga Saudiya tomoni doimo xayrixoh ekanligi taʼkidlab oʻtildi.
Elchi janoblari ikki tomonlama oʻzaro hamkorlikdan koʻplab ehtiyojmand oilalar manfaat koʻrishini, moddiy va maʼnaviy oziqa olishini qayd etib, Saudiya tomoni bu kabi xayrli tashabbuslarga doim tayyor ekanligini bildirdi.