“OʻKSINMANG, SIZ DOIM DAVLATIMIZ E’TIBORIDASIZ!”

3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Namangan shahridagi “Royal” tantanalar saroyida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun bayram dasturxoni yozilib, madaniy tadbir tashkil etildi. Tadbirga viloyat hududida istiqomat qilib kelayotgan oʻzgalar parvarishiga muhtoj yurtdoshlarimiz, boquvchisini yoʻqotgan keksa yoshdagilar, Afgʻon urushi ishtirokchilari taklif etildi. 

Namangan viloyati hokimligi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi, “Vaqf” xayriya jamoat fondining viloyat filiali tomonidan tashkil etilgan tadbirda Namangan viloyati bosh imom xatibining birinchi oʻrinbosari Obidxon domla Ikramov ishtirok etib, mamlakatimizda barcha fuqarolar kabi nogironligi boʻlgan yurtdoshlarimizga ham katta eʼtibor va amaliy gʻamxoʻrlik koʻrsatib kelinayotganini, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga muhim ahamiyat qaratilayotganini taʼkidlab oʻtdi.

Tadbir davomida bayram munosabati bilan mehmonlarga homiylar tomonidan ajratilgan turli sovgʻalar taqdim etildi.

Ehtiyojmand, boquvchisi yoʻq yurtdoshlarimizga xursandchilik ulashgan saxovatpesha homiylarimizdan Alloh taolo rozi boʻlsin! Bu ezgu amallari uchun ularni Oʻzi ulkan ajr-savoblar bilan mukofotlasin.

3 Dekabr, 2024 yil | 8