XAYRIYA KARVONI 500 OILAGA XURSANDCHILIK ULASHMOQDA

“Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan oziq-ovqat, kiyim-kechak, o‘quv qurollari, ma’rifiy kitoblar va maishiy texnikalar ortilgan xayriya karvonlari 500 dan ziyod kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarga xursandchilik ulashishni boshladi.

 

Shu munosabat bilan mazkur mehr-muruvvat karvonini kuzatish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, “Vaqf” fondi rahbari Isaxon Abdullayev, mutasaddi vakillar va OAVlari xodimlari ishtirok etdi.

 

Tadbirda yurtimizda davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlanayotgani, nogironligi bo‘lganlar, kambag‘al oilalarga doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinayotgani e’tirof etilib, dinimizda muhtojlarga yordam berish, nogironligi bor insonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, miskin va bechoralar holidan xabar olish xayrli amallardan sanalishi bayon qilindi.

 

Fond rahbari xayriya karvoni doirasida kam ta’minlangan oilalar, yetim-miskinlar, nogironi bor oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, poyabzallar, velosiped, kitoblar, ko‘mir, isitish moslamalari, maishiy texnikalar topshirilishi, uch kun davomida Fond vakillari 500 dan ziyod ehtiyojmand oilalarga xursandchilik ulashishi haqida ma’lumot berdi.

 

Ayni paytda xayriya karvoni hududlarda ehtiyojmand oilalariga kirib bormoqda, ehsonlarni o‘z egalariga topshirmoqda.

XAYRIYA KARVONI 500 OILAGA XURSANDCHILIK ULASHMOQDA
25 Yanvar, 2025 yil | 15