Katta dovon sari amaliy qadamlar

Avval xabar berib o‘tganimizdek, joriy yilning mart oyida 16 gektar yer maydoni va binolar O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan "Vaqf" fondiga beg‘araz berilgan edi. Shu qisqa fursat ichida bu yerda non va non mahsulotlarini ishlab chiqarish sexi barpo etildi. Shuni alohida qayd etish kerakki, sexda yaqinda yana bir yangilikka qo‘l urildi. Endi bu erda 5 xil turdagi makaron mahsulotlari ham ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Ushbu mahsulotlar shu yerning o‘zida tayyorlanib, maxsus qadoqlarda buyurtmachilarga va xalqimiz dasturxoniga yetkazib berilmoqda.

Ta’kidlash kerakki, bir kunda makaron ishlab chiqarish quvvati 1 tonnani tashkil etsa, non va non mahsulotlari esa 11 000 tadan ortiq tayyorlanmoqda. Yana bir jihat, bu yerda hozirda 8 kishi ish bilan ta’minlangan bo‘lib, asosan yoshlardan iborat.  

Bugun Fond rahbari, keng jamoatchilik, Qibray tumani imom-xatiblari va ommaviy axborot vositalari ishtirokida ushbu sexning ramziy ochilishi bo‘lib o‘tdi. Unda so‘z olgan “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruv rahbari Iskandar Xalilov ushbu sex faoliyatiga ulkan muvaffaqiyatlar va kelgusidagi ishlariga rivoj tilab duoi xayrlar qildi. So‘ngra, mehmonlar sexga tashrif buyurib, bu yerda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar. Makaron, non va non mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun Germaniyaning firmasiga tegishli Wechtel texnikasi keltirilib, ishlab chiqarishga tatbiq etildi.

 

 

“Vaqf” xayriya jamoat fondi matbuot xizmatiga intervyu bergan "Al-Muyassar" MChJ rahbari Luqmon Ablaqulovning aytishicha, sexda to‘qqiz turdagi non mahsulotlari ishlab chiqarilib, ular do‘konlar orqali sotiladi hamda undan tushgan foyda hisobidan mehribonlik, qariyalar va nogironlar uylariga xayriya tariqasida ham ulashiladi. Shuningdek, nonning tarkibida inson uchun nihoyatda zarur va foydali bo‘lgan 30-35 foiz oqsil, 60-70 foiz uglevod, turli vitaminlar, mineral tuzlar, shuningdek, temir, kaltsiy, fosfor va boshqa moddalar borligini mutaxassis o‘z so‘zida izohlab berdi.

 

 

 

 

 

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, bugunga qadar, sexda tayyorlanayotgan mahsulotlar xalqimiz dasturxoniga yetib borishdan tashqari xayriya tariqasida mehribonlik, qariyalar va nogironlar uylariga ulashib kelinmoqda. Jumladan, bugun ham Fond vakillari U.Q.Qurbonov nomidagi Respublika bolalar ruhiy-asab kasalxonasida bo‘lib, u yerda da’volanayotgan bemorlarga turli xil turdagi non mahsulotlarini tarqatdi.

“Vaqf” xayriya jamoat fondi bunday xayrli ishlarni bundan keyin ham davom ettiradi, albatta saxovatpesha xalqimiz ko‘magida. Istagimiz, saxiy yurtdoshlarimiz soni kundan kun oshaversin. Axir aytishadiku, savob ishni har kim har kuni qilishi kerak. 

 

"Vaqf" xayriya jamoat fondi matbuot xizmati

2 Iyul, 2019 yil | 1560