Yurtimiz musulmonlari Alloh taoloning inoyati bilan "Vaqf" xayriya jamoat fondi faoliyatini qoʻllab-quvvatlab, turli loyiha va aksiyalarni takshil etishda homiylik yordamlarini koʻrsatib kelmoqdalar.
Shu kunlarda "Vaqf" fondi rahbari Iskandar Xalilov Qashqadaryo viloyatida xizmat safarida boʻlib qaytdilar. Fond rahbari ushbu viloyatda yashovchi koʻmakka muhtoj oilalar, kam taʼminlangan hamda nogironligi boʻlgan insonlar bilan uchrashib, ularga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining salomlarini yetkazdi.
vaqf.uz
Ushbu xayriya tadbiri Shahrisabz shahridagi "Dor us-Saodat" majmuasida tashkil etildi. Tadbirda nogironligi boʻlgan 4 nafar insonga nogironlik aravasi taqdim etilib, ijtimoiy yordamga muhtoj 55 nafar shaxsga oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.
Bundan tashqari, 22 nafar insonlarga pul mablagʻlari taqdim etilgani haqidagi sertifikatlar topshirildi.
Ushbu tadbirda ishtirok etgan yurtdoshlarimiz bu singari xayriya tadbirlarining doimiy oʻtkazilishini soʻrab, tumanlardagi muhtoj aholiga koʻmak berayotganlar haqqiga duolar qilishdi.
Fond tomonidan amalga oshirilayotgan amaliy xayriya ishlari bugun minglab insonlarning ogʻirini yengil qilmoqda. Bunda oʻzlarining xayru ehsonlari bilan muhtojlarga yordam qilayotganlarning oʻrni katta.
Alloh taoloning roziligiga erishish yoʻlida qilinayotgan saxovat ishlarida siz ham ishtirok eting!
"Vaqf" xayriya jamoat fondi matbuot xizmati