Bir misqolning quvvati yohud toma-toma ko‘l bo‘lur

   Dinimiz odamlarni ozgina bo‘lsa ham davomiy sadaqa qilib turishga targ‘ib qiladi va ozgina sadaqa qilishdan uyalmaslikni uqtiradi. Buning esa hikmatlari juda ham ko‘pdir. Agar biz siz bilan bir ummat davomiy tarzda oz bo‘lsa ham sadaqa qilib turishlarini yo‘lga qo‘ysak nimalarga erisha olamiz. Shuni Alloh qodir qilganicha ko‘rib chiqamiz.

 Gapni yurtimizning aholisidan boshlaymiz. Yurtimizda bu yil aholi 34 mlndan oshdi va yurtimiz aholisining tahminan 90% musulmon deb hisoblasak 30.6 million musulmonlardan iborat. Agar shu musulmonlar har oyda eng kamida 1000 so‘mdan ehson qilinsa va bu ehsonlar bitta jamg‘armaga yig‘ilsa nimalarga qodir bo‘lamiz. Shuni ko‘rib chiqaylikchi:

 30.6 million aholi bir oyda 1000 so‘mdan bitta jamg‘armaga jamlasalar 30.6 milliard so‘m jamlanadi. Bu mablag‘ga kamida 2 ta masjid qursa bo‘ladi. Yiliga 24 ta masjid diyorimizda qad rostlaydi.

 Agar bu mablag‘larni ilmga yo‘naltirsak ilm toliblarini darsliklar bilan taʼminlash imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Agar darsliklar o‘zimizning diyorda nashrdan chiqadiganlaridan bo‘lsa bu mablag‘ga o‘rtacha 450 mingta, agar chet diyorlarda nashr qilinadigan kitob bo‘lsa o‘rtacha 255 mingta kitob va darsliklar o‘quvchilarga yetqazishimiz mumkin va bu kitobga bo‘lgan eytiyojni qondiradi.

 Abdulloh ibn Muborak aytadilarki «Agar ikkita Sufyon bo‘lmaganida men tijorat bilan mashg‘ul bo‘lmas edim» deydilar. Chunki bu ikki kishi yetuk olim inson edilar ular agar ilmdan tirikchilik deb chalg‘isalar ularning ilmlari zoye bo‘ladi, manfaatlari ummatga tegsin  deb ularga yashash sharoitini qilib berardilar. Agar biz ham bu mablag‘ni Abdulloh ibn Muborak kabi olimlarimizga sarf qilsak o‘rtacha 10 ta ahli ilmni 51 yil tirikchilik g‘amidan forig‘ qilish imkoniga sohib bo‘lamiz.

 Abu Hanifa rohimahulloh shogirdlari Abu Yusuf rohimahullohni darsga kelmaganlarini sezib buni o‘zlaridan so‘raganlarida Abu Yusuf rohimahulloh faqirlik sababidan darslarga bora olmayotganlarini aytganlar. Shunda Abu Hanifa ularga darsga kelishlarini amr qiladilar va har oyda yuz dirham berib turadilar. Biz ham Abu Hanifa kabi ilm toliblariga bu mablag‘larni tayin qilsak 100 ta talabani 10 yil faqatgina ilm bilan band qilish quvvatiga ega bo‘lamiz.

  Agar bu mablag‘larni « So‘rovchiga baliq sadaqa qilma, undan ko‘ra unga qarmoq olib ber» qabilida ish ko‘rsak o‘rtacha har oyda 1530 kishining o‘zlarining shaxsiy bizneslarini boshlashlariga yetarli mablag‘ jamlangan bo‘ladi. Agar bu mablag‘larni yana masjidlarga qaytaradigan bo‘lsak tahminan 1700 ta masjidni namozxonlar uchun qishda issiq, yozda salqin sharoitlar yaratishimiz mumkin. Bu mablag‘ga yana 12 240 ta yalang‘ochni kiyintirishimiz, bir kunda 300 mingta qorni ochni to‘ydirishimiz, 30mingta bolani o‘quv qurollari bilan taʼminlashimiz mumkin. Bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin. Ammo biz shuni kifoya qiladi deb o‘ylaymiz. Shuning uchun ham ozgina sadaqa qilishdan uyalishimiz kerak emas. Alloh qilingan sadaqani miqdoriga qaramaydi. Sadaqa qiluvchining qalbidagi ixlosiga qaraydi va ixlosiga qarab Alloh uni qiyomat kuni egasiga ko‘paytirib beradi. Sadaqa qiling, to‘xtamang, ikkilanmang Alloh albatta buni mukofotini ertaga Qiyomatda beradi.

Kuch va quvvat faqat Allohdandir!

Muhammad Qodir Adhamov

Bir misqolning quvvati yohud toma-toma ko‘l bo‘lur
18 Апрель, 2021 йил | 807