ALLOH imon keltirib, yaxshi ishlarni qilganlarga mag'firat va ulug' mukofotlarni vada qiladi (MOIDA surasi 9-oyat).
Insonni komillikka chorlovchi va ruhini poklovchi dinimizda Alloh huzurida eng muqobil ishlardan birinchisi iymon keltirish bo’lsa, ikkinchisi imkoni boricha atrofidagilarga yaxshilik qilishdir deb belgilangan. Yaxshilik qilish. Har kim har xil tushinadi, har kim har xil talqin etadi va bajaradi. Xo’sh, sizningcha qanday ishlar yaxshilik qilish sanaladi? Menimcha:
Faqih Abu Lays Samarqandiy sanadi bilan Abu Varqodan, u kishi Abdulloh ibn Abu Avfodan, u kishi esa, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kim yetimning boshini rahm qilib silasa, Alloh taolo unga qoʻli tekkan har bir soch miqdoricha yaxshilik yozadi, har bir soch miqdoricha yomonliklarini o'chiradi va har bir soch miqdoricha uning darajasini ko'taradi". Bir tasavvur qilib ko’ring, yetimning boshini mehr bilan faqat Alloh uchun silagan kimsaga shuncha mukofot bergan Alloh yetimga rizq ulashganimizda bizga qancha savob atagan ekan.
Yo’lda ketar ekanmiz barchamiz o’z yumushlarimiz, hayot tashvishlari bilan shoshamiz. Juda bo’lmasa “XXI asr texnologiyalari” bilan band bo’lamiz. Ba’zan shunday vaziyatda yonimizda og’ir yukdan qiynalib ketayotgan kimsani payqamaymiz. Eng achinarlisi esa ba’zan payqamaganlikka olamiz. Aslida esa biz yaxshilik qilish imkoniyatini qo’ldan boy berganimizni o’ylamaymiz ham.
Esimda yoshligimda bobom ko’p nihol o’tqazardilar, farzandlariga mehr berayotgandek suv berib parvarishlardilar. Bunday paytda bobomga ko’makchi bo’lishni yoqtirardim. Shunda bobom nasihat qilardilar: “Bugun biz yerga qadagan nihollar vaqti kelib bo’y cho’zadi, baquvvat shox-shabbalari bilan soya ulashadi, hosilga kirib, minglab odamlarni, hatto qushlarni ham mevasidan bahramand qiladi. Shunda bizga farishtalar savob yozadi” - derdilar.
Suv ichirish ikromlarning eng savoblisi ekan. Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deydilar: “Chanqagan bir kishiga suv ikrom etganning amal daftariga yetmish yillik ibodat savobi yoziladi”. Bu yaxshilikni suv tanqis joyda qilganga hazrati Ismoil alayhissalom (bunga Payg‘ambarimizning sollallohu alayhi vasallam ahli bayti ham doxil) avlodlaridan bir kishini kofir qo‘lidan qutqarganning savobi beriladi”.
Nochorlarga yordam bergan, taomlantirgan yoki sadaqa qilgan kishini Alloh jannat ne’matlari bilan siylarkan. Ming gunohini o’chirib, ming savob yozarkan. Demak kimgadir sadaqa qilish orqali ham biz nafaqat savobga ega bo’larkanmiz, balki gunohlarimiz ham avf etilarkan.
Mening fikrimcha kimgadir shirin gapirib, chiroyli muomala qilganimiz ham yaxshilikdir. Shunday emasmi? Chunki bizning muomalamizdan kimningdir qalbi shodlanishi mumkin. Qalb esa Robbimizning uyidir. Ijtimoiy saytda bir tabassumning ta’siri haqida hikoya o’qib qolgandim. Hikoya taxminan shunday edi: Bir qizaloq yo’lda ketayotgan odamga tabassum qiladi. Go’dakning beg’ubor kulgusidan ko’ngli yorishgan odam anchadan buyon qarzi borligi esiga tushib qarzini qaytaradi. Qarzni olgan kishi xursand bo’lib o’sha pulga noz-ne’matlardan olib ota-onasini ko’rishga boradi. Bu zanjir shu tariqa davom etgandi. Yosh qizaloq oddiy tabassumi shuncha yaxshiliklarga sababchi bo’lganini o’zi ham bilmasdi. Balkim bugun bizning shirin muomalamiz ham qizaloq tabassumidek bizga ko’plab yaxshiliklar olib kelar. Balki aynan shu yaxshiligimiz bizni JANNAT bog’larida sayr qilishimizga, KAVSAR suvining rohatini his qilishimizga, PAYG’AMBARIMIZ s.a.v bilan qo’shni bo’lishimizga sabab bo’lar. Zero, qay amalimiz bizni ushbu mukofotga sazovor bo’lishimizga sababchi bo’lishi bizga qorong’udir.
Mening tasavurimda yaxshilik faqat o’zgalarga yoki yaqinlariga qilinmaydi. Shunday yaxshiliklar ham borki, inson o’ziga yaxshilik qiladi. Jumladan qiz voyaga yetkazish. Rasululloh s.a.v shunday degan ekanlar: Kimning uchta qizi yoki singlisi boʻlsa, ularga yaxshi odob bersa, ular vafot qilgunlaricha infoq etib tursa yoki ularni munosib joyga uzatsa, agar u Alloh kechirmaydigan amalni qilmagan boʻlsa, albatta, Alloh unga jannatni vojib qiladi". Shunda a'robiylardan bittasi nido qilib: "Ey Allohning elchisi, ikkita (qizi) boʻlsa-chi?" deb soʻradi. Aytdilar: "Ikkita boʻlsayam".
“ Yana qizmi? Qachon o’g’il tug’asan? Qachon men ham o’rtoqlarim yonida g’ururlanib yuraman” deydigan “ba’zi erkaklar” nahotki shu hadisdan bexabar bo’lsalar. O’g’il farzand balki ularga dunyoni olib berar. Lekin jannatni qizlari hadya etayotganini nahotki his qilishmasa. Qiz bolani to’g’ri tarbiyalab, pokiza voyaga yetkazish ham axir yaxshilikku. Yaxshilik bo’lganda ham insonning o’zi uchun qiladigan yaxshiligi. Zero, soliha qiz bu hayotda ota-onasiga barchadan mehribon, g’amxo’r bo’lsa, OXIRATda jannatga eltuvchi yo’ldir.
Shuni ham aytish kerakki, kimgadir yaxshilik qilib uning qaytishini kutishimiz yoki mukofot so’rashimiz noo’rindir. Ba’zan hayotda shunday insonlarni uchratamiz kimgadir yaxshilik qilib, sarhisob qiladigan yoki undan javob talab qiladigan. Haqiqiy yaxshilik Haq yo’lida qilingan yaxshilikdr. Zero allomalarimiz shunday deyishgan: “yaxshilik qil, dengizga ot — baliq bilar, baliq bilmasa — Xoliq bilar”.
Ramazonova Shahzoda Shoyim qizi
Toshkent farmasevtika instituti 5 bosqich talabasi