Har bir ishning debochasi bo‘lgani kabi, yaxshilikning ham o‘z debochasi bordir. Yaxshilikning debochasi nasihat. Nega aynan nasihat deysizmi...? Agar nasihat qilinmasa, yoki insonlar nasihat qilish va uni eshitishni tark qilsalar, o‘z-o‘zidan yaxshilik qilish ham yo‘qoladi.
Alloh taolo Aʼrof surasida shunday marhamat qildi:
" Keyin (Solih alayhi salom) ulardan yuz o‘girdi va " Ey qavmim, batahqiq men sizga Robbimning yuborganini yetkazdim va nasihat qildim. Lekin nasihat qiluvchilarni sevmas ekansiz",- dedi."
Alloh taolo Qurʼoni Karimda Solih ayalhi salomni o‘z qavmiga nasihat qilganini, ular esa nasihatga quloq solmay sarkashlik qilganini zirk qilib, ulardan keyin keluvchi ummatlarga nasihatda ko‘p yaxshilik bor ekanligini eslatib o‘tmoqda.
Avvallari har bir mahallaning yoshi ulug‘ insonlar ushbu mahalladagi yoshlarga nasihat qilar, ular ham o‘z navbatida bu nasihatlarga quloq tutib xulosa chiqarar edi. Lekin keyingi vaqtlarda yoshi ulug‘ insonlarimiz nasihat qilsalar, yoshlarimiz bu nasihatlarni eshitmay qo‘ydilar. Aksincha o‘zlaridan yoshi ulug‘ insonlarga turli xil nomaqbul so‘zlar ishlatib, ularning qalbiga ozor bermoqdalar.
Ana shunday yoshlarga qarata, "Alloh taolo nasihat eshitishni istamagan "Samud" qavmini qay holga solganini bilasizlarmi?" deb beixtiyor aytging keladi.
Har bir mo‘min-musulmon kishi o‘z birodariga nasihat qilishi va o‘z navbatida unga nasihat qilinganda quloq tutib, yaxshi xulosa chiqarishi darkor. Zero Nabiy sollallohu alayhi va sallam muborak hadisi shariflarda shunday marhamat qiladi.
Abu Masʼud ansoriy roziyallohu anhu aytidilar. "Rosululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlariga bir kishi kelib: Men yo‘lda toliqib qoldim, menga ulov bering", dedi. Rosululloh sollallohu alayhi va sallam: "Menda ulov yo‘q. Lekin falonchiga borsang, u ehtimol senga ulov berar", dedilar. U kishi Rosululloh sollallohu alayhi va sallam tayin qilgan odamga borgan edi, u bir ulov berdi. Keyin Rosululloh sollallohu alayhi va sallam kelib, u odam ulov berganini aytganda, Rosululloh sollallohu alayhi va sallam: " Kim bir yaxshilikka dalolat qilsa, o‘sha yaxshilik qilgan kishiga berilgan savob barobarida savobga ega bo‘ladi", dedilar". Imom Buxoriy rivoyat.
Darhaqiqat nasihat ham inson o‘z birodarini yaxshilikka dalolat qilishlikning ayni o‘zidir. Shunday ekan savobda bahramand bo‘lishlik uchun nasihatni ko‘paytiraylik, shunda hamyurtlarimiz orasida yaxshilik qilishlik xislati ko‘payadi.
Abdulbosit Xamidov Toshkent Islom Instituti 2 kurs talabasi