"Yaxshilik qiling"

Inson bu dunyoga nima uchun keladi?! Siz yana qancha umr koʻrasiz?! Alloh taolo bizga ulugʻ ne’mat boʻlgan umrni baxshida etadi. Uni qanday oʻtkazish esa hammaning oʻziga bogʻliq. Shunday insonlar boʻladiki, vafot etar chogʻi bosib oʻtgan yoʻliga nazar solarkan, undan hech narsa qolmaganini, aslida hech qancha yashamaganini anglaydi. Biroq yana shunday insonlar borki, bu dunyodan ketar chogʻida iymon bilan, Allohning irodasini mamnuniyat ila qabul qilib, jonini Yaratganga topshiradi. Bu insonlar vafot etsa-da, yaqinlari qalbida yashashda davom etadi. Bunga yorqin misol, paygʻambarimiz Muhammad s.a.v. mana ming yillab vaqt oʻtsa-da, hali ham jamiki islom ahli, nafaqat islomiyat, balki butun dunyo uchun oʻrnak boʻladigan goʻzal xulq sohibi sifatida tilga olinadilar.

 

عَنْ سَعْدِ بْنِ هِشَامٍ، قَالَ: سَأَلْتُ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا، فَقُلْتُ: أَخْبِرِينِي عَنْ خُلُقِ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، فَقَالَتْ:

«كَانَ خُلُقُهُ الْقُرْآنَ».

رَوَاهُ أَحْمَدُ.

 

Sa'd ibn Hishomdan rivoyat qilinadi:

"Mеn Oisha roziyallohu anhodan: “Mеnga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari haqida xabar bеring”, dеb soʻradim. Oisha onamiz: “U zotning xulqlari Qur’on edi”, dеb aytdi.

Imom Ahmad rivoyat qilgan.

Rasululloh s.a.v. naqadar goʻzal xulq sohibi boʻlganlarini bundanda yaxshiroq ifodalash mumkinmikan. Toʻgʻri, aytishingiz mumkin, xulqning yaxshilikka nima dahli bor, deb. Aslida, yaxshilik – goʻzal xulqdan boshlanadi. Axloqi goʻzal boʻlmagan insondan yaxshilik kutib boʻlmaydi. Oddiygina insonlarga bir shirin soʻz aytish, hattoki, kulib boqish ham yaxshilikdir. Muqaddas Qur’oni Karimda ham yaxshilik qilishga da’vat etilgan: “…Alloh yaxshilik qiluvchilarni yoqtiradi”.

(Oli Imron surasi, 134-oyat)

Yaxshilik qilish bu siz qila oladigan ishlarning eng a’losi desak, adashmagan boʻlamiz. Bu nafaqat islom dinida, balki dunyo xalqlari madaniyitida ham oʻz aksini topgan. Siz kimgadir yaxshilik qilsangiz, albatta, buning ajrini olasiz. Siz kutmagan, siz oʻylamagan tomondan sizga xayr kelishni boshlaydi. Dinimizda gunoh qildingmi, ortidan bir yaxshilik qilib qoʻygin, zora shunga kafforat boʻlsa, deyishadi. Yaxshilik qilish, insonlarga mehr ulashish orqali siz dunyoni yaxshi tomonga oʻzgartirolmasligingiz mumkin, lekin bir insonning dunyosini oʻzgartira olasiz. Katta maqsadlar esa kichik qadamlardan boshlanadi. Bugun siz kimgadir yaxshilik qilsangiz, erta oʻsha odam boshqa bir insonga yaxshilik qiladi. Shu tariqa zanjir ulanib, ezgulikning ulkan bir oqimi vujudga keladi. Bu zanjirning bir qismi boʻlish esa insonga xotirjamlik va oʻziga xos koʻtarinkilik baxsh etadi. Yaxshilik qilishda katta savob bor. Buni quyidagi hadisda ham koʻrishimiz mumkin.

۹۸ - فِى كُلِّ كَبِدٍ حَرَّى أَجْرٌ

  1. Har bir jonzotga (xoh u inson boʼlsin va xoh hayvon) yaxshilik qilishda savob bordir.

Ushbu hadisning yuzaga kelish tarixini Аbu Hurayra (roziyallohu anhu) shunday rivoyat qilgan: “Bir gunohkor ayol magʻfirat qilindi. Bunga sabab u bir kuni quduq boshida zoʻrgʻa nafas olayotgan va chanqoqlikdan oʻlishiga oz qolgan kuchuk yonidan oʻtib qoldi. U darhol oyogʻidan kavushini yechib, roʻmoliga bogʻladi-da, uni quduqqa tushirib, suv chiqardi va kuchukka berib, uni chanqoqlikdan xalos qildi. Shu qilgan yaxshiligi uchun ayol gunohlari afv qilindi”.

"Javome-ul kalim” kitobidan.

 Ammo yaxshilik qilishning ham oʻz qonun-qoidalari bor. Ayniqsa, minnat qilmaslik yoki yordam berishda xolis boʻlishlik juda muhimdir. Nabiy s.a.v aytganlaridek: “Qoʻli ochiqlikning ofati - minnatdir”. Daylamiy va Tabaroniy rivoyat qilgan bu hadisning ma’nosini ulugʻ shoirimiz Alisher Navoiy oʻzlaring “Arba’in” asarlarida quyidagi toʻrtlik orqali yanada ochib berganlar:

“Har kishiga rioyate qilsang,

Minnat oʻtkarmagil gumoninggʻa.

Negakim ul karamga ofat erur

Yukla minnat va lek joninggʻa.”

         Bundan tashqari yana bir toifa insonlar borki, oʻzi istamasdan boshqalarga yaxshilik qiladi, minbad bunday toifaga kirib qolishlikdan saqlanish darkor.

- Ulardan birinchisi – baxildir. U mol-dunyo toʻplaydi, lekin molidan xayr-saxovat qilmaydi. Oxir-oqibat oʻz mulkini oʻzgalarga qoldirib ketadi.

- Ikkinchisi esa gʻiybatchidir. U odamlarni gʻiybat qilib, oʻzining savoblarini ularga oʻtkazib beradi.

Hammamiz mehmon boʻlgan bu dunyodan hech narsa olib ketolmas ekanmiz, hech boʻlmasa, oʻzimizdan yaxshi nom, yaxshi amal qoldiraylik. Insonlarga yaxshilik qilaylik. Buni esa, avvalo, bizni dunyoga kelishimizda sababchi boʻlgan ota-onamizga yaxshilik qilishdan boshlaylik. Ularning koʻnglini koʻtarishlik uchun hech narsa kerak emas, shunchaki tabassum va mehr bilan ularni quchoqlangda, yaxshi koʻrishingizni ayting. Agar vafot etgan boʻlsalar, haqlariga duo qiling. Azizlar, yaxshi ishni ertaga qoldirmang, hoziroq boshlang!

Murodilloyev Nodir Baxodir oʻgʻli

24 Апрель, 2021 йил | 3834