“... kimki yaxshilik qilgan holida yuzini Allohga topshirsa, unga Robbi huzurda ajr bordur. Ularga xavf yo’q va ular xafa ham bo’lmaslar.” Baqara surasi 112- oyat.
Hech bir narsa Alloh taoloning hikmatidan holi emas. Biz musulmon o’lkasida tug’ilib, o’sib yashab kelayotganimiz uchun Allohga behad hamdlar aytamiz. So’zimni musulmon o’lka deb bejizga boshlamadim, chunki o’zbek xalqining qon-qonida dinning ko’plab ahkom va shariat masalalari asriy an’ana bo’lib singib ketgan va xalqimizda ajoyib bir hikmatli gap bor: “Yaxshilik qil. Suvga sol. Bilsa baliq biladi, bilmasa Xoliq”. Ushbu birgina gapning zamirida yaxshilik haqida bir olam ma’no. Ba’zi bir odamlar orasida shunday aqida borki agar o’ziga qaytmasa yaxshilik qilish kerak emas deb hisoblaydilar va shu o’rinda Alloh taoloning lafzi bo’lmish Qur’oni karimning ushbu surasini eslab o’tish kerak: “Yaxshilik bilan yomonlik baroboar bo’lmas. Sen yaxshilik bo’lgan narsa ila daf qil. Ko’ribsanki, sen bilan o’rtasida adovati borkimsa xuddi sodiq do’stdek bo’lur”. Fussilat surasi 34- oyati va ayonki har bir musulmon bo’lgan banda yaxshilikni qilingan boshqa bir bandadan qaytadi degan umidda emas Alloh taoloning roziligini istab qilishi kerak ekan.
Bizni dinimiz jannatni qo’lga kiritishga xizmat qiladigan kalitlardan biri bo’lmish yaxshilikka qilishga juda ko’p bor undagan. Xususan, yaxshiliklarni turi ko’pdir va ularning hammasi inson hayotini nurga burkab iymonimizni sayqallab mustahkamlab boradi. Rasulimiz ﷺ bir hadisda : “Parvardigor, ikki yoshning o‘rtasini yaxshilik ila jam ayla” deb duo qiladila va ko’rib turganimizdek yaxshilikning boshlanishi albatta oiladan. Vaholanki, yangi turmush qurgan oila uchun juda ko‘p narsa kerak. Lekin Muhammad (s.a.v) bitta narsani so‘rayaptilar - Parvardigor ikki yoshning o‘rtasini yaxshilik ila jam ayla. Yosh er-xotinning o‘rtasida, uning e'tiqodida, uning fe'l-atvorida yaxshilik bo‘lsa, boshqa biz so‘ramoqchi bo‘lgan narsalarning barchasi uning ketidan keladi.
Biz shu narsani anglab yetishimiz kerakki biz to’rt muchasi sog’ bo’lib tug’ildik va shuni o’zi ham Allohdan berilgan ne’mat ekanligiga shukrona keltirib boshqalar uchun ochilmagan eshiklar biz uchun ochilganligini o’ylab yaxshilik qilishga shoshimiz kerak. Alloh yaxshilik va yomonliklarni yozib qo’ydi. Abdulloh ibn Abbos roziyallahu anhumodan : “Rosululloh sollalohu alayhi vasallam Robb azza va jalladan rivoyat qilib shunday dedilar: “Darhaqiqat, Alloh yaxshilik va yomonliklarni yozib qo’ydi. So’ngra bularni( bu ishlarning qay biri yaxshi-yomonligini) bayon qildi. Kim bir yaxshilikni qilishga qasd qilsa-yu, lekin uni bajarmasa, Alloh unga ( bajarilmagan, faqatgina qasd qiligan yaxshilikka) O’z huzurida to’liq savob yozadi. Agar (avval) qasd qilib , keyin ( shu yaxshilikni) bajaaradigan bo’lsa, Alloh unga ( bajarilgan yaxshilikka) O’z huzurida o’ntadan yetti yuztagacha va undan-da ko’p savob yozadi. Agar (kishi) bir gunoh-yomonlikka qasd qilib, keyin unga qo’l urmasa, Alloh uni ( o’sha gunoh niyatidan qaytganini) O’z huzurida to’liq savob deb yozadi. Agar unga ( gunohga) qasd qilib turib, keyin qilsa, Alloh uni(o’sha gunoh amalni faqat) bitta gunoh deb yozdi”. Alloh taolo o’z bandasiga shunchalar mehribonki biz buni hatto dengiz ko’pigichalik miqdor bilan ham o’lchashga ojizmiz. Alloh taolo qilgan yaxshiligingga o’z adadidan ortiq ajr savob beraman deganda , bandasi nega savob qilmasligi kerak? Alloh bandasiga shunday marhamatlar berib qo’yganki hatto yegan yegulik va kiygan kiyimi Allohning ko’rsatmasiga binoan bo’lsa bunda banda o’ziga yaxshilim bordur. Hozirgi texnka asrida yashab yaqinlarimiz holidan zamonaviy texnik vositalar yordamida ham xabar olib tursak silayi rahm qilgan bo’lamiz. Allohning bandalari ichida shunday iymonli bandalar haqida Haq subhanahu taolo Mu’minun surasi 61-oyatda shunday marhamat qiladi: “Ana o’shalar yaxshiliklarga shoshilurlar va ular o’sha(yaxshiliklar) lar uchun musobaqa qilurlar”.
Allohning marhamatidan umidvor har bir mo’min banda albatta yaxshilik qiladi. Odamzod avvalo o’zligin anglab yetmog’i darkor ya’ni avval nimagaki qodirligini anglaganda butun ummatga nafi tegadigan ekanligini tushunib oladi chunki Alloh taolo har bir bandasini bu dunyoga kelishida bir hikmati borligini bir oliy maqsadi borligini ta’kidlagan. Hazrat Alisher Navoiy aytganidek:
O’z vujudingg’a tafakkur aylag’il,
Har neniki istarsen o’zingdan istag’il.
Inson o’z “meni”ni anglab yetsagina yaxshilik naqadar buyuk ish ekanligini fahmlaydi va yo’lda tinib tinchimay oxirati uchun savob yig’adi. Tuxumning tashqaridan sindirishsa unda hayot to’xtaydi, ammo u ichidan sindirib chiqilsa yangi hayot boshlanadi shunday ekan har bir mo’min shaxs o’z atrofida sodir bo’layotgan voqea hodisalarni teran mushohada qilgan holda o’z ichidan yonib kuymog’i, yaxshilik yo’lida misli ortga qaytmas shamoldek bo’lmog’i va yo’ldan chetga chiqmog’i kerak, xoh bu yaxshilikni ota onasiga , qarindoshlariga va xoh butun bir ummatga qilib.
Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u zot: “Bir musulmon insonning musulmon ota-onasi bo‘lsa, ularga yaxshilik qilib, uning savobini kutgan holda tong ottirgan bo‘lsa, Alloh taolo unga jannatning ikki eshigini ochadi. Agar faqat biri bo‘lsa bir eshikni ochadi. Agar farzand ota-onadan birining g‘azabini chiqargan bo‘lsa, undan o‘sha shaxs rozi bo‘lmagunicha, Alloh rozi bo‘lmaydi”, dedilar. “Ota-ona unga zulm qilgan bo‘lsa hammi?” – deyildi. “Zulm qilgan bo‘lsalar ham” – dedilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar:“Robbning roziligi otaning roziligida va Allohning g‘azabi otaning g‘azabidadir”. Demak, ota-ona nomiga sazovor bo‘lgan shaxs borki, dinimizda ular ehtiromga loyiq zotlar sifatida qadrlanadi. Yuqoridagi hadisi sharif matnida kelgan “Robbning roziligi” otaning roziligi va “Allohning g‘azabi” otaning g‘azabida ekanining o‘zi ham, Islomda ularning qadri qanchalar yuksak ekaniga dalolat qilib turibdi. Ota-onani rozi qilish bu dunyoda ham, oxiratda ham faqat va faqat yaxshilikka sabab bo‘lishini unutmaslik lozim. Alloh taolo barchalarimizga, ota-onalarimizni rozi qilib, Alloh taoloning roziligiga erishmog‘imizni nasib qilsin!
Alloh taoloning roziligiga erishish maqsadida tinim bilmayotgan barcha qalbida qalbida ezgu niyatlari bor yaxshilik qiluvchilarni Alloh mukofotlasin, izzat ikromda qilsin. Ushbu hayrli ishni boshida turganlarni Alloh taolo ikki dunyoda saodatmand aylasin. Agar yaxshilik qilsangiz ham o’zingiz uchun qilasiz va yomonlik qilsangiz ham. Shuning uchun yaxshilikni Alloh uchun maxfiy qiling yomonlikni yaxshilik bilan oshkora qaytaring.
Ushbu maqolani kimdir o’qib bir marta bo’lsada yaxshilik qilishga qasd qilishini umid qilib savob ilnjida yozgan kamina
Boboqulov Toshpo’lat