Taqvoli zotlarga: Rabbingiz (O‘z Payg‘ambariga) nimani nozil qildi? deyilganida ular: Yaxshilikni , deyishadi. Bu dunyoda yaxshilik qilganlar uchun chiroyli mukofot bo‘lur (Nahl, 30).
Qachondir kimgadir (yoki nimagadir) yaxshilik qilganingizdan so’ng qalbingiz quvonchga to’lib-toshganini, vujudingizda rohat his qilib, huzurlanganingizni, yashashga ishtiyoqingiz oshganini va yanada ko’proq ezgu amallar qilishga ruhlanganingizni sezganmisiz? Albatta sezgansiz, sababi bu inson tabiatiga xos jarayondir. AQSHning Berkley universiteti (Christine Carter, 2011.) va Oregon Davlat universiteti tomonidan o’tkazilgan tadqiqotlarga ko’ra, kishi boshqalarga yordam berganida uning bosh miyasida oksitosin va serotonin gormonlari ishlab chiqariladi. Mazkur gormonlar qon bosimi hamda depressiyani pasaytirib, insondagi o’zini qadrlash tuyg’usi va hayotiy kuch-quvvat oshishiga yordam beradi. Ma’lumki, ko’pchilik tibbiy antidepressantlar serotonin gormonini oshirish orqali tinchlantiruvchi ta’sir hosil qiladi. Xolbuki, olimlarning fikricha, bu natijaga antidepressantlarni qabul qilmasdan, o’zgalarga mehr-sahovat ko’rsatish yo’li bilan ham erishish mumkin.
Alloh subhanallahi taolo olam va undagi mavjudodlarni yaratar ekan ularni yuqorida zikr etilgani kabi ma’lum bir qonuniyatlar asosida, tizimli ravishda tartibga solgan. Mazkur qonuniyatlarni anglash qiyinchilik tug’dirmasligi uchun, ular Qur’oni Karimda oson tilda bashariyatga yetkazilgan. Fikrimiz isboti o’laroq, shuni ta’kidlashimiz mumkinki, zamonaviy texnologiyalar orqali uzoq muddat davomida o’tkazilgan eksperimentlar natijasida olingan xulosalar allaqachon oddiy va soda usulda Qur’oni Karimda bayon etilgan: “Kim biron yaxshilik qilsa, bas, o‘zi uchun (ya'ni, o‘z foydasiga qilgan) bo‘lur” (Josiya surasi, 15-oyat); “Bas, kim (hayoti-dunyodalik paytida) zarra misqolicha yaxshilik qilsa, (Qiyomat kuni) o‘shani ko‘rur” (Zalzala surasi, 7-oyat).
Endi “yaxshilik o’zi nima?” degan savolga javob izlaydigan bo’lsak, ushbu tushunchaga ham muqaddas Qur’oni Karimda aniq javob bayon etilgan:
(Yaxshilik) bo‘yinni (qullikdan) ozod etish, yoki ocharchilik kunida biror qardosh yetimga yo muhtoj bechora-miskinga taom berishdir (Balad, 13-16).
Yaxshilik yuzingizni mashriq yoki mag‘rib tomonga burishingizda emas. Lekin yaxshilik kim Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitobga, Payg‘ambarlarga iymon keltirsa va yaxshi ko‘rgan molini qarindoshlarga, yetimlarga, miskinlarga, vatangadolarga, tilanchilarga, qul ozod qilishga bersa, namozni qoim qilsa, zakot bersa. Ahd qilganda ahdiga vafo qiluvchilar, kambag‘allik, qiyinchilik paytida va shiddat vaqtida ham sabr qiluvchilarga, ana o‘shalar sodiq bo‘lganlardir. Ana o‘shalar taqvodorlardir (Baqara, 177).
Anglashilib turibdiki, yaxshilik bu iymonli, sabr-qanoatli bo’lish bilan birga, boshqalarga imkon boricha ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko’rsatishdir. Bu haqda Hadisi shariflarda, jumladan, “Sahihi Buxoriy” 128-bobda quyidagicha hadis keltirilgan: Sa’id ibn Abu Burda otalaridan, otalari esa, o‘z otalaridan quyidagi hadisni eshitgan erkanlar: «Janob Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Har bir musulmon sadaqa qilmog‘i lozim»,- dedilar. Sahobalar: «Yo Nabiyyalloh, agar hech narsasi bo‘lmasa-chi?»-deyishdi. Janob Rasululloh: «Qo‘li birlan mehnat qilib, o‘zi ham manfaatlang‘aydir, birovga ham sadaqa berg‘aydir»,- dedilar. Sahobalar: «Agar bunga qurbi yetmasa-chi?» - deyishdi. Janob Rasululloh: «Ojizu jabrdiydalarga yordam berg‘aydir»,- dedilar. Sahobalar: «Bu ham qo‘lidan kelmasa-chi?- deyishdi. Janob Rasululloh: «Yaxshilik qilmoq yo‘liga o‘tib, yomonlikdan qaytsin, ana shuning o‘zi uning sadaqa qilganidir!»-dedilar».
Sadaqa, ya’ni yaxshilikning moddiy ko’rinishi masalasida gap ketganda shunisi ahamiyatga molikki, Emori universiteti tadqiqotlariga ko'ra, siz boshqa odamga nisbatan mehr-oqibat ko'rsatganingizda, miyangizdagi zavq va mukofot markazlari, go'yo siz yaxshilikni beruvchiga emas, balki oluvchiga aylanadiganday yonadi. Ushbu hodisa "yordam beruvchining balandligi" deb nomlanadi. Aniqlanishicha, inson kimgadir sovg’a yoki moddiy yordam bersa, uning organizmidagi baxt gormonlari ikki haftagacha saqlanib turarkan. Sovg’a oluvchida esa bu holat to’rt kunni tashkil etarkan. Bu shuni anglatadiki, beruvchi oluvchidan ko’ra ko’proq baxtni his qiladi va foydaga erishadi.
Bu xususida Kalomullohda quyidagicha hukmni uchratishimiz mumkin: Mollarini Allohning yo'lida sarflaydiganlarning misoli xuddi har boshoqda yuztadan doni bor, yetti boshoqni o'stirib chiqaradigan bir dona donga o'xshaydir. Va Alloh O'zi xohlagan kishisiga yanada ko'paytirib beradir. Va Alloh qamrovi kengdir, o'ta biluvchidir (Baqara 261).
Shuningdek, “Sahihi Buxoriy” 105-bobda keltirilishicha Olloh taolo bu xususda bunday deydir: «...(Olloh taolo) sadaqalarni boqib katta qilg‘aydir (berilgan sadaqaga barakot ato etib, ko‘paytirib, egasiga qaytarg‘aydir), Olloh taolo har bir osiy kofirni yomon ko‘rg‘aydir,ammo iymon keltirgan, yaxshiliklar qilgan, namoz o‘qigan va zakot bergan bandalarga Olloh taolo mukofotlar in’om qilg‘aydir, alarga hech qandayin xavfu xatar yo‘qdir, alar g‘am chekmag‘aydirlar». Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimki halol kasb qilib, bir dona xurmochalik sadaqa qilg‘aydir, Olloh taolo uni bajonudil qabul etg‘aydir, so‘ng sizlar toychoqni qandoq boqib ulg‘aytirsangiz, Olloh taolo ham bergan sadaqangizni tog‘ barobarinda qilib, o‘zingizga qaytarg‘aydir»,- dedilar» (Sahihi Buxoriy. 1-jild. Imom Ismoil al-Buxoriy).
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, ezguliklar qilish, saxovatpesha bo’lish, miskinlarga yordam qo’lini cho’zish orqali inson avvalambor o’ziga foyda keltiradi: Alloh taoloning suyukli bandalaridan biri bo’lib ikki dunyo saodatiga erishadi. Zero, «(Ey mo'minlar), xoh oshkora va xoh yashirincha yaxshilik qilsangiz yoki biror yomonlikni kechirsangiz; (Olloh suygan bandalardan bo'lursiz). Zero, Olloh qudratsohibi bo'lgani holda afv qilishda barqaror zotdur» («Niso» surasi, 149-oyat);
“Qanday yaxshilik qilsangiz, shubhasiz Alloh uni bilguvchidir” (Baqara surasi, 215-oyat);
“Qanday yaxshi amal qilsangiz, albatta Alloh biladi” (Baqara surasi, 197-oyat);
Abdullayeva Madina Zokirovna
Toshkent Davlat Yuridik Universiteti
Jinoiy odil sudlov fakulteti 4-bosqich talabasi