YAXSHIDAN BOG’ QOLUR

Bandalari uchun cheksiz ne’matlarni beminnat ato etib, “Kimki yaxshilikni o’z ixtiyori ila qilsa, o’zi uchun yaxshidir” deya xitob etgan olamlar Parvardigoriga beadad hamd-u sanolar bo’lsin.

Ehsonning buyuk va betakror ko’rinishini naqli-yu amali ila namoyon etib, ummatlarini-da yaxshilik qilishga chorlagan Payg’ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga cheksiz durud-u salovotlar bo’lsin.

Alloh taolo “Oli Imron” surasining 92-oyatida shunday marhamat qiladi: “O’zingiz suygan narsadan nafaqa qilmaguningizcha, hargiz yaxshilikka erisha olmassiz. Nimaiki nafaqa qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir”.

Yaxshilik... Deyarli har kuni qulog’ingizga chalinadigan, iste’molda ko’p ishlatilganidan oddiy bir so’zdek eshitiluvchi bu so’zning asl ma’nosi, mohiyati haqida chuqurroq o’ylab ko’rganmisiz, ey dindoshim? Yoshi katta yo’lovchiga joy bermoq, muhtojlarga moddiy ko’mak bermoqdangina iborat deb o’ylarmidingiz yo? Eslang, o’sha ko’chada o’ynab yurgan beg’ubor yoshlik kunlaringizning birida, beixtiyor qoqilib tushib, mittigina yarangiz og’rig’idan o’rningizdan turolmayotganingizda, bir kishi kelib, sizni ko’tarib, bag’riga bosib qo’yib, yana yo’lida davom etgandi. Nima deb o’ylagandingiz o’sha notanish inson haqida? Eslay olmasangiz, men aytay: “Yaxshi amaki ekan”...   

Maktabda o’qib yurgan damlaringiz hech ikkilanmay o’zi uchun olib kelgan non bo’lagidan sizga ham ilinadigan o’rtog’ingizni eng yaxshi do’stim, deb ataganingiz ham yodingizdadir. O’quv yurtida darsiga oshiqib boradigan ustozingizning huzuriga tezroq borishga sizni nima chorlardi? Darslari qiziqarli bo’lar edi, deyishga shoshilmang, dindosh. Axir, hamma qiziq fanlar ham siz uchun sevimli emas edi-ku.    

Yaxshilikning boshqalarga sezilmaydigan bir ko’rinishi bor ekanki, uni faqat yaxshilik qiluvchi va ko’mak oluvchi insonlargina his etishar ekan. Bu mehr bilan, qalb qo’ridan chiqqan yaxshilikdir. Insoniyatni bir-biriga ko’rinmas rishta ila bog’lab turuvchi mo’jizaviy tuyg’u – mehr. Oyati karimada ta’kidlanganidek, mo’min inson o’zi suygan narsalari bilan nafaqa qilib turmog’i lozim. O’sha ehson chin ko’ngildan chiqishi esa nur ustiga nurdir. Inson dunyoga kelar ekan, ulg’ayib borgan sari oldiga turli maqsadlar qo’yib, rivojlanishda davom etadi. Umri davomida biron yutuqqa erishish uchun doim olg’a intilib yashovchilarning ayrimlari o’z hayoti haqida qayg’uradilar-u, yon[1]atrofidagilarni unutib qo’yadilar. Har kim o’z dunyoqarashiga qarab havas qilar ekan-da, kimdir birovning ilmiga, kimdir mansabiga, kim esa mablag’iga, yana kimdir chiroyiga havas qilib o’tadi. Lekin, ortiga bir nazar tashlab qo’ymaganidan uning qanchadan-qancha insonlar orzu qiladigan hayoti borligini o’zi sezmay yashaydi. U bechora o’sha havasdagilarning orasida yordamga muhtojlar borligini qayerdan ham bilsin, axir uning o’z maqsadlari bor...  

Diqqatingizni oddiy arifmetikaga qaratmoqchiman. Tasavvur qilaylik, bir inson doim maqsadlariga erishish va kechagidan ko’ra bugun a’loroq yashash uchun tinimsiz harakat qiladi. Ammo, hech biri ikki bo’lmasligidan doim nolib yuradi. Balki, ko’pchilikka tanish bo’lgan bir teoremani u hali bilmas: A+Y=B. Uning B (baraka)ga yetishishi uchun A (amal)i bor, biroq Y (yaxshilik)i yo’q! Teorema deb ataganim bu formulaning isboti o’laroq, bir atamani eslatib o’tay.        

Arab tilida “yaxshi” ma’nosini anglatgan “xayr” so’zi o’zbek tilida qaysi so’z bilan ko’pincha juft so’z bo’lib yonma-yon keladi? Fikrimcha, topdingiz: Baraka! Formulaning hayotiy isbotini esa, maqolani o’qib bo’lgach, Y va A larni bajarib, B ga erishganingizda ko’rasiz, deb umid qilaman, inshaalloh! Odamlarning ba’zilari: “Qani edi, shu inson kabi men ham mablag’ga ega bo’lganimda edi, ko’p xayriyalar qilib, faqirlarga ko’mak berar edim”, degan xayollarda yuradilar. Ular har qanday holatda ham insonlarga yaxshilik ulashish mumkinligidan xabardormikanlar? Yaxshilikning eng oddiy ko’rinishlaridan biri, hadislarda ta’kidlanganidek, yaxshi xulqdir.  

Siz ezgu fazilatlaringiz ila insonlarning ko’ngliga yo’l topa olib, oz bo’lsa-da yaxshi kayfiyat baxsh etsangiz, bundan o’zingiz ham mamnun bo’lasiz, albatta. Yaqindagina, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bir videorolikka ko’zim tushdi. Hadya etilgan bir dona qo’g’irchoq tufayli paydo bo’lgan o’sha ma’sum qizaloqning shodon kulgusi, hijolat bo’lib yuzini berkitgani shu qadar samimiy, qo’ng’iroqdek ovozi shunchalar yoqimli edi-ki, buni his etgan odam butun dunyodagi muhtoj bolalarga hadyalar ulashgisi kelsa, ne ajab...       

Biz arzimas sanagan, e’tiborsizlik bilan yonidan o’tib ketadigan narsalar boshqalar uchun dunyolarning shodligini olib kelishi mumkin. To’ylarda sochiladigan, oyoq ostida xor bo’lgan pullar kim uchundir boshpana bo’la olar. Biz sep uchun deb yig’gan, javonlarimizni to’ldirishgagina yarayotgan ko’rpalar, qishda ko’mirsiz yashayotgan qishloqlardagi insonlarning joniga oro kirmaydimi? Hashamat uchungina xizmat qiladigan buyumlarimiz uchun ketgan mablag’ga necha oilaga iftorlik dasturxoni yozib berish mumkinligini xayolingizga keltirganmisiz? To’shakka mixlanib yotgan farzandi uchun qo’lidan duo qilishdan boshqa ish kelmayotganidan o’ksinib yig’layotgan onani oynai jahon orqali ko’rib rahmimiz kelib qo’yadi-yu, sog’lig’imiz kushandasi bo’lishgagina xizmat qilayotgan ichimlikni ichib, yana beparvo qo’l siltab ketaveramiz! Dunyoga bir bor keldim, istaganimdek yashayman-da, dersiz, lekin o’ylab ko’ring, vaqtinchalik hashamatdan ko’ra kichik xayriyalar bilan bo’lsa-da, abadiy uyingizning oltin g’ishtlari zahira bo’lib yig’ilib borishi siz uchun foydaliroqdir, balki. Alloh taolo Niso surasi 36-oyatda marhamat qiladi: “Ota-onaga, qarindoshga, yetimlarga, miskinlarga, yaqin qo’shniga, yon qo’shniga, yondagi sohibga, yo’qsil yo’lchiga, va qo’lingiz mulk qilib olganlarga yaxshilik qilinglar”.   

Alloh taolo buyurganidek, biz yaxshilik qilishni, avvalo, ota-onamizdan boshlamog’imiz lozim ekan. Yetim va miskinlarga nafaqa qilish ham insoniy va diniy vazifalarimizdandir. Yetimlarning ko’ziga boqing... Unda siz moddiyatni qo’ya turing, bir shirin so’zga muhtoj ma’sumlikni ko’rasiz. Yetimning boshini silashning o’zigina savob ekanligini e’tirof etgan Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qiyomat kuni sizdek ummatlari bor ekanligidan faxrlanishlarini istamasmidingiz? Har bir mo’minman, degan shaxs buni orzu qilmasdan iloji yo’q. Shunday ekan, shoshiling! Dunyodan o’tganingizdan so’ng ortingizdan salbiy xotiralarga ega dog’ni emas, to oxiratgacha mevalari ko’payib boruvchi bog’ni - sadaqai joriyani qoldiring. Toki O’sha kunda qilgan nafaqalaringiz tarozingizni og`ir qilsin! Mehribon Robbimiz barchamizga ikki dunyo yaxshiligini nasib etsin. Qiladigan nafaqalarimizning ajrini ko’paytirib bersin. Oxiratda Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallam bilan birga hamd bayroqlari ostida to’planib, birgalikda Jannatlarga kirishimizni nasib etsin. Amin.        

Yusupova Dilorom O’zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabasi

27 Апрель, 2021 йил | 2125