Paraning oxiri kursdoshlar gurungi qizib ketdi. Hamma o'zini qiziqtirgan mavzuda gapirib hech kim bir-birini tinglamas hamma o'z sherigi bilan miriqib suhbatlashar edi. Nima bo'ldi-yu to'satdan Marxabo kursdoshim gap boshlab qoldi.
Shanba kuni o'qishga kelayotgan edim. Chamasi, yigirma besh yoshlardagi yigit, ko'rinishidan hali o'n oltiga ham to'lmagan bir qizni ko'chaning holiroq tomoniga o'tqazib ayamay - xo'rlab do'pposlardi. Qiz turishidan soddagina, qishloqlikka o'xshardi . Sal beriroqda odam gavjum, ularni deyarli hamma ko'rib-kuzatib turardi.
Xona birdan quloqqa aylandi. Hammamiz tinglardik
To'g'risi, voqeaga shundoqligicha ko'z yumib ketolmasdim.Menga o'xshagan bir ojizaning tahqirlanishi vijdonimni oyoqqa turg'izdi. Shahd bilan bordim-u:
- Bir pas to'xtang! Nima bo'ldi o'zi? - dedim qaltirab
- Siz aralashmang! Bu mening singlim. Ishingiz bo'lmasin.
- Yolg'on! Men bu bolani tanimayman! - sochlari bolaning changalidagi qiz . (Garchi qiz bu gapi uchun battarroq zarba yeyishini bilsa-da!) yig'lagancha tilga kirib ketdi. Biroq men mushtni tutib qoldim.
- Tinchlanib oling, nima bo'lgan o'zi? Qanday sabab bo'lishi mumkinki, aka singlisini odamlar orasida tahqirlashigacha olib keladigan.To'xtang aka, men sizni eshitaman, tushuntiribroq ayting - xuddi unga ishonganday ko'rinib, vaziyatni yumshatmoqchi bo'ldim. Ta`sir qildi. "Boks qopi bilan shug'ullanayotgan sportchi biroz tin oldi".
- To'rt kundan beri uyga kelmaydi.Doim shu ahvol, hozir ham allaqayoqlardan topib kelyapman, nima qilishim kerak…
Qiz uning qo'lida tutilib turgan qushday tipirchilar edi. Nihoyat, qochdi!... Ushlab qoldim.
G'azablangan "aka" meni ham "singlisi"ga qo'shib asfalasofinga jo'natib yuborgudek, hujum qilmoqchi edi hamki xudo yorlaqab, sal naridagi "tomoshabin" yigitlardan biri bolani ushlab qoldi. "Zo'ravon"ning og'zidan bodi kirib shodi chiqqancha qopqonga tushgan bo'riday tutaqar edi-yu lekin u qadar vahshiylasmasdi. Har qalay "tomoshabin"larning yordami bilan vaziyat biroz yumshadi.
Bu orada men qiz bilan gaplashib, Sarvinozning Zangiotadan ekanligi, 9-sinfda o'qishini-yu, bir haftadan beri dom-daragi yo'q onasini shaharga izlab chiqib o'zlari tomonda yashaydigan ko'cha bezorisiga duch kelib qolganligi haqidagi hikoyasini tingladim.Tutaqib ketdim. Bir qizning "o'zi"ni himoya qilishi uchun shuncha jasorat! Shartda yigitning oldiga bordim-u
- Singlingizning ismi nima? - kinoya bilan savol berdim yigitga
- Yo'ldosheva Sarvinoz! - javob berdi qo'lidagi allaqanday eskiligidan titilib ketayozgan guvohnomani yashirinishga urinib.
- Qanday isbotlaysiz?
Bola noiloj guvohnomani uzatdi. Qizdan familiyasini so'radim. Umuman boshqa. Bola bilan qizning gapi va guvohnoma bir-biriga to'g'ri kelmasdi. Hayron bo'ldim.
- Xo'p, birorta qo'shningizning raqamini bering-chi, tasdiqlasa, hech kim sizga indamaydi. Oilaviy masala o'zingizni ishingiz-u, lekin bu degani zo'ravonlik qilish kerak degani emas. Kim bo'lishingizdan qat`iy nazar, ayol kishini bu darajada tahqirlab urishingiz mumkinmas.
Bola telefon raqam berdi. Javob berilmadi…
102 ga qo'ng'iroq qilishga majbur edim. Yo'qsa, bu bola qizni o'ldirib qo'yishi tayin edi. qilsam, telefonim oylik to'lovli ta`rifda qo'shimcha mablag'i yo'qligi uchun javob bermadi. Keyin, shu atrofdan non olib o'tib-qaytib yurgan amakidan telefonini so'raganimda, rosa ikkilanib, ming bir og'riq bilan uzatdi. Shunchasi bilan Ichki ishlarga telefon qilib vaziyatni aytsam:
- Sizni yolg'on ma`lumot bermayotganingizni qayerdan bilamiz. Balki siz aldayotgandirsiz - degan tiyiqsiz gaplar bilan ensasini qotirib javob berdi Ichki ishlar xodimi.
Shunday holat haqida qanday yolg'on ma`lumot berishim mumkin! Xullas, jurnalistika universetiti talabasi, jurnalist ekanligimni aytganimdan keyin inspektor ma`lumotlarni qayta o'rganib, xodimlarini yuborishini aytdi. Birozdan keyin milliy gvardiyadan xodimlar kelib ularni olib ketishdi…
Hamma bir zum jim qoldi-yu, darrov muhokama boshlanib ketdi. Kim qizni yolg'onchiga chiqardiyu, kim yigitni aybdor qildi. Lekin bu yerda hech kim e`tibor bermagan yana bir narsa bor ediki, dugonamizning dovyurakligi!
Qiz xoh yaxshi xoh yomon bo'lsin, ko'chada ko'rgan qismatdoshining taqdiriga befarq o'tib ketolmay g'azabnok kishining qo'lidan tutib qolish qiz bola uchun naqadar hayratlanarli?!
Umida SATTOROVA
O‘zJOKU talabasi