Insoniyat qadim zamonlardan beri yashab kelayotgan bu dunyo yaxshilikka juda ham muhtoj. Yer sayyorasining turli hududlarida hamon insonlar qiyinchilikda, muhtojlikda, dard-alam ichida yashayotgan bir davrda, o’ziga to’q insonlar o’zini befarqlikka, ko’rib-ko’rmaslik, eshitib-eshitmaslikka olmoqdalar. Yaxshilik shunaqa xususiyatga egaki, egasiga ortig’I bilan qaytadi, oxiratda esa bandaning Allohga suyuk bo’lishiga, uning Jannat ahlidan bo’lishiga sabab bo’ladi. Ammo qilinayotgan yaxshi ish boshqalarga ko’z-ko’z qilmasdan, kishining obro’-e’tiborini, martabasining yuksalishini yoki boshqa bir moddiy manfaatni ko’zlamagan holda qilinishi lozim. Aks holda kishining qilayotgan amali yaxshilik, saxovat deb nomlanmaydi va hisob-kitob tarozusida biror og’irlik bosmaydi, balki kishiga yomon oqibatlar keltiradi. Ortida ta’ma yashiringan xayr-ehson yoxud yaxshilik Alloh rizosiga noil bo’lmaydi. Agar banda uni maqtanish uchun qilgan bo’lsa, hisob-kitobda Alloh taolo ham uni bandalariga ko’rsatib sirini fosh qilib, uyaltiradi. Bir o’ylab ko’ring, odamlar oldida martabangiz, mavqeingiz ulug’ bo’lgani yaxshimi yoki Allohga suyukli bo’lgan afzalmi? Albatta ikkinchi holatni hamma istaydi. Ammo kishi ko’ngliga tuggan ezga amalni amalga oshirsa undan yaxshilik ko’rgan insonlar duo qilib uning umri barokatli, rizqi mo’l bo’lishiga sababchi bo’ladilar. Ulug’ sahoba Abu Hurayra (r.a)dan shunday rivoyat qilishadi: “Saxiy Allohga yaqindir, odamlarga yaqindir, jannatga yaqindir, do’zaxdan uzoqdir. Alloh taologa johil saxiy obid (ibodatga berilgan) baxildan suyuklidir” (Termiziy rivoyati). Albatta, yaxshilik bobida tengsiz, olamlarga rahmat bo’lib kelgan payg’ambarimiz Muhammad (s.a.v) barchamiz uchun yuksak ibratdirlar. Ul zotning har bir amallari yaxshilik edi. Jumladan hadislardan ham ota-onaga yaxshilik qilish, qarindoshlarga, qo’shnilarga, birodarlarga muruvvatli bo’lish, yetimlarga doimo silayi rahm ko’rsatish haqida o’zlari misol bo’lganlari va boshqa ummatlarga ham uqtirganlarini bilamiz. “Yaxshilik qilishning barchasi sadaqadir” deydilar sarvari koinot. Biz sadaqani bir boyning bir nochorga ko’rsatgan moddiy yordam deb tushunamiz. Aslida “sadaqa” so’zi arabcha “sidq” so’zidan kelib chiqqan bo’lib, “yaxshilik” ma’nosini anglatadi.
Bir ajoyib film ko’rgandim. Indoneziyalik talabaning o’zga din vakillar orasidagi hayoti tasvirlangan bo’lib, film qahramoni ko’plab ezgu amallarni boshqa din vakillariga, umuman barcha insonlarga hech qanday ta’masiz amalga oshiradi. Uning bir ajoyib gapi bor: “Insonlar bir-birlariga yaxshilik qilish va bir-birlarini sevish uchun yaratilganlar. Eng sevishga munosib narsa bu – sevgi , nafratga eng munosibi esa aynan nafratdir”. Mana insonlar mavjudliginig sababi nima ekan. Yaxshilik qilish!!! Jumladan, dunyo koronavirus balosiga duchor bo’lib, halokat yoqasida turgan bir davr mobaynida respublikamiz tomonidan qo’shni davlatlarga ham, boshqa iqtisodiy ahvoli og’ir davlatlarga ham saxovat , ko’mak ko’rsatildi. “Sizlardan hech biringiz o’zi uchun yoqtirgan narsani (musulmon) birodariga ravo ko’rmaguncha iymonga ega bo’lmaydi”. Fikri ojizimcha, Anas (r.a) tomonidan zikr qilingan ushbu hadis yaxshilik qilish borasida aytilgan fikrlarning eng kuchlisi sanalsa kerak. Jumladan, Alloh taolo Qur’oni Karimda ham ezgu amallar qilishga buyuradi. Moida surasining 3-oyatida Alloh shunday marhamat qiladi: “Alloh imon keltirib, yaxshi ishlarni qilganlarga mag’firat va ulug’ mukofotlar va’da qiladi”. Darhaqiqat, barcha ezgu amallarni pok niyat bilan, Alloh mag’firatini umid qilib amalga oshirish kerak. Mamlakatimiz kelajagi bo’lmish yosh avlod qalbida bolalik chog’idan yaxshilik, xayr-saxovat kabi amallarning tub ma’nosini singdirib borishimiz, o’zimiz ham o’rnak bo’lishimiz kerak. Ushbu ishlarni amalga oshirish uchun ba’zi bir takliflarimni o’rtaga tashlasam. Maktab bolalariga mas’ul bir yetakchi biriktirib qo’yish kerak. Bu mas’ul shaxs esa bolalar bilan doimo muloqotda bo’lishi , ular bilan yaqindan tanishib, ular bilan muntazam va tez-tez suhbatlar , sayohatlar uyushtirishi lozim. Bolalarda yaxshilik, saxovat, vatanparvarlik kabi ezgu go’yalarning mazmun-mohiyatini tushuntirish uchun amaliy tadbirlar olib borishi talab etiladi. Masalan, bolalar bilan biror joyda mevali daraxt o’tqazishi, hudud (mahalla yoki ko’cha) obodonligiga hissa qo’shishi, keksa insonlarni yo’qlab turishi kabilarni amalga oshirish mumkin. O’zi ekkan daraxtning mevasidan yeyayotgan bolaning quvonchini bir tasavvur qilib ko’ring. Menimcha u bolaning o’rnida bo’lib qilgingiz keldi, shunaqami?
Hozirgi kunda saxovat, yaxshilik borasida ko’plab tashkilotlar, fondlar o’rnak bo’lmoqdalar. Jumladan, “Vaqf” fondi hududlardagi eski masjidlarning ta’mirlab xalq ixtiyoriga topshirmoqdalar, shuningdek nochor, moddiy ahvoli og’ir, nogiron, boquvchisini yo’qotgan fuqarolarga amaliy yordam berib kelmoqda. Shuningdek, respublikamizda faoliyat yuritayotgan boshqa saxovat fondlari tomonidan ham karantin vaqtida kam ta’minlangan oilalarga yordam ko’rsatildi. Albatta, ularning ezgu ishlariga Allohdan rivoj tilab qolamiz. Dunyoyimiz, yurtimiz obod bo’laversin, qalbida, yuragida ezgulik chaqnagan, yaxshilik qilib tolmaydigan insonlarga doimo Alloh yo’ldosh bo’lsin, hammamizni ezgu amallarimizda bardavom, payg’ambarimiz boshlab bergan to’g’ri yo’lda qoim turishimizda kuch-quvvat bersin. So’zimni yakunlar ekanman, fikrimni Zahiriddin Muhammad Boburning ortiqcha izoh talab qilmaydigan ikki qator so’zi bilan tugatsam:
Bori elg’a yaxshilig’ qilg’ilki, mundin yaxshi yo’q,
Kim degaylar daxr aro qoldi falondin yaxshilig’.
Kenjayev Umarali Nurali o’gli