Qurbonlik qurbon hayiti kunlari so‘yiladigan hayvondir. Hanafiy mazhabi bo‘yicha qurbonlik qilish vojibdir. Qurbonlik qilish hur, oqil, muqim va zakot nisobiga molik bo‘lgan musulmon shaxsga vojib bo‘ladi. Hanafiy mazhabi bo‘yicha musofirga qurbonlik qilish vojib bo‘lmaydi.
Qurbonlik vojibligiga dalillar:
Alloh taolo «Kavsar» surasida:
«Albatta, Biz senga Kavsarni berdik. Bas, Robbingga namoz o‘qi va jonliq so‘y», degan.
Ulamolarimiz ushbu oyati karimadagi «namoz»dan murod, iydi qurbon namozi, «jonliq»dan murod qurbonlikka so‘yiladigan hayvon, deganlar.
Mixnaf ibn Qays roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan Arafotda turgan edik. Men U zotning:
«Ey, odamlar, har bir uy ahliga har yili bir qurbonlik va atiyra lozimdir», deganlarini eshitdim».
Sunan egalari rivoyat qilgan.
Ko‘pchilik qo‘shilishib qurbonlik qilishga harakat qiladi. Birov o‘zim qurbonlik qilaman deb bir mol sotib olgan bo‘lsa, olti kishi kelib sherik bo‘lsalar joiz.
Qurbonlikning vaqti, shaharda so‘ysa iyd namozidan, boshqa joyda bo‘lsa iyd kuni tongi otganidan so‘ngdir. Uning oxirgi vaqti uchinchi kunning quyoshi botishidan sal oldin.
Qurbonlikning vaqti iyd namozidan so‘ng ekaniga dalil:
Baro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, ushbu kunimizda eng avval boshlaydigan narsamiz, namoz o‘qimoqligimizdir. So‘ngra, qaytamiz va so‘yish so‘yamiz. Bas, kim o‘shandoq qilsa, bizning sunnatimizni topibdir. Kim undan oldin so‘ysa, o‘z ahliga go‘sht taqdim qilibdi, xolos. Ibodatdan hech narsa yo‘qdir»-dedilar. Abu Burda so‘yib bo‘lgan edi. Bas, u:
«Mening musinnadan yaxshiroq jaza'am bor?» dedi.
«Uni so‘y! Ammo, sendan keyin, biror kishidan kifoya qilmas», dedilar u zot».
Qorong‘ida turli xatolar sodir bo‘lishi mumkinligidan kechasi so‘yish makruhdir.
Alloh taoloning yo‘lida qurbonlik qilaman deb nazr atagan va o‘ziga vojib bo‘lmasa ham, qurbonlik qilaman deb hayvon sotib olgan odamlar vaqtida uni qila olmay vaqtini o‘tkazib yuborsalar, hayvonni tirikligicha sadaqa qiladilar. Chunki, ular o‘zlariga o‘zlari bu ishni vojib qilib olganlar.
Endi, qurbonlik qilinadigan hayvonlarning sifatlari haqida ma'lumot beriladi.
Qo‘ydan jaza' – olti oylik - va undan boshqadan saniy va undan kattasi qurbonlikka yaraydi. Saniy deb bir yoshlik qo‘y – echkiga va ikki yoshlik molga va besh yoshlik tuyaga aytiladi.
Bu hukmlar hadisi shariflardan olingan.
Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga qo‘ylarni O‘z sahobalariga qurbonlik qilishlariga taqsimlab berish uchun berdilar. Bas, bir yoshli uloqcha ortib qoluvdi, uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga zikr qildi. U zot:
«Uni sen qurbonlik qil», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilgan.
Demak, imkoni bor odam kamida bir yoshli qo‘y yoki echki qurbonlik qilishi kerak. Agar kambag‘alligi tufayli, qo‘li qisqalik qilib, bir yoshli qo‘yo-echkining ilojini qila olmasa, olti oylik bo‘lsa ham, kifoya qilaveradi.
Qurbonlikka aylanbosh, shoxsiz, bichilgan va qo‘tir hayvonlarni so‘ysa bo‘ladi. Ammo o‘ta ozg‘in va so‘yar joyga yurib bora olmaydigan cho‘log‘i bo‘lmaydi. Shuningdek, qulog‘i, ko‘zi, dumbasi va dumining uchdan biri ketgani ham bo‘lmaydi.
Bu hukmlarning dalil hadislarda kelgan.
Baro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam ichimizda turib, barmoqlarim U zotning barmoqlaridan qisqa, barmoq uchlarim U zotning barmoq uchlaridan kichkina:
«To‘rt narsa qurbonlikka joiz emas; g‘ilayligi ochiq-oydin hayvon, bemorligi ochiq-oydin hayvon, cho‘loqligi ochiq-oydin hayvon va miyasi chatoq hayvon», dedilar».
Sunan egalari rivoyat qilgan.
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarni ko‘z va qulog‘ini yaxshilab ko‘rib olishimizga; g‘ilayni, muqobalani, mudobarani, xarqoni va sharqoni qurbonlik qilmasligimizga amr qildilar. Men:
«Muqobala nima?» dedim.
«Qulog‘ining bir tomoni kesilgan», dedi.
«Mudobara nima?» dedim.
«Qulog‘ining uchi kesilgan», dedi.
«Sharqo nima?» dedim.
«Qulog‘i yorilgan», dedi.
«Xarqo nima?» dedim.
«Qulog‘i belgi uchun yirtilgan», dedi».
Sunan egalari rivoyati...
Qurbonlikning oxirgi vaqtiga dalil.
Imom Molik Nofe'dan qilgan rivoyatda «Ibn Umar qurbonlik iyd kunidan keyin ikki kundir der edi», deyilgan.
Qurbonlik muhtoj kishilarga, yetim-yesirlarga, kambag‘al va shu qurbonlikka ehtiyoji bor oilalarga beriladi. Qurbonlikning uchdan birini o‘ziga olib qolish ulamolar tomonidan ittifoq qilingan.