Tamagirlik qilganmisiz?

Musulmon inson mol-dunyoga hirs qo‘ymaydi va kishilar qo‘lidagi boylikka tamagirlik qilmaydi. U zarur narsa bilan kifoyalanadi va bori-ga qanoat qiladi. Tamagirlik arabcha «tamaʼa» so‘zidan olingan bo‘lib, bir narsani qalbdan kuchli orzu qilishga aytiladi. «Tamaʼ qildi» bilan «hirs qo‘ydi» bir xil maʼnoni anglatadi.

Agar Tama Alloh taoloning rahmatini orzu qilish maʼnosida bo‘lsa, yaxshi hisoblanadi. Bunga Ibrohim alayhissalomning tamalari misol bo‘ladi: «Va mening xatoyimni qiyomat kuni mag‘firat qilishidan tama qilganim - umidvor bo‘lganim ham, Uning O‘zi».

Alloh taolo O‘ziga xavf va tama bilan duo qiladiganlarni madh etgan: "Ularning yonboshlari (ibodat qilish uchun) o‘rindiqlardan ajrab turar (oz uxlaydilar). Ular Parvardigorlariga qo‘rquv va umidvorlik bilan duo qilurlar va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan ehson qilurlar".

Ammo tama dunyoning o‘tkinchi hoyi-havasi yo‘lida bo‘lsa, yomon narsa hisoblanadi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: «Bilingki, tama faqirlikdir. Tama qilmaslik boylikdir», degan.

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu aytadi: «Ko‘pgina aqllarning qulashi tamalarning chaqmog‘idandir».

Kaʼb va Abdulloh ibn Salom roziyallohu anhumolar birga bo‘lishganda Kaʼb roziyallohu anhu:

— Ey, Ibn Salom! Ilm arboblari kimlar? — dedi.

— Unga amal qiluvchilar, — dedi.

— Bilganlaridan keyin ulamolarning qalbidan ilmni ketkazgan narsa nima? — dedi.

— Tamagirlik, nafsning ochko‘zligi va odamlardan hojatini ravo qilishni so‘rash, — deb javob berdi.

Tamagirlikning zararlari:

1. Tamagirlik iymon zaifligining alomatidir.

2. Tamagirlik Alloh taologa bo‘lgan ishonchdagi nuqsondir.

3. Tamagirlik Alloh taolo haqida yomon gumonda bo‘lishdir.

4. Tamagirlik o‘z egasiga doimiy kambag‘allikni jalb qiladi.

5. Tamagirlik doimiy charchoqlikdir.

Abu Saʼiyd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Ansoriylardan bir qancha odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan (mol) so‘radilar. Bas, u zot ularga berdilar. So‘ngra yana so‘radilar, yana berdilar. Hattoki, huzurlaridagi narsa qolmadi.

Shunda u zot: «Huzurimda ne yaxshilik bo‘lsa, sizlarga bermay olib qolmasman. Kim iffat talab bo‘lsa, Alloh uni iffatli qilur. Kim behojatlik talab qilsa, Alloh uni behojat qilur. Kim sabr talab qilsa, Alloh uni sabrli qilur. Hech kimga sabrdan ko‘ra yaxshiroq va kengroq neʼmat berilmagan», - dedilar» (Beshovlari rivoyat qilishgan).

Ushbu hadisi sharifda musulmon inson o‘ziga berilgan rizq qancha bo‘lsa, o‘shanga chidab, qanoat hosil qilib yurishi yaxshi ekani targ‘ib qilingan. Musulmon inson turmushni yaxshi taʼmin qilish uchun imkoniyatidagi barcha halol vositalarni ishga solib, harakat qilaveradi. Ammo, rizq berish Allohdan ekanini hech qachon unutmaydi. Shuning uchun, o‘ziga berilgan rizq-nasiba Alloh taoloning irodasi ila bo‘lgan, deb biladi. Oz bo‘lsa, norozi bo‘lmaydi, ko‘p bo‘lsa, hovliqib ketmaydi. Chunki, Alloh taoloning irodasiga qarshi chiqish musulmon odam uchun to‘g‘ri emas.

Mazkur rivoyatlarda musulmon inson o‘ziga berilgan va berilmagan rizqqa nisbatan qanday yo‘l tutishi lozimligi haqida bir necha ko‘rsatmalar berilmokda.

Musulmon odam unga Alloh taolo tomonidan berilgan yetarli rizqqa sabr qilib qanoatli bo‘lib o‘tsa, dunyodagi eng katta najotga erishgan bo‘lar ekan. Haqiqiy boylik mol-dunyoning ko‘pligida emas, nafsning to‘qligidadir.

Abu Hozim: «Kimda uch narsa bo‘lsa, aqli raso bo‘lur: o‘zini bilsa, Alloh taolo bergan rizqqa qanoat qilsa va TILIni tiysa», degan.

Baʼzi hukamolar shunday deydilar: Agar tamagirlikka:

— Otang kim? — deyilsa,

— Qadarga shak keltirish, — deydi.

— Hunaring nima ? — deyilsa,

— Xorlikni kasb qilish,

— G‘oyang nima? — deyilsa,

— Mahrumlik, — deydi.

Tamagirlik azizni xor qiladi. Tamasizlik xorni aziz qiladi.

Tamagirlik qilganmisiz?
27 Октябрь, 2021 йил | 3561