Eng ulug‘ ibodat

Alloh taolo O‘z Kalomida bizlarni namozga buyurdi.

Namozlarni va o‘rta namozni muhofaza eting. Va Alloh uchun chin dildan, qo‘rquv ila qoim bo‘ling (Baqara surasi, 238-oyat).

Namozni to‘kis ado etinglar. Albatta, namoz mo‘minlarga vaqtida farz qilingandir (Niso surasi, 103-oyat).

Namozni qoim qiling va Allohga taqvo qiling! U sizlar huzuriga to‘planadigan Zotdir (Anʼom surasi, 72-oyat).

Albatta, Men O‘zim Allohdirman. Mendan o‘zga iloh yo‘q. Bas, Menga ibodat qil va Meni zikr etish uchun namozni to‘kis ado et (Toha surasi, 14-oyat).

Senga Kitobdan vahiy qilingan narsani tilovat qil va namozni to‘kis ado et, albatta, namoz fahsh va munkardan qaytarur. Albatta, Allohning zikri ulug‘dir. Alloh nima qilayotganingizni bilur (Ankabut surasi, 45-oyat).

Namoz Allohga eng mahbub amal

Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh bandaga u o‘qiydigan ikki rakʼat namozdan afzal narsani buyurmagan. Modomiki, banda o‘z namozida bo‘lsa, uning boshidan, albatta, yaxshilik yog‘ilib turadi. Bandalar Allohga undan chiqqan narsa bilan yaqinlashganidek, boshqa narsa bilan yaqinlasha olmaslar”, dedilar. Yaʼni Qurʼon bilan demoqchilar”.

Imom Termiziy rivoyat qilgan.

Rasuli akramdan: “Qaysi amal afzal (Allohga sevimliroq)?” deb so‘rashganda, “Vaqtida o‘qilgan namoz”, deb javob berganlar.

Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan.

Jannat yoki ikki rakat namozdan birini tanlash ixtiyori berilganida ikki rakat namozni tanlardim, chunki namozda Alloh rizosi bor, jannatda esa mening roziligim.

Ibn Sirin

Namoz bandani gunohlardan poklovchi omildir

Amr ibn Saʼd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Usmonning huzurida edim. Tahorat suvi chaqirdi va: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Qaysi bir musulmon odam farz namoz (vaqti) kelsa-yu, uning tahoratini, xushuʼini va rukuʼini yaxshilab ado etsa, albatta, u o‘zidan oldingi gunohlarga kafforot bo‘lur. Modomiki, katta gunoh qilmagan bo‘lsa. Bu doimo hamma vaqt uchundir”, deganlarini eshitganman”, dedi”.

Imom Muslim rivoyat qilgan.

Qaysi bir musulmon namoz o‘qib, u bilan Allohning roziligini talab qilsa, gunohlari xuddi daraxt bargi to‘kilganidek to‘kilib ketadi”.

Imom Ahmad rivoyat qilgan.

Kim ikki rakat namozni Allohga qalbi bilan yuzlangan holda o‘qisa, yangi tug‘ilganiday gunohlardan pok bo‘lib chiqadi”.

Imom Muslim, Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Moja rivoyat qilgan.

Namozni muhofaza qilishga chaqiriq va uni zoye qilishdan ogohlantirish

Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Guvohlik beramanki, men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitganman: “Alloh azza va jalla besh vaqt namozni farz qildi. Kim tahoratni yaxshilab olsa va ularni o‘z vaqtida o‘qisa, rukuʼ va xushuʼni batamom qilsa, Allohning zimmasida uni mag‘firat qilish ahdi bo‘lur. Kim (bunday) qilmasa, unga Allohning zimmasida ahd bo‘lmaydi. Xohlasa mag‘firat qiladi, xohlasa azoblaydi”.

Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilishgan.

Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh azza va jalla: “Men sening ummatingga besh vaqt namozni farz qildim. Men O‘zimga O‘zim: kim ularni muhofaza qilib o‘z vaqtida o‘qib kelsa, albatta, jannatga kiritaman, deb ahd berdim. Kim ularni muhofaza qilmasa, Mening huzurimda unga ahd yo‘qdir”, dedi”, deb aytdilar”.

Imom Abu Dovud rivoyat qilgan.

Alloh namozdadir, Alloh namozdadir. Kim namozni qoldirsa, unga Islomda ulush yo‘q. Kim namozni qazo qilishdan saqlansa, Alloh uni ham saqlaydi. Kim namozni zoye qilsa, Alloh uni ham zoye qiladi.

Umar ibn Hattob

Namoz o‘lchovdir, kim o‘lchovini to‘la qilsa, unga ham to‘la qilinadi, kim urib qolsa, Alloh taolo o‘lchovdan urib qolganlar haqida nima deganini o‘zlaring bilasizlar.

Salmon Forsiy

Vayl bo‘lsin o‘lchovdan urib qoluvchilarga” (Mutoffifun surasi, 1-oyat).

“Vayl” so‘zining ikki xil maʼnosi bor, biri, “Voy bo‘lsin”, ikkinchisi, “Vayl” – do‘zaxning nomlaridan biri, yaʼni o‘lchovdan urib qoluvchilarga “Vayl do‘zaxi” bo‘lsin, degani.

Bizningcha, ikki maʼno bir-birini to‘ldirib keladi: “Vayl”ga tushgan odamning holiga voy bo‘ladi, holiga voy bo‘lgan odam “Vayl”ga tushadi.

Qiyomat kuni bandaning birinchi hisob qilinadigan amali namozdir”.

Imom Termiziy rivoyat qilgan.

Amr ibn Oss roziyallohu anhu shunday degan ekanlar:

“Birortangiz jahannamni ng haqiqatini bilganida edi, ovozi chiqmay qolguncha baqirib, beli singunicha namoz o‘qigan bo‘lar edi”.

(Ibn Muborakning “Zavaiduz zuhd” kitobidan).

Toatlarning sendan favt bo‘lishiga mahzun bo‘lmaslik va toyilishlar bo‘lsa ham, qilganingga nadomat qilmay qo‘yish qalbning o‘limi alomatlaridandir.

Ibn Atoulloh Sakandariy rahmatullohi alayhi o‘zining ushbu hikmatida toatni o‘tkazib yuborishdan xafa bo‘lmaslik va sodir bo‘lgan xatoga nadomat chekmaslik qalbning o‘limi alomati ekanini taʼkidlagan.

Duo

Robbim, meni va zurriyotlarimni namozni to‘kis ado etadiganlardan qilgin. Robbimiz, duoni qabul etgin (Ibrohim surasi, 40-oyat).

So‘ngi so‘z

Aytgin: “Albatta, namozim, ibodatlarim, hayotim va mamotim olamlarning Robbi – Alloh uchundir” (Anʼom surasi, 162-oyat).

Manba

Eng ulug‘ ibodat
28 Октябрь, 2021 йил | 2791