Boylik – odamlar qalbidan eng ko‘p joy olgan, insonlar tomonidan eng ko‘p sevilgan dunyo ziynatidir.
Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Oxiratni deb dunyosini, dunyoni deb oxiratini tark qilgan banda yaxshilaringiz emas. Chunki ikkisida ham jamg‘arishi lozim bo‘lgan jihati bor. Odamlarga boqimanda bo‘lib qolmanglar – zinhor o‘zgalarga og‘irligingiz tushmasin”.
Mazkur hadis mo‘min-musulmonlarni u dunyoni unutmagan holda, o‘zgalarga yuk bo‘lmasdan, mehnat qilib, halol yo‘l bilan bu dunyo ehtiyojlariga yetarli mulk, mablag‘ topishga undaydi. Ammo, mo‘may daromad orttiraman, oson boy bo‘laman deb, haromga qo‘l urish kambag‘al bo‘lishdan ko‘ra og‘irroq musibat va azoblarning sababchisidir.
So‘nggi paytlarda, internet sahifalari, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda “uydan chiqmasdan boy bo‘lishni xohlaysizmi”, “Ko‘p pul topish uchun ajoyib imkoniyat” yoki “Bir kunda 1 million topishni istaysizmi?” kabi jimjimador reklamalar orqali turli kanallar va guruhlarga aʼzo bo‘lishni taklif qilayotgan “bet”lar haddan ziyod ko‘payib ketdi. O‘ziga ohanrabodek jalb etayotgan bunday so‘zlar domiga tushayotganlar soni esa kundan kunga ortib bormoqda. To‘g‘rida, osongina, hech qanday mehnatsiz va harakatsiz pul topish, boyib ketish kimga ham yoqmaydi?! Biroq ozgina aql yuritsangiz ularning firibgar va yolg‘onchi, kamiga ochiqchasiga QIMORBOZ ekanligini va sizni ham qimorga tortayotganining guvohi bo‘lasiz. Qimor esa HAROM.
Alloh taolo Qurʼoni karimda qimorni qattiq qoralab shunday marhamat qiladi:
“Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) cho‘plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo‘ling. Shoyadki, najot topsangiz” (“Moida” surasida, 90-oyat).
“Albatta, shayton xamr va qimor tufayli oralaringizga adovat va yomon ko‘rishlikni solishni hamda sizlarni Allohning zikridan va namozdan to‘sishni xohlaydir. Endi to‘xtarsizlar?!” (“Moida” surasida, 91-oyat).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Rasululloh sollollohu alayhi vasallam: “...Kim bir birodariga: “Kel, qimor o‘ynaymiz” desa, darhol sadaqa qilsin”, deganlar (Buxoriy rivoyati).
Qimor shu darajada og‘ir gunohki, uni o‘ynaymiz, degan gapning o‘ziyoq kafforotni taqozo qiladi. Bunda, qimor o‘ynamoqchi bo‘lgan pulni sadaqa qilish ko‘zda tutilgan. Zinhor qimordan yutib olgan pulni emas. Qimordan yutilgan pul haromdir. Haromni sadaqa qilib bo‘lmaydi.
Xo‘sh, ayni damlarda odamlarni pul topishga qiziqtirayotgan internet tarmog‘idagi guruhlar va kanallarni boshqarayotganlar, o‘zlarining qilmishlari qimor, yaʼni o‘ta og‘ir gunohligini hamda shu orqali topgan pullari harom ekanligini bilisharmikan?! Keling, bu “shovvoz”larning pul topish uslublari bilan yaqindan tanishamiz.
Avvalo, ular reklamalarda o‘zlarini go‘yoki qaysidir sport o‘yinidagi maʼlum bir jamoaga pul tikib, boyib ketgan (bu qimor!) va shu boyliklarini sizlar bilan bo‘lishmoqchidek ko‘rsatadi. Baʼzilari esa kanalga aʼzo bo‘lganingizdan so‘ng “falon musobaqadagi unisiga, bunisiga pul tiking” degan taklifni kiritadi. Biroq, kanalga yoki saytga kirishingiz bilan oldindan hisobni to‘ldirish kerakligini aytishadi. Mana shu yerda siz ham qimor o‘yiniga aralashasiz (qimorboz bo‘lasiz) hamda firibgarning tuzog‘iga tushasiz. Chunki, hali bu harom va jirkanch qimor o‘yinlarida yutib, pulini olgan biror kimsani tanimaysiz. Demak, ular firibgar.
Firibgarlar...
Keling, Alloh taoloning Kalomida keltirilgan bir oyatga nazar solamiz: “Mol va boyliklaringizni o‘rtalaringizda botil yo‘llar bilan yemangiz. Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo‘l bilan yeyish maqsadida uni hokimlarga havola etmangiz.”(Baqara surasi, 188-oyat).
Yuqorida sizni boy qilaman degan «svaypchilar»ning firibgar ekanligini taʼkidladik. Alloh taolo O‘z Kalomida botil yo‘l bilan o‘zgalar molini yeyishni man qilgan. O‘zganing molini nohaq yeyish esa HAROMdir.
Hadislarda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim odamlarning molini qaytarib berish maqsadida olsa, Alloh taolo unga yordamchi bo‘ladi. Kim odamlarning moliga talofat yetkazish (chuv tushirish) uchun olsa, Alloh taolo uning o‘ziga talofat yetkazadi” – deya taʼkidlaganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Yana bir hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim bizni aldasa, u bizdan emas. Makr va aldov do‘zaxdadir” – deya bizlarni o‘zgani aldash va makr-hiyla yo‘li bilan odamlar molini yeyishdan qaytarganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Oson pul topish va tezda boyib ketish niyatida yurgan vatandoshlarimiz, ayniqsa yoshlarimizga xitobimiz shu:
Alloh taologa duo qilib, rizqingizga baraka berishini so‘rang;
Mehnat qilishni o‘rganing;
Halol yo‘l bilan boylik orttiring;
Pulingizni halol va pok ishlarga sarflang;
Qimordan hazar qiling. Qimorbozning joyi jahannamdadir;
Firibgarlarga aldanmang, aqlingiz va iymoningizga quloq soling;
Firibgarlarning yuqoridagi kabi turli hiylalarini internet va messenjerlarda tarqatmang;
Alloh taoloning hisobi va AZOBIDAN qo‘rqing!
Hurmatli, ijtimoiy tarmoqlardagi, xususan Telegram messenjerida faoliyat olib boruvchi “admin”lar! O‘z kanalingiz orqali qimor, fahsh, gunoh, firibgarlik va boshqa, insonlarni yo‘ldan ozdiruvchi, iymoniga salbiy taʼsir etuvchi reklamalrni tarqatishni BAS QILING!
Qonuniy, halol va adolatli biznes rejalar, takliflar va hamkorliklarni targ‘ib eting!
Kimlarningdir gunoh amallariga sherik bo‘lib qolmang!
Azizlar, Sarvari koinot Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam “Harom yeb o‘sgan vujud jannatga kirmaydi”, deganlar (Imom Ibn Hibbon rivoyati).
Chunki, harom luqma yegan kishining duolari ham, ibodatu iltijolari ham qabul bo‘lmaydi!
HAROMDAN UZOQROQ YURING!
Saidabror Umarov