Nabiy sollallohu alayhi va sallam marhamat qilganlar: “Qilingan ezgu amal va yaxshiliklar yomon falokatu-halokatlar (xunuk va noxush o‘lim topish) saqlagay! Maxfiy qilingan sadaqa Alloh taoloning g‘azabini (bir rivoyatda “suv olovni o‘chirgani kabi” qo‘shimchasi ham bor) o‘chirgay! Silai rahm (qarindoshlik aloqalarini bog‘lash) umrga ziyodalik (bag‘ishlovchi)dir! (bir rivoyatda “va faqirlikdan saqlaydi” degan qo‘shimchasi ham bor). Har bir yaxshilik sadaqadir. Dunyoda yaxshilik qiluvchilar, Oxiratda ham yaxshilik ahli (qatorida) bo‘ladilar. Bu dundyoda yomonlik ahli (yomon ish qiluvchi) bo‘lganlar, Oxiratda ham yomonlik ahli (qatorida) bo‘ladilar! Jannatga birinchi bo‘lib kiruvchi (jamoa ham) yaxshilik ahlidirlar! (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Yaxshilik qiluvchi dunyoda hargiz toyilmas, toyilsa ham, albatta, suyanchiq topa olur”, degan.
Ibn Munkadirdan “Amallarning qaysi biri eng afzal?” deb so‘radilar. Shunda: “Mo‘minning qalbiga xursandlik kiritish”, dedi. So‘ngra: “Dunyoda eng sevimli ishingiz nima?” deb so‘rashganda, u yana: “Yoru-do‘stlarga fazl qilish: ularga ham moddiy, ham jismoniy ko‘makchi bo‘lish”, deb javob berdi.
Vahb ibn Munabbih: “Dunyoda eng yaxshi hayot kechiruvchi kishi – yashash sharoitini yaxshilash bilan bir qatorda boshqalarning turmushini ham yaxshilash payida bo‘luvchi kishidir. Dunyoning eng lazzatli narsasi – Yoru-do‘stlarga fazl qilishdir”, deb aytgan.
Shoir Abul Atohiya o‘z sheʼrida bunday degan:
Qo‘lingdan kelgancha qilib yaxshilik,
Birodaring g‘amlarin arituvchi bo‘l!
Mard yigitning eng yaxshi kuni axir,
Hojatlarni ravo qilgan kunidir!