Silai rahm har bayramda qarindoshlaringni bir necha daqiqaga ko‘rishga borishligingni anglatmaydi. Vaqting keng bo‘lishi uchun qaniydi ularni uyimda topmasam deb umid qilasan. Bu haqiqiy silai rahm emas!
Silai rahm – qarindoshlaring bilan aloqa qilmoqliging, ularni ziyorat qilmoqliging, ular bilan birga o‘tirmoqliging va ularning hollaridan doimo xabardor bo‘lib turishligingdir.
Silai rahm – qarindoshlaringni qo‘lidan tutib, Alloh taolo tomon yetaklamoqligingdir. Mana shu Alloh taolo iroda qilgan silai rahmdir.
Silai rahm… oldin aloqa qilasan, ochiq-oydin aloqa qilmoqliging yaxshiroq. So‘ng ziyorat qilasan, so‘ng ularning ahvollaridan xabardor bo‘lasan, so‘ng ularga ham moddiy, ham ma’naviy ko‘mak berasan. So‘ng ularning qo‘llaridan tutib, Alloh taolo tomon yetaklaysan.
Qarindoshlaring va yaqinlaring… Ularning sendan boshqa kimi bor?
Boshqa kishilar… sen ham ular uchun, sendan boshqa ham ular uchun borsizlar.
Ammo, qarindoshlaring va yaqinlaring, ular uchun sendan boshqa hech kim yo‘q.
Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qildilar: “Alloh taolo rizqini keng qilishi va ajalini kechiktirishi kimni quvontirsa, u silai rahm qilsin” (Buxoriy va Termiziy).
Silai rahm deyilganida, qarindoshlik aloqalarini mustahkamlash tushuniladi. Soddaroq ifodalasak, qavm-qarindosh, yoru birodarlar bilan o‘zaro bordi-keldini uzib qo‘ymaslik, doimo qondoshlar, ayniqsa, ular orasidagi betoblari va hojatmandlari holidan xabar olish, qo‘ldan kelganicha ularning og‘irini yengil qilish kabi ulug‘ insoniy fazilatlarga silai rahm deyiladi.
Mo‘‘tabar aqida kitoblarimizda, jumladan, “Aqoidi Nasafiy”da bunday deyiladi: “Ajal bittadir”.
Shunday ekan, umrni uzaytirishni qanday tushunish kerak?
Ba’zi ulamolar bunday javob berganlar: “Amallarda barakot va tavfiq hosil bo‘lishi umrning bekorga o‘tmasligidir. Bu xuddi uning uzayganiga o‘xshaydi”.
Ba’zi ulamolar, silai rahm o‘lganidan keyin yaxshilik bilan yodlanishiga sababdir, bu umrning ma’nan uzayishidir, deyishgan.
Ba’zi hadis olimlariga ko‘ra, ajalning kechikishi deyilganida umrning ortishi emas, balki Alloh silai rahm qiluvchining naslidan xayrli zurriyot chiqarishi tushuniladi. Abu Dardodan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinishicha, Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlarida “Kim silai rahm qilsa, ajali kechiktiriladi”, deyilganida, u zot bunday marhamat qildilar: “Umr uzaymaydi. Alloh taolo: “Bas, qachon ularga ajallari kelsa, uni biron soatga orqaga ham, oldinga ham sura olmaydilar” (A’rof, 34), deya ogohlantirgan. Ammo kishi silai rahm qilsa, uning ortidan duo qiladigan xayrli zurriyoti bo‘ladi” (Tabaroniy rivoyati).
Bu masalaga Ibn Hajar Asqaloniy bunday sharh keltirgan: “Umrning uzayishi deyilsa, bandani toatga yo‘llash va oxirat uchun foydali amallarni bajarishga ishtiyoq berish, vaqtini bekorga o‘tkazishdan saqlash orqali umrini barakotli qilib qo‘yish tushuniladi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) ummatlarining umri boshqa ummatlarga nisbatan juda qisqaligini aytib, duo qilganlarida, Qadr kechasi berilgan. Zero, kim ushbu kechaga yetishib, uni toat-ibodat bilan o‘tkazsa, sakson uch yil ibodat qilganning savobini olishi haqida hadislar bor.
Xullas, silai rahm toatning ortishi va gunohlarning kamayishiga sababdir, u orqali banda o‘zidan yaxshi xotira qoldiradi va xuddi o‘lmagandek bandaga savob yozilib turaveradi. Mo‘minga asqotadigan narsalar ichida o‘zidan keyin foydalaniladigan ilm, sadaqai joriya va solih farzand ham bor”.