“Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur. Yana, uni o‘zi o‘ylamagan joydan rizqlantirur. Kimki Allohga tavakkul qilsa, bas, (Allohning) O‘zi unga kifoya qilar. Albatta, Alloh O‘zi (xohlagan) ishiga yetuvchidir. Alloh barcha narsa uchun miqdor (o‘lchov) qilib qo‘ygandir” (Taloq, 2-3).
Sa’labiyga ko‘ra, ko‘pgina mufassirlar ushbu oyati karimani Molik ibn Avf Ashja’iy haqida nozil bo‘lgan, degan fikrni ilgari suradilar.
Jobir bin Abdulloh (r.a.)dan rivoyat qilinadi. Fayridinlar Molik ibn Avf Ashja’iyning Solim ismli o‘g‘lini asir qilib olib ketdi. U Rasululloh (s.a.v.)ga faqir ekanidan shikoyat qildi va: “Ey Allohning rasuli, o‘g‘limni dushmanlar asir qilib olib ketdi, onasi bunga chidolmayapti, menga nimani amr qilasiz?” dedi. Payg‘ambar (s.a.v.) bunday marhamat qildilar: “Allohdan qo‘rq va sabr qil. Senga ham, onasiga ham “La havla va la quvvata illa billah”ni ko‘p-ko‘p takrorlashni buyuraman”. Molik uyiga qaytib, ayoliga bu gaplarni yekazdi. Ayoli bundan xursand bo‘ldi, ikkovlashib o‘sha so‘zlarni takrorlashga kirishishdi.
Dushman bir marta ularning o‘g‘lini poylashdan g‘aflatda qoldi. O‘g‘il (fursatdan foydalanib) dushmanlarning qo‘ylarini oldiga solib otasining oldiga keldi. U olib (qochib) kelgan qo‘ylarning soni to‘rt mingta edi. Shunda mana shu oyati karima nozil bo‘ldi. Payg‘ambar (a.s.) qo‘ylarni uning o‘ziga berdilar.
Muqotilning rivoyatida aytiladi: “Solim bir miqdor qo‘y va ba’zi narslarni qo‘lga kiritdi. (Molik Ashja’iy) Payg‘ambar (a.s.)ga “O‘g‘lim olib kelgan narsalardan yeyish menga halolmi?” deb so‘raganida, u zot (a.s.): “Ha”, deb javob berdilar. Shunda ushbu oyat nozil bo‘ldi”.
“Kim Allohga taqvo qilsa, U unga chiqish yo‘lini (paydo) qilur”.
Ibn Abbos (r.a.) oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa, Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan. Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘li ko‘rsatadi”.
“Yana, uni o‘zi o‘ylamagan joydan rizqlantirur”. Ya’ni savob yozadi, unga bergan ne’matlarini barakotli qilib qo‘yadi.
Sahl ibn Abdulloh aytadi: “Kim sunnatga rioya qilish xususida taqvo qilsa, Alloh uni bid’at ahli bilan jazoga tortilishdan qutqarib, muammodan chiqish yo‘lini ko‘rsatadi va unga kutmagan joyidan rizq sifatida jannatni beradi”.
Oyatni, shuningdek, ba’zi ulamolar bunday sharhlaganlar: “Kim rizq xususida boshqa sabablarga bog‘lanishni bir chetga yig‘ishtirib, Allohdan qo‘rqsa, U boshqalarga muhtoj bo‘lmaslik borasida unga bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
Umar bin Usmon Sadafiy aytadi: “Kim Allohdan qo‘rqsa”, ya’ni U belgilab bergan chegaradan chiqmay, Unga isyon qilish sanaladigan ishlardan uzoq tursa, unga Alloh taolo haromdan halolga, tanglikdan keng-mo‘llikka va do‘zaxdan jannatga o‘tishi uchun “chiqish yo‘li paydo qiladi va unga umuman kutmagan va “umid qilmagan joyidan rizq beradi”.
Abu Zarr (r.a.) aytadilar: Payg‘ambar (s.a.v.) bunday marhamat qildilar: “Men shunday oyati karima bilamanki, agar odamlar unga haqiqiy amal qilishsa, oyat ularga kifoya qiladi”. Keyin Abu Zarr “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur. Yana, uni o‘zi o‘ylamagan joydan rizqlantirur” oyati karimalarni o‘qidilar va uni bir necha marta takrorladilar (Abu Nu’aym, “Hilya”).
Ibn Abbos (r.a.) aytadi: “Rasululloh (s.a.v.) “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur. Yana, uni o‘zi o‘ylamagan joydan rizqlantirur”, oyatini o‘qib, undagi “chiqish yo‘li”ni “Dunyo shubhalaridan, o‘limning dahshatlaridan va Qiyomat kunining shiddatlaridan qutulish yo‘li”, deb izohlaganlar (Daylamiy rivoyati).
Imron ibn Xusayn (r.a.)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) bunday marhamat qildilar: “Kim hammadan umidini uzib, faqat Allohga umid bog‘lasa, Alloh taolo uning har turli ehtiyojini va rizqini kutmagan yeridan yetkazadi hamda birovlarga muhtoj bo‘lishdan qutqaradi. Kim umidini dunyoga bog‘lasa, Alloh taolo uni dunyosi bilan yolg‘iz tashlab qo‘yadi” (Tabariy va Bayhaqiy rivoyati).
Ibn Abbos (r.a.) rivoyat qiladilar. “Rasululloh (s.a.v.) bunday marhamat qilganlar: “Kim ko‘p istig‘for aytib yursa, Alloh taolo unga har turli ehtiyojlardan qutulish, har qanday tanglikdan chiqish yo‘li ko‘rsatadi va kutmagan yeridan rizqlantiradi” (Abu Dovud va Hokim rivoyati).
“Kimki Allohga tavakkul qilsa, bas, (Allohning) O‘zi unga kifoya qilar”.Ya’ni kim ishini Alloh taologa havola qilsa, unga qiyin bo‘lgan barcha xususlarda Alloh taolo unga kifoya qiladi.
Oyati karima bunday ham sharhlangan: “Kim Allohdan qo‘rqib, gunoh-ma’siyat ishlardan uzoq bo‘lsa va Allohga tavakkul qilsa, oxiratda beriladigan mukofot unga kifoya bo‘ladi”.
“Albatta, Alloh O‘zi (xohlagan) ishiga yetuvchidir”.Masruq aytadi: “Bu oyatda Alloh taolo o‘ziga tavakkul qilgan kishilarning ajri haqida so‘z yuritgan. U O‘ziga tavakkul qilganlarning gunohlarini yashirib, mag‘firat qiladi va beradigan mukofotini ko‘paytiradi”.
Rabi’ ibn Haysam aytadi: “Alloh taolo o‘z zoti haqida shunday deydi: Kim Allohga tavakkul qilsa, uni boshqalarga muhtoj bo‘lishdan qutqaradi; Kim Unga imon keltirsa, Alloh uni hidoyatga yetaklaydi; Kim Unga qarz bersa, qiymatini o‘taydi; Kim o‘zini Unga ishonib topshirsa, uni asraydi; Kim Unga duo qilsa, ijobat qiladi. Alloh taoloning Kitobida bularning to‘g‘riligini tasdiqlovchi oyatlar bor”.
Imom Qurtubiy tafsiri asosida No‘mon Abdulmajid tayyorladi.
“Irfon” taqvimining 2012 yil 4-sonidan olindi.