ODAMLAR MAQTASHI UCHUN QILDINGIZMI..?

Har bir mo‘min-musulmon banda hazir bo‘lishi lozim bo‘lgan qalb xastaliklarining biri riyodir.

Ibn Hajar Asqaloniy riyoni quyidagicha taʼriflaydi: «Riyo odamlar ko‘rib, egasini maqtashlari uchun ibodatni izhor qilishdir». Tahonaviy riyoni quyidagicha taʼriflaydi: «Riyo yaxshilikni boshqalar ko‘rsin uchun qilishdir. Unda xolis niyat va ixlos bo‘lmaydi».

«Ey mo‘minlar, molini odamlarga ko‘rsatish uchun beradigan, Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan kimsaga o‘xshab, bergan sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo‘qqa chiqarmang...» (Baqara surasi, 264).

Ya'ni, riyokor riyo qilgani sababli infoq-ehsonlarini yo‘qqa chiqargani singari, sizlar ham minnat va ozor bilan qilgan sadaqotlaringiz ajridan mahrum bo‘lib qolmang, deyilmoqda.

«Bas, kim Parvardigoriga ro‘baro‘ bo‘lishidan umidvor bo‘lsa, u holda yaxshi amal qilsin va Parvardigoriga bandalik qilishda (riyokorlik bilan) biron kimsani (Unga) sherik qilmasin! (Ya'ni, qiladigan barcha amallarini Yolg‘iz Alloh uchun qilsin)» (Kahf surasi, 110).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qiyomat kunida birinchi bo‘lib hukm (hisob-kitob) qilinadigan kimsa - shahid kishi. Uni keltirishadi, so‘ng Alloh taolo unga ne'matlarini tanitadi, u tan oladi. «Bular evaziga nima qilding?» deb so‘raydi. «Sening yo‘lingda jang qildim, hattoki shahid bo‘ldim», deydi. «Yolg‘on aytding, sen «falonchi jur'atli» deb aytishlari uchun jang qilding. Sen istagan narsa aytildi», deydi. So‘ng buyuradi va u yuzi bilan sudralib, do‘zaxga uloqtiriladi. Keyin ilm o‘rganib, o‘rgatgan va Qur'on o‘qigan kishini keltirishadi. Alloh taolo unga ne'matlarini tanitadi, u tan oladi. «Bular evaziga nima qilding?» deb so‘raydi undan. «Sen uchun ilm o‘rganib, uni (boshqalarga) o‘rgatdim va Qur'on o‘qidim», deydi. «Yolg‘on aytding, sen olim, deb aytishlari uchun ilm o‘rganding va qori deb aytishlari uchun Qur'on o‘qiding. Bu gap aytildi», deydi. So‘ng buyuradi va u yuzi bilan sudralib, do‘zaxga uloqtiriladi. Keyin Alloh rizqini keng qilib qo‘ygan, turli tuman mol-dunyo ato etgan kishini keltiradilar. Alloh taolo unga ne'matlarini tanitadi, u tan oladi. «Bular evaziga nima qilding?» deb so‘raydi. «Sen infoq-ehson qilinishini yaxshi ko‘rgan biror yo‘lni qoldirmasdan Sen uchun infoq qildim», deydi. «Yolg‘on aytding, sen saxiy, deb aytishlari uchun shunday qilding. Bu narsa aytildi», deydi. So‘ng buyuradi va u yuzi bilan sudralib, do‘zaxga uloqtiriladi» (Muslim, Nasoiy va boshqalar rivoyat qilishgan).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Riyoning ozginasi ham shirkdir!»

Yana: «Sizlar xususingizda qo‘rqadigan narsalarimning eng qo‘rqinchlisi kichkina shirk», dedilar. «Kichkina shirk nima?» deyishdi. «Riyo» dedilar.

Yana: «Insonlar amallariga yarasha jazo-mukofot olgan vaqtida Alloh taolo (riyokorlarga): «Dunyoda kimlar uchun riyo qilgan bo‘lsangiz, o‘shalarga boringlar. Qaranglar-chi, ularning huzurida biron mukofot toparmikansiz?!» deydi», deganlar (Imom Ahmad rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Alloh taolo: «Men sheriklarning shirkdan behojatrog‘iman. Kimki Men uchun biron amalni qilsa, unda boshqani Menga sherik qilsa, Men undan behojatman. U o‘sha «sherik» uchundir», dedi» (Ibn Moja rivoyati).

Yana aytadilar: «Kimki (odamlar) eshitsin desa, Alloh eshittirib qo‘yadi va (odamlar) ko‘rsin desa, Alloh ko‘rsatib qo‘yadi» (Muttafaqun alayh).

Ya'ni, kimki odamlar ko‘rishi yoki eshitishi uchun biron amalni qilsa, qiyomat kunida Alloh taolo uning buzuq niyatini fosh etadi va guvohlar huzurida sharmanda qiladi.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Ko‘p ro‘zadorlar borki, ularning ro‘zasidan oladigan «ulush»lari faqat ochlik va tashnalikdir, ko‘plab kechalari qoim bo‘luvchilar borki, ularning qoimlikdan oladigan «ulush»lari faqat bedorlik, xolos» (Tabaroniy rivoyati).

Ya'ni, agar namoz va ro‘za Alloh taoloning roziligi uchun bo‘lmas ekan, unga savobi berilmaydi.

Ba'zi hukamolar aytishgan ekan: «Riyo va sum'a (odamlar eshitishi) uchun amal qilgan kimsa hamyonini toshlar bilan to‘ldirib olgan kishiga o‘xshaydi. U bozorga bir narsa sotib olish uchun kirib, sotuvchining oldida hamyonini ochsa, ichi to‘la tosh bo‘ladi va sotuvchi toshlarni uning yuziga otadi. Insonlarning: «Hamyoni juda to‘la ekanmi?» degan so‘zlaridan boshqa unga hech bir manfaat yo‘q va unga hech vaqo berilmaydi».

Xuddi shunga o‘xshab riyo va odamlar eshitsin, deb qilingan amallardan zarracha foyda yo‘q, oxiratda unga savob ham berilmaydi.

«(Zotan), Biz ular qilgan har bir (yaxshi) amalga kelib, uni sochilgan to‘zon (kabi) qilib qo‘ygandirmiz» (Furqon surasi, 23).

Ya'ni, Allohning roziligidan boshqa narsa uchun qilgan amallarini savobsiz qoldiramiz va ularni quyosh nurida ko‘rinadigan g‘ubor kabi qilib qo‘yamiz, deyilmoqda.

Adiy ibn Xotim roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir toifa odamlarni do‘zaxdan jannatga olib borish buyuriladi. Ular jannatga yaqinlashib, uning bo‘ylarini hidlab, undagi qasrlar va Alloh jannat ahli uchun hozirlab qo‘ygan narsalarni ko‘rishgach, «Ularni jannatdan burib yuboringlar, u yerda ularga nasiba yo‘q», deb nido qilinadi. Shunda ular: «Parvardigoro, bizga jannatingni va u yerda do‘stlaring uchun hozirlab qo‘ygan narsalaringni (noz-ne'matlaringni) ko‘rsatmasdan turib do‘zaxga kiritganingda, bizga osonroq bo‘lardi», deyishadi. «Men sizlarga shuni iroda qildim, - deydi. - Chunki sizlar yolg‘iz qolganingizda, ulkan gunohlar bilan Menga qarshi chiqdingiz va odamlarga yo‘liqsangiz, ularga itoatkor - taqvodor bo‘lib ko‘rindingiz. Insonlarga qalbingizdan Men uchun bergan narsalaringizning teskarisini ko‘rsatdingiz. Odamlardan qo‘rqdingiz, Mendan qo‘rqmadingiz. Odamlarni ulug‘ladingiz, Meni ulug‘lamadingiz. Odamlarni deb (biron gunoh ishni) tark etdingiz, Men uchun tark etmadingiz. Mana bugun sizlarni savobdan mahrum etganimdek, alamli azobga giriftor qilaman».

Ba'zi hukamolardan: «Muxlis (ixlosli odam, riyokorning ziddi) kim?» deb so‘ralganida: «Muxlis - yomonliklarni yashirgani singari, yaxshiliklarini ham yashirgan kishi», deya javob berishgan.

Ayrim zotlardan: «Ixlosning g‘oyasi-mag‘zi nima?» deb so‘rashganida, «Odamlar maqtashini yomon ko‘rishing», deya javob berishgan.

Alloh taoloning:

«... (Chunki u Kunda) ularga Alloh tomonidan ular o‘ylab ham ko‘rmagan narsalar - azoblar ko‘rindi» (Zumar surasi, 47), oyati haqida shunday deyilgan: «Ular dunyoda ayrim amallarni qilib, ularni yaxshi ish, deb o‘ylab yurishardi. Qiyomat kunida esa, bu amallarning yomon ekani ma'lum bo‘lib qoldi». Ayrim salafi solihlar bu oyatni o‘qigan vaqtlarida: «Riyokorlarga vayl bo‘lsin», der edilar.

Riyokorlar qiyomat kunida to‘rtta nom bilan chaqiriladi: «Ey riyokor, xiyonatkor, ey fojir, ey ziyonkor, bor, kim uchun amal qilgan bo‘lsang, o‘shandan ajr-mukofotingni olaver. Bizning huzurimizda sen uchun ajr yo‘q».

Hasan (rahmatullohi alayh) aytganlarki: «Riyokor o‘zi haqidagi Allohning taqdiridan g‘olib bo‘lishni xohlaydi. U o‘zini «solih» deb atashlarini istaydi. Uni qanday qilib solih desinlar, holbuki, u Parvardigori tomonidan tuban o‘ringa tushib qolgan bo‘lsa. Mo‘minlarning qalblari uni tanib, ajratib olishlari shart».

Qatoda roziyallohu anhu shunday deydilar: «Agar banda riyo qilsa, Alloh: «Bandam Meni qanday masxara qilayotganini qaranglar», deydi.

Rivoyat qilinishicha, Umar roziyallohu anhu bo‘ynini egib olgan kishini ko‘rdilar va unga: «Ey bo‘yin egasi, bo‘yningni ko‘tar. Xushu' bo‘yinlarda emas, qalblarda bo‘ladi», dedilar.

Abu Umoma Bohiliy roziyallohu anhu masjidda sajda qilgan holida yig‘lab duo qilayotgan kishining oldiga keldi-da: «Sen yaxshisan (ya'ni, bu ishing yaxshi), faqat bu ishni uyingda qilganingda edi», dedilar.

Muhammad ibn Muborak Suvariy aytadilar: «Xushxulqingni tunda izhor qil, bu ish kunduzi izhor qilganingdan yaxshiroqdir. Chunki kunduzgi xushxulqliliging maxluqlar uchun, kechqurungi intilish olamlar Parvardigori uchundir».

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu riyokorning uchta alomati bo‘lishini bayon qilganlar: «Yolg‘iz o‘zi bo‘lsa, dangasalik qiladi, odamlar davrasida serg‘ayrat bo‘ladi, odamlar maqtagan ishni ko‘paytirib, qoralagan ishni kamaytiradi».

Fuzayl ibn Iyoz aytganlar: «Odamlar sababli bir ishni tark etish - riyo, odamlar sababli bir ishni qilish - shirkdir. Alloh seni shu ikkisidan omon saqlashi esa ixlosdir».

Alloh taolodan bizni amallarimiz, so‘zlarimiz va barcha holatlarimizda ixlosli etmog‘ini so‘raymiz.

ODAMLAR MAQTASHI UCHUN QILDINGIZMI..?
13 Декабрь, 2021 йил | 739