Savol: “Bandaning moli sadaqa qilish bilan kamaymaydi”, deyishadi. Iltimos, shuni tushuntirib bersangiz.
Javob: Sadaqa qilish bilan mol ko‘payadi va unga baraka kiradi. Hadisda, zakotini vaqtida berish va muhtojlarga sadaqa qilish bilan molning ko‘payishi, qo‘rg‘onlanishi aytilgan. Qurʼoni karimda: “Alloh sudxo‘rlikni (foydasini) yo‘q qiladi va sadaqa (beruvchilarga boylik)larni ko‘paytiradi...”, deb marhamat qilingan (Baqara, 276).
Abu Kabsha Amr ibn Saʼd Anmoriy (roziyallohu anhu) aytadi: «Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlarini eshitdim: “Uch narsaga qasam ichaman: bandaning moli sadaqa qilish bilan kamaymaydi; kishiga biror zulm qilinganida sabr etsa, Alloh taolo uning izzat-sharafini oshiradi; inson tilanchilik eshigini ochsa, Alloh taolo unga kambag‘allik eshigini ochadi...”» (Imom Termiziy rivoyati).
Inson aslo sadaqa qilsam, molim kamayadi, degan xayolga bormasligi kerak. Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Har kuni tongda insonlar uyqudan uyg‘onganida yer yuziga ikki farishta tushadi. Ulardan biri: “Yo Alloh, nafaqa, sadaqa qilgan inson molining o‘rnini to‘ldir”, desa, ikkinchisi: “Yo Alloh, ziqna odamning moliga talafot yetkaz”, deb duo qiladi” (muttafaqun alayh), deb xabar berganlar.
Odatda hadisning qasam bilan boshlanishi aytiladigan narsaning muhimligini bildiradi. “Bandaning moli sadaqa qilish bilan kamaymaydi”, deyish bilan insonlarni saxovatli bo‘lishga qiziqtirish ham bor. Chunki qo‘limizdagi ozgina narsani berib bo‘lsa ham bir muhtojning ko‘nglini shod qilsak, katta savobga erishamiz. Demak, imkoni bor odam muhtojlarga yordam berishi kerak. Bu ishi tufayli uning moliga baraka kiradi.
“So‘ragan edingiz” kitobidan olindi.