Alloh azza va jalla O‘z kalomi Qurʼoni karimda shunday marhamat qiladi:
“Ey, iymon keltirganlar! Allohdan qo‘rqinglar! Har kim ertalik kun (qiyomat) uchun nima qilganiga nazar solsin. Allohga taqvo qilinglar! Albatta, Alloh nima qilayotganingizdan xabardordir” (Hashr surasi, 18-oyat).
Butun vujudi, barcha aʼzolari bilan Allohdan qo‘rqqan kishilar mo‘minlardir. Bu borada Imom Abu Lays Samarqandiy shunday deydi: “Allohdan qo‘rqishning alomati yetti narsada namoyon bo‘ladi”:
1. Tilda: Allohdan qo‘rqqan odam tilini yolg‘ondan, g‘iybatdan, boshqalarga bo‘hton qilishdan va bekorchi so‘zlar aytishdan tiyadi. Uni Allohni zikr etuvchi, Qurʼon o‘quvchi va ilmiy muzokaralar bilan mashg‘ul aʼzo holida shay tutadi.
2. Qalbda: Allohdan qo‘rqqan odam qalbida musulmon qardoshlariga dushmanlik his qilmaydi. Yolg‘on, bo‘hton va hasad qilish kabi g‘ayriinsoniy tuyg‘ularni qalbidan yo‘q qiladi. Chunki hasad kishining go‘zal amallarini mahv etadi. Shunga ko‘ra, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyuradi: “Olov o‘tinini yeb bitirgani kabi, hasad ham insonning go‘zal amallarini yeb bitiradi”. Ey o‘quvchi, bilki hasad qalblarga joylashgan va jamiyat hayotida katta zararlarga yo‘l ochuvchi yomon bir kasallikdir. Qalblardagi xastaliklar, yaʼni yomon tuyg‘ular, yomon feʼllar faqat ilm va amal bilan davolanishi mumkin.
3. Ko‘zda: Allohdan qo‘rqqan odam yeyishda ham, ichishda ham, kiyishda ham va boshqa xususlarda ham ko‘zini haromdan ehtiyot qiladi. Dunyoga hirs bilan va har narsani ko‘lga kiritish ishtiyog‘i bilan emas, ibrat nazari bilan qaraydi. Halol bo‘lmagan narsalarga qarashdan tiyiladi. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyurdilar: “Kim ko‘zini harom narsalar bilan to‘ldirsa, Alloh ham qiyomat kuni uning ko‘zini olov bilan to‘ldiradi”.
4. Meʼdada: Allohdan qo‘rqqan odam meʼdasiga harom luqma bermaydi. Chunki harom luqma yeyish eng katta gunohlardan biridir. Shu bois Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyuradilar: “Inson zotining meʼdasiga bir luqma harom tushganda bu luqma meʼdasida qancha vaqt tursa, yeru ko‘kdagi farishtalar ham shuncha vaqt unga laʼnat o‘qiydilar”.
5. Qo‘lda: Allohdan qo‘rqqan odam qo‘lini haromga uzatmaydi, aksincha Allohning rizosiga uyg‘un narsalarga uzatadi. Kaʼbdan quyidagi rivoyat naql qilingan: Alloh yashil zumraddan bir bino yaratgan. Bu binoda yetmish ming doira va har doirada ming xona bor. Bu yerga faqatgina o‘ziga harom narsa inʼom etilganda yolg‘iz Allohdan qo‘rqqani uchun uni rad etgan kishilar
6. Oyoqda: Allohdan qo‘rqqan odam isyon yo‘lida emas, Allohga itoat yo‘lida odimlaydi. Ilm-maʼrifat va yaxshi axloq o‘rganish maqsadida olimlar va solih kishilar majlisiga boradi.
7. Itoatda: Allohdan qo‘rqqan odam yolg‘iz Alloh rizosi uchun unga itoat etadi. Riyodan, insonlarga o‘zini va yo ishlarini ko‘z-ko‘z qilishdan va ikkiyuzlamachilikdan saqlanadi.
Abu Homid G‘azzoliyning
“Mukoshafatul qulub” kitobidan