Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat etiladi: Bir kishi payg‘ambar alayhissalom huzuriga kelib so‘radi:
- Ey Allohning elchisi! Qaysi sadaqaning ajri ulug‘?
- O‘zing sog‘lom, moling ketishiga qizg‘anib - kambag‘allikdan qo‘rqib, boy bo‘lishni umid qilib turganingda qilgan sadaqang ulug‘dir, - dedilar Rosululloh alayhissalom. - Vaqtni cho‘zmaginki, jon halqumga kelganda "falonchiga buncha, pistonchiga muncha" deb qolasan, holbuki mol o‘zi falonchiniki bo‘lib bo‘ldi.
(Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyati)
*
Kim eng afzal ehson, eng ulug‘ sadaqa qilmoqchi bo‘lsa, hali kuchdan qolmay, o‘lim sharpasi kelmasdan qilib olsin. Kambag‘al bo‘lib qolarmikanman deb xavfsirab turgan paytida qilsin.
Zotan, Alloh uchun molini sarf etganlarni Alloh taoloning o‘zi qo‘riydi, o‘zinigina emas, farzandlarini ham. Zero, solihlarning solihligi aksar hollarda zurriyotlariga ham taʼsir qiladi. Shuningdek, yomonlarning yomonligi ham zurriyotlariga kasri urmay qolmaydi.