Yurtimizda dafn etilgan sahoba maqbarasi taʼmirlanmoqda

           2018 yil 16 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5416-sonli Farmoniga asosan “VAqf” xayriya jamoat fondi tashkil etilganda, fondning asosiy vazifalaridan biri sifatida, “Tarixiy-meʼmoriy ahamiyatga ega ziyoratgohlarni saqlash, taʼmirlash, obodonlashtirish, ularni infratuzilmasini yana-da rivojlantirish” etib belgilangan edi.

         Mazkur vazifani amalga oshirish maqsadida, o‘tgan vaqt mobaynida yurtimizdagi 189 ta fondga biriktirilgan ziyoratgohlarning ehtiyoj mavjudlarida taʼmirlash, restavratsiya qilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Jumladan, ayni kunlarda Samarqand shahridagi “Shohi Zinda” ziyoratgohida ham amalga oshirilmoqda.

 “VAqf” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyat filiali tasarrufidagi “Shohi Zinda” majmuasi nafaqat yurtimizda, balki butun Islom olamida mashhur va ulug‘ mavqega ega tabarruk maskanlardan biri hisoblanadi. Zero, majmuaning ahamiyatli jihatlaridan biri, bu joyda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakivachchalari Qusam ibn Abbos roziyallohu anhu dafn etilganligidir.

Qusam roziyallohu anhuning otasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakilari Abbos, onasi Maymuna onamiz roziyallohu anhoning singillari Luboba binti Horis al-Hilaliyya bo‘lib, bu Qusam ibn Abbosning payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan ham ota, ham ona tomonidan qarindosh bo‘lganligini ko‘rsatadi. Manbalarda aytilishicha, hazrati Xadicha roziyallohu anhodan keyin, islomni qabul qilgan birinchi ayol hazrati Qusamning onalaridir.

XIV asrga oid ushbu tarixiy meʼmoriy obida hozirgi paytda, “VAqf” xayriya jamoat fondining Samarqand viloyat filiali tomonidan asrab avaylab kelinmoqda. Biroq, o‘tgan yillarda yuzaga kelgan turli xil yog‘ingarchilik va tabiiy ofatlar natijasida, majmua tarkibidagi ayrim tarixiy obyektlarga zarar yetib, taʼmirtalab holatga kelib qolgan edi.

         Yurtimizda ichki va tashqi turizmni rivojlantirish, mahalliy hamda xorijiy ziyoratchilarga munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida “VAqf” fondining Samarqand viloyat filiali tomonidan, “Shohi Zinda” majmuasidagi taʼmirtalab obyektlarni restavratsiya qilish va saqlab qolish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

2021 yil  19 iyulda Madaniy meros departamenti Ilmiy ekspert kengashi majlisining 20-son bayoni qaroriga muvofiq, majmuani joriy taʼmirlash bo‘yicha tayyorlangan loyiha taklifi maʼqullandi.

Hozirgi paytda umumiy qiymati 1 083 981 755 (bir milliard sakson uch million to‘qqiz yuz sakson bir ming yetti yuz ellik besh) so‘mlik loyiha-smeta hujjatlari “VAQF” xayriya jamoat fondi boshqaruvi tomonidan tasdiqlanib, fond tomonidan moliyalashtirilgan holda taʼmirlash-restavratsiya ishlari amalga oshirilmoqda.

Mazkur ishlar mamlakatimizning ziyorat turizmi salohiyatini yana-da oshirish, ajdodlardan qolgan bebaho tarixiy obidalarni, sayyohlarga va kelajak avlodga yetkazishda juda muhim hisoblanadi.

Vaqf xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati

 

 Yurtimizda dafn etilgan sahoba maqbarasi taʼmirlanmoqda
10 Февраль, 2022 йил | 495