MOLINGIZNI G‘AMLAB QO‘YMANG!

Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Bilol roziyallohu anhuning yoniga kirdilar. Va Hazrati Bilol bir idishga xurmo yig‘ib qo‘yganini ko‘rdilar. Shunda: «Ey Bilol bu nima?» deb so‘radilar. «Mehmonlarizngizga g‘amlab qo‘ydim» dedilar Bilol roziyallohu anhu. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:«Ey Bilol! Bu yiqqan molingda do‘zax olovidan tutun bo‘lishini xohlaysanmi. Bularning barchasini nafaqa qilib yubor» dedilar. (Imom Bazzor va Tabaroniy rivoyati)

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hatto ertangi kun nafaqasini ham g‘amlab qo‘yishni yoqtirmas edilar. Nafaqa qilish uchun bo‘lsa ham molini g‘amlab qo‘yish Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sifatlaridan emas edi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tavakkulning eng yuqori nuqtasida edilar. Biror bir kishi bu borada ul zotga teng kelolmagan. Sahobalar orasida bu borada Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga o‘xshaganlari bor edi. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu shunday zotlardan edilar.

Umar ibn Hattob roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizga sadaqa qilishni amr qildilar. O‘sha paytda mening molim ko‘proq edi. Men dedimki: «Bugun endi bu musobaqada Abu Bakrdan o‘zib ketaman» dedim. Molimni yarmini olib keldim. Rasululloh solallohu alayhi va sallam: «Ahlingga nima qoldirding» deb so‘radilar. Shunda men: «Molimning yarmini qoldirdim» deb javob berdim. Shunda Abu Bakr Siddiq ham mollarini olib keldilar. Rasululloh sollalohu alayhi va sallam: «Ahlingizga nima qoldirdingiz» deb Abu Bakr Siddiqdan so‘radilar. Shunda Abu Bakr Siddiq: «Ahlimga Alloh va uning Rasulini qoldirdim» dedilar. Shunda men: «Ey Abu Bakr! Hech bir ishda sizdan o‘tib ketolmas ekanimda» dedim. (Abu Dovud va TERMIZIY rivoyati)

Lekin bu holat faqatgina Payg‘ambar alayhissalomga xos xususiyat bo‘lgan. Yaʼni ummat butun boyligini nafaqa qilishdan qaytariladi. Birinchi o‘rinda ahlini taʼminotini qilib qo‘yishga buyuriladi. Bunga misol qilib Tabuk g‘azotidan qolib ketgan Kaʼb ibni Molik roziyallohu anhuni olamiz. Tavbasi qabul bo‘lgan oyat nozil bo‘lganda Kaʼb ibni Molik shu qadar sevindilarki, hatto butun mollarini nafaqa qilmoqchi bo‘ldilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Molingni baʼzisini olib qol. Bu o‘zing uchun yaxshiroqdir» dedilar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati)

Mol to‘plash va uni sarf qilish ham yuksak farosatni talab qiladi. To‘plangan moldan qilingan har qanday sadaqa kishiga yaxshilik va saodat olib keladi. Ammo molini to‘plab na o‘zi va na boshqalarga ravo ko‘rmaslik, jaholatning belgisidir.

Sayyid Rahmatulloh TERMIZIY
Toshkent shahar bosh imom-xatibi

MOLINGIZNI G‘AMLAB QO‘YMANG!
17 Март, 2022 йил | 615