Bilgilki, tavba uch bosqichdan iborat. Birinchi bosqich - ilm, ikkinchi bosqich - hol va uchinchisi - fe’l. Bu bosqichlarning har biri o‘zidan keyingi bosqich uchun zaruratdir. Chunki Allohning mulk va malakutga joriy etgan qonunidagi uzluksizlik shuni taqozo qiladi.
Ilm — gunohlar tufayli sodir bo‘lib, banda bilan uning suyukli narsalari orasini to‘sadigan ulkan zararni aiglash. Bu ulkan zararni to‘la anglagan kishi qalbiga g‘olib bo‘ladi. Bu anglash suyukli narsasini boy bergan qalbda alam-og‘riq paydo qiladi. Qalbda yo‘qotish hissi ortgani sayin alamning shiddati ham kuchayadi. Mahbubini o‘zining bir yomon fe’li sabab boy bergani uchun qalb afsus chekadi. Qalbning bu og‘rig‘i — nadomat deyiladi. Og‘riq ichkarini butunlay egallab olganidan so‘ng qalbda iroda esa qasd deb atalgan o‘zgacha bir holat namoyoya bo‘ladi (qasd - gunohni tark etishni maqsad qilish, shu maqsad tomon qadam tashlash).
Tavbaning bugun, kelajak, o‘tmishg‘a bog‘liq jihatlari bor: mahbubdan to‘suvchi gunohlarni bugun tark qilyapsan; mahbubdan ayiruvchi gunohga kelgusida minba’d qaytmaslikka azm etding; shu azm o‘tmishdagi xatoning o‘nglanishiga umid uyg‘otadi. Bu yaxshiliklarning avvali ilmdir. Ilm deyilganda iymon va yaqin (shak-shubhasiz, aniq va haqiqiy bilish) nazarda tutilyapti. Gunohlarning do‘zaxdan tinimsiz esib turadigan, badanlarni ilma-teshik qilib yuboradigan samum shamoli yanglig‘ halokatli ekanini tasdiqlash iymondir. Bu tasdiqni ta’kidlab, shubhalardan butkul xalos bo‘lish va tasdiqning qalbni to‘la egallashi esa yaqindir.
Imom G’azzoliyning "Ihyou ulumid-din" (Tavba kitobi)dan.