Bobur Mirzo – ilm va ma’rifat homiysi

 

XVI asrning yetuk namoyondalaridan biri, ilm-fan va madaniyat homiysi, olimlar do‘sti, maʼrifat va sanʼat shaydosi, ulug‘ bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur hazratlarining tarix zarvaraqlarida o‘chmas izi bor.

Bobur bobomizning tashvishli hayoti va serqirra faoliyati siyosiy jihatdan inqirozga yuz tutayotgan Temuriylar davlatining so‘nggi damlariga to‘g‘ri keldi. Mazkur davr azob-uqubatlarini boshdan kechirish Bobur Mirzo zimmasiga tushdi. Tarix maydonida kechgan turli ziddiyatlardan so‘ng Bobur, Kobul sari yo‘l oldi. Vatan sog‘inchi va qaytish istagi uni bir umr qalbini o‘rtasada, hozirgi Afg‘oniston, Pokiston va Hindistonning tarixiy hududlarida buyuk saltanat barpo etdi. Dunyo ahli xotirasida bu davlat Boburiylar sulolasi saltanati nomi bilan joy oldi.

Bobur qayerga qadam qo‘ymasin o‘sha joyda xayrli va bunyodkorlik ishlarini amalga oshirdi. Hindistonda ham, xuddi Afg‘onistonda bo‘lganidek, ko‘plab ijtimoiy-xayrli ishlarni amalga oshirdi, mamlakat taraqqiyotiga jiddiy taʼsir ko‘rsatdi. Tarqoqlik va parokandalikka, o‘zaro ichki nizo, qirg‘inlarga barham berib, viloyatlarni birlashtirdi, markazlashgan davlatni mustahkamlash va yurtni obodonlashtirishga, ilmu hunar va dehqonchilikni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratdi. Nochor, muhtoj aholiga alohida eʼtibor qaratdi. Bunyodkorlik ishlariga boshchilik qildi.

Mirzo Bobur ijodkorlar, olimlar va tolibi ilmlarning homiysi bo‘lish bilan birga, o‘zi ham ijod qilib, qalam tebratardi.

Boburning o‘z guvohligiga ko‘ra, shoir sifatida ijodiy faoliyati Samarqandni ikkinchi marta egallagan vaqtda boshlangan. «Ul fursatlarda biror-ikkirar bayt aytur edim», deb yozadi o‘zi asarlaridan birida. Bobur Samarqanddaligining ilk oylarida Alisher Navoiy tashabbusi bilan ular o‘rtasida yozishma boshlanadi. Bobur atrofida ijodkorlar to‘plana boshlashi ham shu yillarga to‘g‘ri keladi. Jumladan, Binoiy, Abulbaraka va Bobur o‘rtasidagi ruboiy mushoirasi Samarqanddagi qizg‘in adabiy hayotdan darak beradi. Umuman, davlat arbobi va ko‘p vaqti jangu jadallarda o‘tgan sarkarda sifatida ijtimoiy faoliyatining eng qizg‘in davrida ham, shaxsiy hayoti va davlati nihoyatda murakkab va xatarli sharoitda qolgan chog‘larida ham Bobur ijodiy ishga vaqt topa bilgan, ilm, sanʼat va ijod ahlini o‘z atrofiga to‘plab, homiylik qilgan, ularni rag‘batlantirgan.

Adabiyot va tarix, musiqa va sanʼatdan yaxshi xabardor bo‘lgan, diniy taʼlimotga chin ixlos qo‘ygan Bobur har doim olimu fozillar davrasida bo‘ldi, xususan ijod ahliga, kasbu hunar sohiblariga samimiy ehtirom ko‘rgazib homiylik qildi, ularni moddiy va maʼnaviy rag‘batlantirib turdi. Ijod va sanʼat ahliga bunday mehrli munosabat aslo bejiz bo‘lmagan. Bobur tabiatan ijodkor edi. Yigitlik yillaridan boshlab to umrining oxirigacha samarali ijodiy ish bilan shug‘ullandi, har qanday sharoit va vaziyatlarda ham ijoddan to‘xtamadi, natijada, har jihatdan muhim boy ilmiy va adabiy meros qoldirdi.

Bobur Allohning kalomi bo‘lgan Qurʼoni karim izmiga chin musulmon sifatida qatʼiy amal qilib, har qadamida buyuk murabbiy Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning sunnatlarini o‘ziga dasturulamal bilgan shariatpanoh shoh bo‘lgan.

 Bobur qalamiga mansub “Xatti Boburiy”, shuningdek, musiqa sanʼati va ilmi harbga bag‘ishlangan qator risolalari ham bo‘lgan. “Xatti Boburiy”da muallif arab alifbosini tahrir qilib, yozuvni soddalashtirish va osonlashtirish maqsadida uni turkiy til va talaffuz mezonlariga moslashtirgan.

 O‘zi tuzgan saltanatni boshqarish, yurtni obod etish, har sohada taraqqiyot sari odimlash uchun Bobur hazratlari doimo ulamolar va ilm ahli bilan maslakdosh, hamfikrlik bilan ish tutgan.

 Alloh taolo Zahiriddin Muhammad Bobur bobomizdan rozi bo‘lsin, ul zotni jannatda, Alisher Navoiy hazratlari bilan birga jam qilsin!

 

 

 

Bobur Mirzo – ilm va ma’rifat homiysi
14 Февраль, 2023 йил | 1211