Zakot oluvchining vazifalari

Zakotni oluvchi Qur’onda zikr qilingan sakkiz toifadan biri bo‘lishi lozim. Uning zimmasida bir necha vazifa bor:

1. Alloh taolo uni g‘amga solgan narsani bartaraf qilish uchun zakotni unga berishni buyurganini fahmlasin va barcha g‘amini yig‘ib, bitta g‘amga – Alloh taoloning roziligini topishga aylantirsin.

2. Beruvchiga tashakkur aytib, uning haqqiga duo qilsin. Lekin bu duosi sababning shukri miqdorida bo‘lsin.

Abu Sa’iddan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Odamlarga tashakkur qilmagan kimsa Allohga shukr qilmas”, dedilar».

Ahmad va Termiziy rivoyat qilgan. Termiziy: “Bu hadis hasan, sahih”, degan.

Berilgan narsa oz bo‘lsa, uni oz sanamaslik shukrning tugal bo‘lishidandir. Berilgan narsani yomonlamaslik, aybini berkitish kerak. Bularning hammasi ne’matni Alloh taolodan deb bilishga zid emas. Vositani vosita deb bilmaslik johillikdir. Vositani asl deb bilish esa munkirlikdir.

3. O‘ziga berilgan narsaga e’tibor bersin, halol bo‘lmagan narsani mutlaqo olmasin, chunki bir kishi birovning molidan zakot chiqarsa, bu narsa zakot bo‘lmaydi. Agar shubhali narsa bo‘lsa, o‘zini olib qochsin. Ilojsiz qolgandagina hojatiga yarashasini olsin.

4. O‘ziga muboh bo‘lgan miqdorda olsin, hojatidan ko‘pini olmasin. Agar qarzdor bo‘lsa, qarzidan ortig‘ini olmasin.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

(Mo‘minning najoti kitobidan)

1 Iyun