Najot taʼlimda: yana bir oʻquv markazi bilan memorandum imzolandi

“Vaqf” xayriya jamoat fondining taʼlim dasturi loyihasi asosida  poytaxtimizda faoliyat koʻrsatayotgan yana bir oʻquv markazi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Asosan IT yoʻnalishiga ixtisoslashgan, tashkil topganidan buyon minglab yoshlarga dasturlash, grafik-dizayn, marketing kabi zamonaviy kasblarni puxta oʻrgatib kelayotgan “Najot taʻlim”oʻquv markazi bilan yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik fondning yana bir yutugʻi boʻldi, deyish mumkin.

Taʼkidlash kerakki, IT yoʻnalishida mamlakatimizda eng yetakchi oʻquv markazlaridan biri hisoblangan mazkur bilim maskanini shu vaqtgacha 6000 nafardan oshiq yoshlar bitirib chiqqan boʻlsa, ularning 85-95 foizi oʻz mutaxassisliklari boʻyicha ishga joylashgan. Ayni paytda oʻquv markazida SMM, JavaScript, Python kabi zamonaviy mutaxassisliklar boʻyicha ham taʼlim berib kelinmoqda.

– Zamon tezlashib, hayotimizga ilgʻor texnologiyalar kirib kelgani sari IT mutaxassislarga boʻlgan talab ham oshib bormoqda, – deydi oʻquv markazi direktori Temurbek Adhamov. – Tan olish kerak, bugun axborot texnologiyalari kirib bormagan sohani topish amrimahol. Bu sohasiz muvaffaqiyatga erishishni esa tasavvur ham qilib boʻlmaydi. Bugun “Vaqf” xayriya jamoat fondi bilan xayrli ishga bosh qoʻshdik. Shu hamkorligimiz mevasi sifatida oʻnlab, yuzlab ehtiyojmand oilalarning farzandlari zamonaviy kasblarni egallasa, ishli boʻlsa, oilasini boqish imkoniyatiga ega boʻlsa, biz maqsadimizga erishgan boʻlamiz.

Ayni paytda oʻquv markazida koʻmakka muhtoj oilalarning bir-necha farzandlari bepul taʼlim olishga kirishdi. Kelgusida ularning soni yanada oshadi.

Qadrli yurtdoshim! Farzandlarimizni ilmli va maʼrifatli qilishdek bu savobli ishga Siz ham oʻz hissangizni qoʻshing.

Najot taʼlimda: yana bir oʻquv markazi bilan memorandum imzolandi
26 Yanvar, 2024 yil | 162