Oʻzbekiston musulomonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari Isoxon Abdullayev Qatar davlatining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Hasan bin Hamza Hoshim bilan uchrashdi. Qatarning Oʻzbekistondagi elchixonasida boʻlib oʻtgan uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida I. Abdullayev samimiy qabul uchun elchiga oʻz minnatdorligini bildirib, soʻnggi yillarda islom diniga eʼtiqod qiluvchi ikki davlat oʻrtasidagi aloqalar tobora rivojlanib borayotganini qayd etdi. Madaniy-maʼrifiy, diniy sohadagi aloqalar ham yildan-yilga mustahkamlanib borayotganini taʼkidlab, “Vaqf” fondning tashkil topishi, maqsad va vazifalari haqida maʼlumot berib oʻtdi.
Oʻz navbatida elchi janoblari hamkorlikning yangi bosqichga chiqishida ikki davlat oʻrtasidagi viza rejimining yengillashtirilishi muhim omil boʻlayotganini alohida qayd etdi. “Vaqf” fondi tomonidan amalga oshirilayotgan xayrli ishlardan ham ozmi-koʻpmi xabardor ekanligini taʼkidlab, aholining koʻplab qatlamiga yengillik va qulaylik olib kelayotgan loyihalarda ishtirok etishdan xursand va manfaatdor ekanligini bildirdi.
Doʻstona va samimiy ruhda oʻtgan uchrashuv davomida elchi janoblari “Vaqf” xayriya jamoat fondining bir qancha istiqbolli loyihalarida ishtirok etish istagini bildirdi. Xususan, elchixona kam taʼminlangan, imkoniyati cheklangan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash, ularni kasb-hunarga oʻrgatuvchi oʻquv markazlarini tashkil etish, zaruriy jihozlar (eshitish moslamalari, nogironlik aravachalari, hassa va qoʻltiqtayoqlar, protez ortopediya-mahsulotlari) bilan taʼminlash, Ramazon oyida xayriya aksiyalarini tashkil etish, qadimiy qoʻlyozma va adabiyotlarni qayta tiklash va ularni raqamlashtirish, suv taqchil hududlarda suv chiqarish boʻyicha hamkorlik qilib, fondga har jihatdan koʻmak berishga tayyorligini aytib oʻtdi.
Uchrashuv soʻnggida elchiga esdalik sovgʻalari topshirildi.
Uchrashuvda shuningdek, Qatar davlatining favqulodda va muxtor elchisi oʻrinbosari Xolid ibn Ali al Malik Jihaniy va fondning xalqaro aloqalarni rivojlantirish boʻyicha mutaxassisi Mirjalol Qosimov ishtirok etdi.