Yaqinda “Vaqf” xayriya jamoat fondi vakillari xayriya karvoni bilan Jizzax viloyatiga borganida viloyatning chekka hududida 4 nafar farzandi bilan nochor ahvolda yashaydigan bir ayolning holidan xabar olishdi. Qish fasli boʻlsada yangi qurilgan uyining tomini yopolmay, moddiy jihatdan ancha qiynalgan ayolga koʻmak sifatida oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar qatori maʼlum summadagi pul ehson qilindi. Ayol ularni olishni ham, olmaslikni ham bilmay juda hijolat boʻldi. Pulni esa “bu juda koʻpku”, deya ming istiholada qabul qildi.
Aslida toʻrt farzandi bilan beva qolgan bu ayol moddiy va maʼnaviy koʻmakka juda muhtoj edi. Uning oilaviy holati oʻrganilgan, haqiqatan ham ehtiyojmand ekanligi tekshirilgan edi. Shunday boʻlsada, u hech qaysi idoraga “menga yordam beringlar”, deya bosh suqmadi, tilanmadi. Ha, hammiyati bor, or-nomusli inson nochor ahvolda qolsada, birovga yalinmaydi. Toʻrt muchasi sogʻ boʻlsa, halol mehnat qilib, bir amallab boʻlsada roʻzgʻorini tebratadi.
Afsuski, soʻnggi paytda turli idoralarga, fondlarga biror narsa umidida zir-zir qatnaydigan, boqimandalikni oʻziga kasb qilib olganlar toifasi koʻpayib ketdi. Bugun bir idoraga, ertaga yana boshqasiga, soʻnggi kuni yana bir muassasaga biror narsa yoki pul umidida bosh suqadi. Aslida bundaylarning moddiy ahvolini tekshirsangiz, hech ham zoriqmagan, oʻziga toʻq oila boʻlib chiqishi mumkin.
Yaqinda “Vaqf” vakillarining Fargʻona viloyatiga safari davomida mahalla raislarining koʻrsatmasi bilan ehtiyojmand, qiynalib qolgan, deb aytilgan ikki oilaga maishiy texnika ehson qilinadigan boʻldi. Shunda fond xodimlari har ehtimolga qarshi oʻsha moddiy yordamga muhtoj, deb koʻrsatilgan oilani oʻrganganida butunlay kutilmagan holat koʻzga tashlandi. Yashashi harob, juda ehtiyojmand, deb koʻrsatilgan oilalarning uy-joyi binoyidek, nochorlikdan asar ham yoʻqligi maʼlum boʻldi. Hovlilarning birida qoʻsh avtomobil, yana birida kechagina avtosalondan chiqqan yangi mashina turganiga guvoh boʻlishdi. Turgan gapki, ular haqiqatan ham yordamga muhtoj oilalar roʻyxatidan chiqarildi. Ertasiga ular uyalmasdan, or qilmasdan yana “Vaqf”ga murojaat qilib, vaʼda qilingan narsalarni berishini talab qilishdi.
Kecha “Vaqf” xayriya jamoat fondi xayriya karvonining Surxondaryo viloyatiga yetib borib, koʻplab ehtiyojmand oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari, qishki kiyimlar, koʻmir, kitoblar tarqatish fonida ijtimoiy tarmoqlarga joylangan bir video juda koʻp bahs-munozaralarga sabab boʻldi. Qandaydir bino oldida fonddan moddiy yordam olish umidida turgan oʻnlab turli yoshdagi xotin-qizlardan qaysidir bloger intervyu olib, ularning hasratga toʻla gap-soʻzlarini jamoatchilikka eʼlon qildi. Bozordagi gap-soʻzlarni eshitib, ijtimoiy tarmoqlardagi eʼlonlarni oʻqib, viloyatning qaysidir tumanlaridan kelgan ayollar juda nochor ahvoldaligini taʼkidlab, fond xodimlari hech narsa berishmayotganini taʼkidlashdi. Uzoq joydan kelganiga yarasha quruq qaytarmay, eng boʻlmasa “bir kilo kartoshka bersin”, deb nolishdi.
Olloh bilguvchi, balki ularning orasida ham haqiqatan ham moddiy yordamga muhtojlari bordir. Lekin bir kilo kartoshka talab qilayotgan oʻsha ayol viloyat markaziga kelguncha qancha mablagʻ sarf qilgan ekan? Ust-boshi but, toʻrt muchasi sogʻ boʻla turib, biror narsa bersin, deyishga vijdoni qanday yoʻl qoʻydi ekan? Falon joyda yoki doʻkonda yegulik yoki kiyim tekin tarqatilyapti, desa or-nomusni tuproqqa koʻmib, oʻzidan beva-bechorani yasab oladigan olomon nega koʻpayib bormoqda?
Nazarimda, yalqovlik, dangasalik, “Bersang yeyman, ursang oʻlaman!”, qabilida boqimanda qatlamning koʻpayishiga fuqarolarimizda or-nomus, gʻurur tuygʻusining yoʻqolib borayotgani sabab boʻlmoqda. Sayyor qabullar, xalq qabulxonalari, davlat idorayu muassasalariga har doimgi “navbatchi” murojaatchilar qadam ranjida qilishmoqda. Afsuski, shunday murojaatlar payti “Bizga yordam puli bermaysizmi? Biror joyda ishlamaymiz”, deya qoʻl qovushtirib turgan toʻrt muchasi sogʻ, savlatidan ot hurkadigan erkaklarga ham, “ishsizman, ahvolim ogʻir” deya sayyor qabuldan tikuv mashinasi, boshqasidan pul undirib yurgan ayollarga ham duch keldik.
Bir jihatni taʼkidlashni istardik. Har doim hududlardagi mahalla raislari, masjidlar xodimlari yordamga muhtoj, deya shakllantirilgan oilalar roʻyxatini fond xodimlariga taqdim qilishganida vaziyat shu holida qoldirilmaydi. 10-15 kun oldin ushbu roʻyxat fond xodimlari tomonidan chuqur oʻrganiladi. Ular oʻsha oilalar yashaydigan xonadonga borib, yashash sharoiti bilan tanishadi. Oila boshliqlari, farzandlarining qiziqishi soʻrab-surishtiriladi, moddiy ahvoli tekshiriladi. Haqiqatan ham yordamga muhtoj deb topilganidan keyingina ularga ehson ajratiladi.
Boqimandalik jamiyat rivojiga toʻsqinlik qiluvchi ayanchli illatdir. Unga mubtalo boʻlganlarda hayot qiyinchiliklarini yenga olish immuniteti yoʻqoladi. Or-nomussiz, hammiyatsiz bu toifadagi kishilar kimlargadir yalinib-yolvorishdan, ularga qaram boʻlishdan ham uyalishmaydi. Maʼlum miqdordagi pul yoki oziq-ovqat, qandaydir narsa undirmagunicha urush-janjal qilishdan, nomusini yoʻqotishdan ham toʻxtamaydi. Shunday boʻlib qolishdan hammamizni Ollohning oʻzi asrasin.